Barqaror energiya odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan. Shu bois, keyingi yillarda butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham energetika tizimini modernizatsiya qilish, taʼminotni yaxshilash hamda sohada tejamkorlikni oshirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun zarur shart-sharoit yaratilib, huquqiy asoslar mustahkamlanyapti. Hamkorlikdagi loyihalarga qo‘l urilmoqda. Binobarin, elektr energiyasiga talab yil sayin emas, kun sayin ortib bormoqda. Mamlakatimiz energetika tizimida 2030-yilga borib umumiy quvvati 25 ming 57 megavatt bo‘lgan 47 ta elektr stansiyasi (shundan 35 tasi quyosh va shamol, 12 tasi issiqlik elektr stansiyasi) ishga tushirilishi rejalashtirilgani ana shunday saʼy-harakatlar namunasidir.
So‘nggi paytlarda aholining energiyaga mavsumiy ehtiyoji keskin oshib borayotir. Bu barcha elektr tarmoqlarini, yaʼni generatsiya jarayonidan tortib elektr energiyasi transportirovkasi hamda taqsimlash jarayonini ham yaxshilashni taqozo etadi. Energetika tizimida samaradorlik taʼminlanmay, barqaror energiya taʼminotiga erishib bo‘lmaydi. Qolaversa, keskin iqlim o‘zgarishi, anomal issiq va sovuq tufayli kuzatilayotgan holatlar energiya taʼminotidagi turli kamchiliklarni yuzaga chiqarmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda yangi qurilgan elektr uzatish tarmoqlari hajmi 1991 — 2016-yillar oralig‘idagiga nisbatan 8,5 barobar ko‘p. Aniqrog‘i, 2017–2023-yillarda respublikamiz bo‘ylab 79 ming 675 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari yangilangan. 1991–2016-yillarda esa bor-yo‘g‘i 9 ming 300 kilometrlik elektr uzatish tarmoqlari modernizatsiya qilingan, xolos.
— So‘nggi 7-8 yilda magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ulkan loyihalar amalga oshirildi, — deydi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi matbuot kotibi Ulug‘bek Urunov. — Misol uchun, 2017-yildan to shu kunga qadar yuqori kuchlanishli podstansiyalarning o‘tkazuvchanlik quvvati 7000 megavolt amperdan ziyodroq ko‘rsatkichga oshirildi. Taqqoslash uchun: 2005 yildan 2017 yilgacha bu ko‘rsatkich 10 barobar kam (700 megavolt amper atrofida) bo‘lgan. Yuqori kuchlanishli podstansiyalar soni esa 2017-yilga qadar 75 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning soni 90 taga yetgan. Oxirgi yillarda qurilayotgan zamonaviy podstansiyalar raqamli texnologiyalar asosida ishlaydigan dastur, qurilma va jihozlar bilan boyitilib, ularga “raqamli podstansiya” maqomi berilmoqda. Bu mamlakatimizda barqaror energetika masalasi doimiy eʼtiborda ekanidan, tizimni yana-da yaxshilash yo‘lida aniq maqsadli loyiha va dasturlar ijrosi izchil taʼminlanayotganidan dalolat beradi.
Bu yaqinda davlatimiz rahbari boshchiligida elektr energetikasi sohasini transformatsiya qilish, hududlardagi elektr tarmoqlari boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida taʼkidlandi. Prezidentimiz oxirgi yillarda elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlari alohida kompaniyalarga ajratilib, investitsiya uchun imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi.
To‘rt tayanch tashkilot — “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatlari xalqaro kredit reytingi olishga erishgani aytilishi barobarida, endigi vazifa transformatsiya orqali raqobatli kompaniyalarga aylanish ekani qayd etildi.
Rivojlanish, hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Yangiliklar bisyor. Bu esa har bir jamoadan zamonga mos ishlashni talab etadi. Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan joriy yil oxirigacha 23 ta investitsiya loyihasi doirasida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 430,9 million dollar o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lsa, shuning 161 million dollari davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘i, 203,4 million dollari boshqa xorijiy investitsiyalar, 62,2 million dollari o‘z mablag‘lari hamda 4,3 million dollari tijorat banklari kreditlaridir. Ushbu mablag‘larning asosiy qismi loyihalarga yo‘naltirilgan. Yil yakuniga qadar 10 ta investitsiya loyihasi ishga tushiriladi. Buning natijasida 595 kilometr uzunlikdagi 220–500 kilovoltli havo elektr uzatish tarmoqlari hamda 1877 megavatt quvvatga ega 4 ta yangi podstansiya ishga tushiriladi, 4 ta podstansiyani modernizatsiya qilish hisobiga esa ularning quvvati 909 megavolt amperga oshiriladi.
Bu boradagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Umumiy qiymati 259,2 million dollarlik loyihalar hisobiga 486,9 kilometr uzunlikdagi 220–500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va 2352 megavolt amper kuchlanishli 4 ta yangi podstansiya quriladi. 2 ta podstansiyaning quvvati 200 megavolt amperga oshiriladi. Bundan tashqari, 2025-yil investitsiya dasturiga umumiy qiymati 387,5 million dollari bo‘lgan 5 ta istiqbolli loyiha ham kiritilgan.
Elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qoplash, aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash samaradorlik hamda transformatsiya jarayoni bilan bevosita bog‘liq. Shu maqsadda joriy yilda asosiy faoliyatga oid bo‘lmagan shuʼba korxonalarini optimallashtirish hisobiga tizim tashkilotlari soni 30 tadan 19 taga qisqardi. Natijada 29,3 milliard so‘mlik xarajat qisqardi. Jamiyat tarkibidan elektr energiyasini markazlashgan holda xarid qilish va sotish funksiyasi yangi tashkil etilgan “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazildi.
Xaridlar jarayoni shaffofligi taʼminlandi. Barcha xaridlar korrupsiyaviy risklarni minimallashtirish va inson omilini qisqartirish maqsadida elektron savdo tizimlari orqali amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xaridlar tizimini raqamlashtirish bo‘yicha maxsus dasturiy taʼminot tizimini ishlab chiqildi.
Toshkent davlat texnika universiteti olimlari bilan hamkorlikda magistral elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasini uzatishdagi texnologik sarfni hisoblash dasturi tayyorlandi. Oliy o‘quv muassasasida ishlab chiqarishda xizmat qilib kelayotgan muhandislar talaba va o‘qituvchilar uchun “mahorat darslari” o‘tib bermoqda. Kelgusi yildan ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyili joriy etiladi.
Keling, bu tamoyillar nimalarni anglatadi, shu masalalarni birma-bir ko‘rib chiqaylik. Ekologiya tamoyili kompaniyaning atrof-muhitga qanchalik qayg‘urishini hamda ekologiyaga yetkazilayotgan zarar miqdorini kamaytirishga qaratilgan harakatlarni belgilaydi. Ijtimoiy siyosat tamoyili esa kompaniya xodimlari, yetkazib beruvchilar, mijozlar va isteʼmolchilarga munosabatni ko‘rsatadi. Mahalliy va xalqaro standartlarga javob berish uchun korxonalar mehnat sharoitini yaxshilash ustida ishlashi, bu borada monitoring yuritish va monitoring natijalariga ko‘ra tahlil qilish, shuningdek, gender muvozanatni kuzatishi yoki ijtimoiy loyihalarga sarmoya kiritishi lozim.
Korporativ boshqaruv tamoyili kompaniya boshqaruvi sifatiga taʼsir qiladi. Hisobotlar shaffofligi, boshqaruvga to‘lanadigan maosh miqdori, boshqaruvdagi sog‘lom muhit, aksiyadorlar bilan munosabatlar, korrupsiyaga qarshi choralar shular jumlasidan.
Shuningdek, xorijiy audit kompaniyalarini jalb qilgan holda korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlarining samaradorligini o‘rganish bo‘yicha xaridlar jarayoni forenzik audit, yaʼni korporativ firibgarlik, xodimlarning noto‘g‘ri xatti-harakati va kompaniyadagi korrupsiyani aniqlashga qaratilgan xizmatlar majmuasi tahliliy o‘rganishlardan o‘tkaziladi. Shu bilan birga, xalqaro konsultantlar ishtirokida 2030 yilgacha raqamlashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Yirik loyihalardan hisoblanadigan dispetcherlik nazorati va maʼlumotlarni yig‘ish bo‘yicha yangi texnik-dasturiy kompleks (SCADA), elektr energiyasini boshqarish tizimi (EMS) hamda resurslarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi (ERP)ni joriy etish bo‘yicha ham ishlar davom ettirilmoqda. Mazkur loyihalar 2025-yil yakuniga qadar to‘liq joriy etilishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Transformatsiyani amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi boshlig‘i Bahrom Mavlonovning qayd etishicha, transformatsiya jarayonlari kam ishchi kuchi va iqtisodiy resurslar bilan yuqori samaradorlikka erishishning muhim omildir.
— Transformatsiya ishlari shu talablardan kelib chiqib, davom ettirilmoqda, — deydi Bahrom Mavlonov. — Bu jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi va qaysi yo‘nalishlar uchun muhim? Tranformatsiya iqtisodiy va inson resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, tizimga raqamli texnologiyalar hamda dasturiy taʼminotlarni joriy qilishni yana-da jadallashtiradi. Boshqaruv va texnologik jarayonlarda inson omilini qisqartirib, adolatli tizimlarni yaratish, korrupsiyaning oldini olish, ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish, elektr energetika tizimi ishonchliligi va xavfsizligini taʼminlash kabi muhim ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Qisqasi, transformatsiya jarayoni iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda muhim bosqich. Shu sababli ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlar jamiyat faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish, xalqaro bozorga chiqish va qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda keng imkoniyat yaratadi.
Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda taqsimlash tarmoqlarini xususiy sheriklik asosida investorlarga berib, ularni modernizatsiya qilishga 4 milliard dolllar investitsiya jalb qilish mumkinligi aytildi. Shu maqsadda 2025-yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi tarmoqlar boshqaruviga xususiy operatorlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.
— Ko‘plab xorijiy mamlakatlarda energiya resurslari taʼminoti, xususan, elektr energiyasi ham bir nechta operatorlarning o‘zaro raqobati doirasidagi takliflar orqali amalga oshiriladi, — deydi Ulug‘bek Urunov. — Bu jarayon mamlakatimiz isteʼmolchilari uchun hozircha notanish tushuncha. Buni mobil aloqa operatorlarining jozibador takliflari va xizmat sifatini oshirish uchun marketingga asoslangan ish uslubiga taqqoslash mumkin. Buning afzalliklari Xitoy, Gruziya tarmoq operatorlash faoliyatida uchraydi. Tarmoqlar boshqaruvi xususiy operatorlarga o‘tkazilganda isteʼmolchilar o‘zi uchun qulay va hamyonbop tarif turlari bo‘yicha energiya resurslari taʼminotchilari bilan shartnoma imzolaydi. Eng muhimi, xizmat sifati yuqori bo‘lishini talab qiladi. Aks holda shartnoma shartlarida belgilangan jarimalar ishga tushadi va xizmat sifatini zarur darajaga yetkazmagan operatorlar raqobat tamoyili asosida boshqa operatorga foydasini boy berishi, yaʼni isteʼmolchi boshqa operatorni tanlab, u bilan shartnoma tuzishi mumkin.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati energetika tizimi tashkilotlari qatorida faoliyati uchun zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘llash, xarajatlarini qisqartirish, daromad va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish, shuningdek, jamiyatning istiqboldagi rivoji uchun sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda transformatsiya qilish uchun barcha sharoitlarni yaratib bormoqda.
Dilshod ULUG‘MURODOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: https://t.me/yuz_official/53789
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati