2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Tarmoq ilmiy-texnik kengashi
Muhandislik sohasiga qaratilayotgan e’tibor mamlakat taraqqiyotiga daxldor masala sanaladi
  • 26.03.2025
  • 19

Prezident tashabbuslari – amalda

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarurligini ta’kidlagan edi. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz degan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

Yig‘ilishda barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochishi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yishi, birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochilishi, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “eng yaxshi g‘oya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovlari o‘tkazilishi, shuningdek, g‘oya, loyiha va ixtiro muallifi bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuborilishi kabi ko‘plab vazifalar belgilangan edi.

2024-2025-o‘quv yilida muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ko‘rik tanlovlarini tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari, umuman, ayni sohaga qaratilgan e’tiborning yurt taraqqiyotidagi o‘rni xususida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy ШАРИПОВнинг fikrlariga qiziqdik. 

– Innovatsiya va muhandislik tafakkuri – zamonaviy taraqqiyotning asosiy omilidir. O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotgan «Kelajak muhandisi» tanlovi yangi g‘oyalarni rivojlantirish va muhandislik sohasida amaliy takliflarni hayotga joriy etishga yo‘naltirilgan. Bu loyiha iqtidorli muhandislarni kashf etish va mamlakatning ilmiy-texnologik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, – deya fikr bildiradi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.

– 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab «Eng yaxshi g‘oya», «Eng yaxshi loyiha» va «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyalari bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovlari tashkil etiladi. Unda mexanik muhandislik, elektr muhandisligi, kompyuter muhandisligi, qurilish va kimyo muhandisligi sohalaridagi innovatsion g‘oyalar saralab olinadi. Tanlovning «Eng yaxshi g‘oya» nominatsiyasi orqali ilmiy-ijodiy yondashuvlar rivojlanib, yangi konsepsiyalar shakllanadi. «Eng yaxshi loyiha» amaliyotga joriy etilishi mumkin bo‘lgan texnologik yechimlarni ilgari sursa, «Eng yaxshi ixtiro» yangi texnologiya va qurilmalarni sanoatga joriy qilish imkonini yaratadi.

Shunday qilib, bu tanlov yosh muhandislarning salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning ilmiy-amaliy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va sohaga yangi nafas olib kirish maqsadida tashkil etilgan. Unda 40 yoshgacha bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar uchun juda katta imkoniyat yaratilmoqda. G‘oliblar elektromobillar, xalqaro stajirovkalar va yirik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng muhimi, bu tanlov yoshlarimizni muhandislik sohasiga jalb qilish, ularning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘mak berish va mamlakatimizda sanoat hamda texnologiyalarning jadal rivojlanishiga hissa qo‘shishga xizmat qiladi. 

Muhandislik haqida so‘z yuritar ekanmiz, mamlakatimizda tashkil etilayotgan ilg‘or muhandislik maktablari va texnoparklar haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Bu muassasalar yoshlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni berish barobarida, ularning ijodiy va innovatsion tafakkurini rivojlantirishga xizmat qiladi. 2024-yilda 8 ta oliygohda Ilg‘or muhandislar maktabi ochilgan bo‘lsa, joriy yilda sanoat ekologiyasi, arxitektura-qurilish, energetika muhandisligi, raqamli sanoat va avtomobilsozlik kabi sohalarda yana 14 ta muhandislik maktabi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xorijiy universitetlar filiallarida mashinasozlik, sun’iy intellekt, metallurgiya va konchilik sohalarida 3 ta yangi muhandislik maktabi faoliyat boshlaydi.

Bu maktablarda talabalar sun’iy intellekt, robototexnika, nanotexnologiyalar, sanoat avtomatlashtirish va boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ular innovatsion yondashuvlardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, ekologik texnologiyalarni rivojlantirish va transport tizimlarini avtomatlashtirish kabi sohalarda amaliy tajribaga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, bu ta’lim muassasalari talabalarga tadqiqot o‘tkazish, startaplar yaratish va yangi texnologiyalarni ishlab chiqish imkoniyatlarini taqdim etadi. Bunday yondashuvlar milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratadi.

Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/

FacebookInstagramYouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati