Korrupsiyaga qarshi kurashish
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirildi
  • 19.11.2024
  • 29

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.

I. Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 5 iyunda qabul qilingan  mazkur qarori va “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, uning asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Ushbu komissiyaning ishchi organlari etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi belgilandi.

Komissiyaning yig‘ilish bayoni bilan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirildi.

Mazkur Ro‘yxatdagi davlat organlari va tashkilotlari o‘z tizimida Qonun tatbiq etiladigan tashkilot, muassasa va aksiyadorlik jamiyatlari, shu jumladan, davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladigan yuridik shaxslarning ro‘yxati shakllantirildi.

Maʼlumot uchun: Ro‘yxatga 27 ta respublika darajasidagi davlat organi va tashkiloti, 71 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organi, 10 ta davlat maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman-shahar hokimliklari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 49 ta xo‘jalik jamiyatlari, unitar korxonalari kiritildi.

Agar davlat organlari va tashkilotlari qonunchilikka muvofiq qayta tashkil etilgan, nomi o‘zgargan yoxud yangidan tashkil etilgan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ro‘yxatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borilishi belgilandi.

Qarorga asosan, Agentlik, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Qonunni amalga oshirish bo‘yicha namunaviy idoraviy dastur ishlab chiqildi va Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilinib ijroga qaratildi.

II. Komissiyaga Qonun kuchga kirgunga qadar unda belgilangan

talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni davlat organlari va tashkilotlarida ishchi guruhlarni tuzgan holda o‘rganilishini tashkil etish yuklatildi.

Shunga ko‘ra, Komissiya tomonidan ishchi guruhlar tashkil etilib, ularning vazifalari belgilandi:

Hususan,

– Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruhga – respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida;

– Adliya vaziri o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruhga – mahalliy davlat hokimiyati organlarida;

– Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruhga – respublika darajasidagi boshqa davlat organlari hamda ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslarda Qonun kuchga kirgunga qadar unda belgilangan talablar va mexanizmlarning amaliyotda ishlashi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etilishini taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Ishchi guruhlar tomonidan davlat xizmatchilari uchun o‘rnatilgan cheklovlarga rioya etilishining ahvoli tegishli savolnoma va jadvallar asosida o‘rganilib, quyidagi natijalarga erishildi:

a) Maʼlumki, qonunchilikka ko‘ra vazirlik va idoralar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taʼqiqlangan bo‘lib, Agentlik tomonidan mazkur talablarga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi, o‘rganishlar davomida jami 1488 nafar boshqaruv xodimi 1653 ta tadbirkorlik subyektlarida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlanib, Agentlik tomonidan xodimlarning tadbirkorlik subyektlari taʼsischiligidagi faoliyatini to‘xtatish choralarini ko‘rish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmaslik va kelgusida shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida davlat organlari va tashkilotlariga 33 ta taqdimnoma kiritildi.

b) O‘tgan davr mobaynida Agentlik tomonidan etender.uzex.uz elektron axborot tizimi orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka rioya qilinishi masofaviy o‘rganilib, jami   175,4 mlrd so‘mlik 127 ta davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi, 22 ta holatda 23,9 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida raqobatni cheklovchi usullar orqali g‘oliblikni qo‘lga kiritilganligi aniqlanib, ushbu davlat xaridlarining natijalarini bekor qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi. 

Kiritilgan taqdimnomalar asosida mazkur davlat xaridlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan bayonnomalar va shartnomalar bekor qilindi.

Shuningdek, Hisob palatasining masofaviy tahlillarida mahalliy davlat hokimiyati organlari 155 ta davlat buyurtmachilarining 195,5 mlrd so‘mlik 1400 ta shartnomalar davlat xaridlari sohasida qonunchilik talablariga zid ravishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilganligi maʼlum bo‘ldi.

Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 125 nafar mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborildi.

III. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Agentlik tomonidan davlat idoralari va tashkilotlar xodimlarini manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni baholash uchun test savollari ishlab chiqilib, Adliya vazirligining maxsus test.adliya.uz saytiga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar davlat idoralari va tashkilotlarning 95600 nafardan ortiq xodimi test sinovlarini topshirdi.

Test natijalari bo‘yicha tasdiqlanadigan reja-jadval asosida har oyda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha xodimlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi belgilanib, hozirga qadar Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan 67ta tashkilotning 30760 nafar xodimlari o‘qitildi.

IV. Qonunchilik hujjatlarini Qonun talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlari loyihalari paketi shakllantirilib, tegishli qonun loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

V. Qarorda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibini belgilash nazarda tutilgan. Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi.

VI. Agentlik, Akademiya va Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatida yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga asoslangan uslubiy qo‘llanma, xodimlar uchun manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar va bunday vaziyatlarda ko‘riladigan choralar bo‘yicha illyustrativ tarqatma materiallar tayyorlandi va Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlariga foydalanish uchun yuborildi.

VII. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda “Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining namunaviy shakllarini tasdiqlash haqida”gi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

VIII. Agentlik tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning 50 foizi miqdorida mukofot puli berishni nazarda tutuvchi “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlashda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, hozirda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

 “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini taʼminlash va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga oid qonunchilik talablarini xodimlar va keng jamoatchilikka tushuntirishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>