Yangiliklar
COP-29: BAAning “Masdar” kompaniyasi O‘zbekistonda 1000 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasini quradi
  • 13.11.2024
  • 52

Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan COP-29 anjumani doirasida Oʻzbekiston Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi oʻrtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolandi.

Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasini ishlab chiqarish, 1 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.

Ushbu loyiha Oʻzbekiston uchun nafaqat iqtisodiy foyda, balki atrof-muhit himoyasi uchun ham katta ahamiyatga ega. Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni yiliga 1,4 mln tonnaga kamaytirishga erishiladi.

Ushbu shamol elektr stansiyasi hamkorlikning yangi bosqichi boʻlib, u Oʻzbekistonga energetika xavfsizligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash imkoniyatini beradi.

BAAning “Uch baravar koʻp qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish” tashabbusi bilan birgalikda, biz ham dunyo miqyosida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarga qoʻshilamiz. Oʻzbekiston, oʻz navbatida, Parij shartnomasi maqsadlarini qoʻllab-quvvatlaydi va qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi global hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.

Maʼlumot uchun: “Masdar” kompaniyasi O‘zbekistonning ishonchli va strategik hamkorlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya bilan umumiy quvvati 1497 MVtga teng bo‘lgan loyihalar – Zarafshon shamol elektr stansiyasi (500 MVt) va Karmana (100 MVt), G‘allaorol (220 MVt), Kattaqo‘rg‘on(220 MVt) va Sherobod (457 MVt) tumanlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilgan hamda Olot (250 MVt), G‘uzor (300 MVt) kabi yirik loyihalar doirasida ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu elektr stansiyalar O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya sohasini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.

 

Manba: https://t.me/minenergy_uz/13598

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>