Yangiliklar
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Isaqulov Dadajon Aynaqulovichning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati
  • 23.12.2024
  • 36

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillarga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, Davlat dasturlari misolida ham ko‘rish mumkin. Davlat rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, Aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standart talablaridan kelib chiqqan holda, tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, xalqaro standart talablari bo‘yicha Jamiyat tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Shu bilan birga, Aksiyadorlik jamiyati tizimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga barham berishga qaratilgan vazifalar hamda yo‘nalishlar belgilab olinib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, shuningdek, ularni kamaytirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Aksiyadorlik jamiyati tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish uning oldini olishga doir targ‘ibot tadbirlari, tashkilot va uning filiallarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha o‘quv seminarlari, treninglar, brifinglar hamda davra suhbatlari tashkil etib borilmoqda.

Shu o‘rinda, Jamiyat va uning filiallarida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga shuni alohida taʼkidlagan bo‘lar edimki, korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyiliga tayangan holda korrupsiya bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etmang, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmang, pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeingizdan noqonuniy foydalanmang.

Sizlar, mehnat faoliyatingizdagi yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli va mustaqil xulq-atvor namunasi bo‘lishingiz, o‘z mansab majburiyatingizni bajarishingiz doirasida, korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya qilishingiz lozim.

Biz shuni unutmasligimiz kerakki, korrupsiya maʼlum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotining inqiroziga olib keladi, davlatni ich ichidan yemiradi. Hozirda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat tashkiliy-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymanki, jamiyat kushandasi bo‘lgan ushbu illatga qarshi kurashda nafaqat davlat tashkilotlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz masʼuldir.

Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz lozim. Shunday ekan, davlat va jamoat tashkilotlari bu illatni oldlni olishi va unga qarshi kurashda hamjihat bo‘lishi samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda faoliyat yuritayotgan xodimlarining qonunchilikka zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlarga ega bo‘lsangiz,

 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining quyida keltirilgan aloqa kanallari orqali o‘z murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.

Ishonch telefoni: + 998 71 -208-56-41;

Rasmiy veb-sayt: www.uzbekistonmet.uz;

 Elektron pochta manzili: info@uzbekistonmet.uz

 

“KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH” rukni

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/category/55

 

“KELIB TUSHGAN MUROJAATLAR” rukni

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/category/23

 

“XALQ QABULXONASI” rukni

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/27

 

“BIZ BILAN BOG‘LANISH” rukni

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/pages/view/contact_us

 

Yo‘llangan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqiladi hamda tasdiqlangan korrupsion holatlar bo‘yicha keskin qonuniy choralar ko‘riladi.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur!

 

>