AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov maʼlumot berdi.
O‘lkamizda qish faslining oxirgi oyiga xos bo‘lgan iqlim-havosi hukm surmoqda. Mart oyining ilk kunlaridanoq, anʼanaga ko‘ra, yurtimiz sarhadlariga iliq ob-havo kirib kelishi bilan, mamlakatimiz dehqonlari-yu bog‘bonlari dala va bog‘larni yangi mavsumga tayyorlashni boshlab yuborishadi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermerlar ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni boshlashga hozirlik ko‘radi. Ekin maydonlari va bog‘lar o‘tgan yilgi xas-xashak, o‘t-o‘lan qoldiqlaridan tozalanadi.
Shu munosabat bilan magistral elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yurtimiz dehqon va fermerlariga murojaat qiladi:
! Aziz fuqarolar, hurmatli isteʼmolchilar! Yurtimiz fermerlari, bog‘bonlar va dehqonlari! Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga tutash ekin maydonlarida mavsumiy agrotadbirlarni tashkil etishda eʼtiborli bo‘ling! Magistral elektr tarmoqlari muhofaza zonasi va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yaqinida chiqindilarni to‘plash hamda olov yoqish taqiqlanadi!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-son «Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining barqaror ishlashi uchun, muhofaza zonalarida ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish taqiqlangan.
Manba: https://lex.uz/docs/4133978?otherlang=1
Birinchidan, elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash (otish), shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish taqiqlanadi. Yaʼni temir-beton va metall konstruksiyali tayanch ustunlariga chiqish, tayanch ustunlarining tarkibiy elementlariga shikast yetkazish, ularning metall bo‘laklarini yechib olish, mustahkamligiga putur yetkazish, shuningdek, tayanch ustunlari ostini yumshatish mumkin emas.
Ikkinchidan, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish taqiqlanadi. Yaʼni navbatchi brigada va qurilish-montaj guruhi xodimlari, ularning avtotransport vositalari hamda taʼmirlash-sozlash mexanizmlari harakatiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday jism va predmetlarni “muhofaza zonasi” maydoniga joylashtirish mumkin emas.
Uchinchidan, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish taqiqlanadi. Yaʼni elektr uzatish liniyalari muhofaza zonasi hamda podstansiyalar yaqinida qishloq xo‘jaligi ekinlari qoldig‘ini to‘plash va yoqish mumkin emas.
Shu bilan birga, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi maydonida ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish; muqim va ko‘chma savdo rastalarini tashkil etish, chiqindixona tashkil etish, yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash, ularni saqlash va quyishni amalga oshirish taqiqlanadi!
! Aziz yurtdoshlar! Eslatib o‘tamiz, muhofaza zonalarida taqiqlangan ishlar, jumladan yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun amaldagi qonunchilikka binoan javobgarlik mavjud.
❗Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi!
Eʼtibor bering, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-son qarori, 3-bob, 13-bandiga muvofiq Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari — ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Manba: https://lex.uz/docs/4133978
Qarorning 14-bandida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining muhofaza zonalari masofasi — elektr uzatish liniyalarining kuchlanish miqdoriga mos tarzda belgilab berilgan va ular quyidagicha:
► 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 15 metr;
► 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 20 metr;
► 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 25 metr;
► 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun — 30 metr.
Eslatib o‘tamiz, elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab — chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab, elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi masofaga ega parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi — elektr uzatish liniyalarining “muhofaza zonasi” deb ataladi.
Maʼlumot o‘rnida: 2024 yilda elektr uzatish tarmoqlari “muhofaza zonasi”ga oid normativ-huquqiy hujjatlar talabiga zid bo‘lgan 1000 ga yaqin holat yuzasidan Ogohlantirish xati berilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1050-son qarori talablarini bajarish yuzasidan tegishli amaliyotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, ota-onalar va o‘qituvchi-murabbiylarga eslatma: Muhofaza zonalarida yaqinida varrak uchirish hayot uchun xavfli va bu elektr taʼminoti barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
MAVZUGA TAALLUQLI 5 TA SAVOLGA 5 TA JAVOB:
1-SAVOL: Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari muhofaza zonalaridagi yer maydonlarida dehqonchilik qilish mumkinmi?
JAVOB: Elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetkazmagan holda, tayanch ustunlari osti suv bilan yuvilishiga (yumshatilishiga) yo‘l qo‘ymasdan, tayanch tanasi va tarkibiy qismlariga taʼsir ko‘rsatmay faoliyat yuritilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda tayanch ustuni tanasi yoki fundamentidan tashqi tomonga kamida 1,5 metr masofadagi yer maydoni tayanchning doimiy foydalanishga ajratilgan yer maydoni hisoblanib, bu maydonda yerga (tuproqqa) ishlov berish taqiqlanadi. Shuningdek, texnika va boshqa moslamalar bilan ishlaganda elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashish xavfini yoddan chiqarmaslik lozim.
2-SAVOL: Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari atrofidagi yer maydonlarida bog‘dorchilik ishlarini olib borish mumkinmi?
JAVOB: Amaldagi qoidalarga asosan elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasida daraxt va butalarni ekish hamda kesish ushbu tarmoqlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Bunda ekin turiga qarab elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashishi chegaralari belgilab beriladi. Daraxt shoxlarining elektr toki o‘tkazuvchi qismlarga yaqinlashishi havo orqali qisqa tutashuvga olib kelishi xavfini tug‘dirishi mumkin.
3-SAVOL: Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar yaqiniga uylar (chayla, ombor, hovuz, shiypon binosi va boshqa qurilma hamda inshootlar) qurish mumkinmi?
JAVOB: Mumkin emas!
- texnik qoidalar, normalar va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yaratilgan (qurilgan) elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday obyektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish, shuningdek, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga kirish yo‘llarini barpo qilmay turib, bunday kirishlarga xalaqit beruvchi har qanday ishni amalga oshirish va inshootlar barpo etish;
- bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo‘ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turarjoylarni joylashtirish, o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan va ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida);
- axlatxonalarni joylashtirish;
- zarba beruvchi mexanizmlar bilan ishlarni amalga oshirish, massasi 5 tonnadan ortiq og‘irliklarni tashlash, yemiruvchi-korroziyalovchi moddalarni va yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va qo‘yish (elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi!
4-SAVOL: Hokim qarorlari bilan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostida yashash uchun uy-joy ajratilib, bino va inshootlar qurilgan bo‘lsa, ularni buzish uchun kompensatsiya qanday to‘lanadi?
JAVOB: Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostida uy-joy qurish noqonuniy hisoblanadi va tegishli tartibda buziladi. Agarda qurilgan uy-joylar oldidan loyiha asosida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari o‘tkazish kerak bo‘lgan zaruriyat tug‘ilsa, bunday paytlarda buziladigan uylar uchun o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya to‘lanadi.
5-SAVOL: Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari ostidagi yer maydonlaridan qanday holatlarda foydalanish mumkin va bunga kim tomondan ruxsat beriladi?
JAVOB: Qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishga mo‘ljallangan yerlarda elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash ishlarini olib borishga (avariyani tiklash ishlaridan tashqari), qoidaga ko‘ra, ushbu yerlar qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan band bo‘lmagan paytda ruxsat beriladi.
Manba: https://telegra.ph/uzbekistonmetuz-05-10-2
Hurmatli isteʼmolchilar, batafsil maʼlumotlar bilan Siz «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-sayt sahifalari orqali tanishishingiz mumkin.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati