Bugungi kunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi elektr uzatish havo tarmoqlarining umumiy uzunligi 12 250 kilometr bo‘lib, shundan 2713 kilometrini 500 kVli tarmoqlar, 8401 kilometrini esa 220 kVli tarmoqlar tashkil etadi. Bundan tashqari, 110 kV kuchlanishli tarmoqlarning uzunligi 1136 kilometr bo‘lib, respublikamizda elektr tarmoq tizimini hosil qiluvchi magistral elektr tarmoqlariga ulangan podstansiyalar soni 91 tani tashkil etadi. Magistral elektr tarmoqlarini qurish jarayoni har doim elektr energiyasi isteʼmol hajmiga mutanosib ravishda oshirib borilgan va istiqboldagi loyihalar rejalashtirilgan.
Masalan, 2016-yilda mamlakatimiz isteʼmolchilarining sutkalik maksimal hajmi 160–170 mln kVt•soat (yillik 61 mlrd kVt•soat) bo‘lgan bo‘lsa, shu kecha-kunduzdagi sutkalik isteʼmol hajmi 260–270 mln kVt•soatni (yillik 85 mlrd kVt•soat) tashkil etmoqda. Yaʼni 8-yil davomida sutkalik isteʼmol hajmi o‘rtacha 100 mln kVt•soatga oshdi. Respublikamizda aholi soni oshib, turmush farovonligi yuksaldi, elektr quvvatida ishlaydigan uskuna va jihozlar soni hamda ulardan foydalanish ko‘lami karrasiga o‘sdi. Shu bilan birga, yangi sanoat korxonalari, o‘rta va kichik biznes vakillari soni ko‘payib, elektr energiyasi isteʼmol hajmi sezilarli darajada oshib bordi.
Misol uchun, 2016-yilda mavjud 9581 km magistral tarmoqlari orqali 160–170 mln kVt•soat sutkalik elektr energiyasi hajmi transportirovka qilingan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 260–270 mln kVt•soat sutkalik isteʼmol hajmi 12250 km uzunlikka ega liniyalar orqali uzatilgan. 2035-yil prognoziga ko‘ra, sutkalik maksimal isteʼmol 440–450 mln kVt•soatgacha yetsa, yana 10-yil davomida 7000 km magistral elektr tarmoqlari qurish zarur bo‘ladi.
Bugungi kunda uchta xorijiy konsultant-kompaniya mutaxassislarining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilgacha mamlakatimizdagi elektr energiyasining sutkalik maksimal isteʼmoli 370–380 mln kVt•soatgacha (yillik 117 mlrd kVt•soat) oshishi kutilmoqda. 2035-yilga qadar respublika elektr energiyasining sutkalik maksimal isteʼmoli 440–450 mln kVt•soatgacha (yillik 137 mlrd kVt•soat) oshishi prognoz qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, respublikamizda magistral elektr tarmoqlarini qurish jarayoni har doim elektr energiyasi isteʼmol hajmiga mutanosib ravishda loyihalashtirib borilgan va istiqboldagi loyihalar doirasida 2035-yilgacha yana 7000 kilometrli uzunlikka ega magistral tarmoqlarni qurish rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida: 7000 kilometrli uzunlikka ega magistral tarmoqlarni qurish — ishlab chiqarish quvvatlari joylashuvi va hududlarning isteʼmol talabiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan rivojlantirish loyihalari dastlabki hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lib, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda barcha xarid tartib-taomillari xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq xalqaro tenderlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati