BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori Fazliddin Sharafiddinov o‘z fikrlarini bildirdi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari orasida shamol elektr stansiyalari barpo qilishga jiddiy e’tibor berib kelmoqda. COP29 doirasida barcha davlatlar energiya samaradorligini oshirish, yashil energiyani rivojlantirish borasida o‘z takliflari, amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning natijasi xususidagi ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida, balki butun dunyo bo‘ylab yashil energiyaga o‘tish borasida katta tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Xususan, 2021-2022-yillarda 100-200 megavatt quyosh va fotoelektr stansiyalari ishga tushirilgan, yiliga 500 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bugunga kelib, o‘tgan 2023-yilda boshlangan yirik tashabbuslar hisobiga 2700 megavatt yashil generatsiya quvvatlari ishga tushirildi va elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
Joriy yil yakuniga qadar ushbu quvvatlar 4000 megavattga yetishi, mazkur elektr stansiyalar va yangi generatsiya quvvatlari (“yashil” stansiyalar) 5 milliard 740 million kVt soatga yetkazilishi rejalashtirilgan. Natijada gaz tejaladi, atmosferaga 10 million tonna zaharli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Albatta, bu juda yaxshi ko‘rsatkich sanaladi. Mamlakatimizda boshlangan yirik tashabbuslar qo‘shni davlatlar bo‘lgan Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston uchun ham katta turtki berdi.
O‘zbekistonda ishlab turgan 2 ming 700 megavattli generatsiya quvvatlari Tojikistonning salkam 80 foiz generatsiya quvvatlari, Qirg‘izistonning qariyb 60 foiz generatsiya quvvatlariga to‘g‘ri keladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida Qozog‘istonda ham yirik quyosh va shamol loyihalarini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Alohida qayd etish joizki, O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi yurtimizda birinchilardan bo‘lib quyosh va shamol loyihalarini amalga oshirgan. Shuningdek, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistondagi katta quyosh va shamol loyihalarini amalga oshirayotgan xalqaro hamkorlardan hisoblanadi. Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda Xitoy O‘zbekistonning asosiy sheriklaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jahon bozorida narxlarning pasayishi O‘zbekistonga investitsiya kiritish hajmining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Bu esa davlatga, xalqimizga manfaatli bo‘lib, narxlarning tushishi, eng avvalo arzon texnologiyalar kirib kelishi, xizmatlardan arzon foydalanishga xizmat qiladi. Bu orqali umumiy elektr energiya narxlari pasayishiga ham erishish mumkin.
2030-yilga qadar yashil iqtisodiyotning o‘sishi, investitsiya jozibadorligini oshirish va investitsiya dasturini ta’minlashga erishish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2030-yilgacha ishga tushadigan barcha quyosh, shamol va elektr energiyasi sarflashning manzilli ro‘yxati shakllantirilgan, loyihalar tasdiqlangan. Respublikada 3 000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyalarini qurish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi. Natijada O‘zbekistonda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olinadigan energiyani boshqarish, saqlash hamda yagona energetika tizimi barqarorligini ta’minlash imkoni paydo bo‘ladi.
Bu nima beradi?
Mazkur imkoniyatlar yiliga 50 milliard kVt soatdan ortiq elektr energiyasiga erishish imkonini beradi. Agar taqqoslaydigan bo‘lsak, 2015-2016-yillarda butun O‘zbekistonning elektr energiya iste’moli 50 milliard kVt soatga teng bo‘lgan.
2030-yilga kelib, qariyb 40 foizdan ortiq elektr energiyasini quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari orqali olish rejalashtirilgan. Bu tabiiy gaz yoqishga qaramlikning oldini oladi. Iqlim o‘zgarishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, zararli issiqxona gazlarining atmosferaga chiqishi oldi olinadi. Tabiiy resurslar kelajak avlod uchun saqlab qo‘yiladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA
Manba: https://uza.uz/oz/posts/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati