Bugun AOKAda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatining elektr tarmoqlaridan foydalanish bosh boshqarmasi muhandisi Mahfuza Suvonova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ filiallari tomonidan 12 ming 500 kilometr uzunlikdagi 110-220-500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va 30 000 megavolt-amper quvvatga ega 90 ta podstansiya ekspluatatsiya qilinmoqda.
Tadbirda mamlakatimiz iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston MET” AJning barcha filiallari tomonidan 24 soatlik ish rejimida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Unga ko‘ra, 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlash va iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar 1 noyabrga qadar to‘liq yakunlangan.
Jumladan, 309 ta transformator, 1741 ta elektr qurilma va 6400 kilometrdan ortiq 110-500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlandi. Shuningdek, 12 ming kilometrdan ortiq magistral elektr tarmog‘i texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Investitsiya dasturi doirasida 2024-yilda 6 ta podstansiyada 1367 megavolt-amper qo‘shimcha quvvat yaratildi. Shuningdek, 750,7 kilometr uzunlikdagi 220-500 kilovoltli elektr uzatish havo tarmoqlari qurildi. Tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda tayanchlar uchun yo‘laklar barpo etildi, daryo o‘zanlari va tog‘ yon bag‘irlaridagi tayanchlarni sel-toshqinlar ta’siridan himoya qilish choralari ko‘rildi.
Elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalardagi qurilmalarning kontakt birikmalari doimiy ravishda teplovizor qurilmalari yordamida tekshirilmoqda. 20 dan ortiq qizish holatlari aniqlanib, o‘z vaqtida bartaraf etildi.
–Yuqori kuchlanishli tarmoqlarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun dron texnologiyasi joriy qilindi. 2024-yil dekabr oyida Toshkent shahri va viloyatini ta’minlovchi 100 kilometrdan ortiq havo tarmoqlari va 340 dan ortiq tayanch dron yordamida tekshirildi, 160 ta nuqsonli izolyator yangilangan. Shuningdek, 180 tonna transformator moyi, 1000 kilogramm texnik plastina, 27 ta metall tayanch, 39 ta temir-beton tayanch, 9180 ta izolyator, 20 ta transformator va 10 kilometr kabel mahsulotlari zaxirasi yaratildi. Avariya holatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida 629 nafar xodimdan iborat 65 ta navbatchi brigada tashkil etildi. Ular 139 ta maxsus avtotransport, zarur ehtiyot qismlar va himoya vositalari bilan ta’minlangan, – dedi M.Suvonova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA
Manba: https://uza.uz/oz/posts/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati