Yangiliklar
uza.uz — Mavsum betalafot o‘tishi uchun hozirlik ko‘rilmoqda – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (+video)
  • 10.10.2024
  • 52

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Magistral elektr tarmoqlari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarning 2024-2025 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari” yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarini barqaror ishlashga tayyorlash to‘g‘risida 22-banddan iborat chora-tadbirlar belgilab olinib, oldingi mavsumda sodir bo‘lgan avariyaviy o‘chishlardan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan xulosa chiqargan holda elektr uzatish tarmoqlari to‘liq ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi. Barcha podstansiya va elektr uzatish tarmoqlariga mas’ul xodimlar biriktirilgan.   

Shuningdek, mavsumni betalafot o‘tkazish borasida quvvati 736 megavolt•amper bo‘lgan 10 ta transformator, 34 ta o‘chirgich, 4 ta kompressor qurilmasi, 941,4 km. uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi hamda “O‘zenergoinspeksiya” ko‘rigidan o‘tkazilib, mavsumga tayyorlik dalolatnomalari rasmiylashtirildi. 310 ta transformator, 1677 ta o‘chirgich, 12 ta kompressor qurilmasi va 5490,2 km. uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari joriy ta’mirlandi. Transformatorlarning sovitish tizimidagi 113 ta dvigatel ta’mirlandi va 66 ta yangi dvigatel o‘rnatildi. 220-500 kilovolt kuchlanishli 12 250 km. tarmoq ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 721 ta qushlarga qarshi moslama, 6000 tadan ortiq izolyator o‘rnatildi, chaqmoqqa qarshi trosslar va kontur yerlagichlari tekshirildi. Doimiy ravishda elektr uzatish havo tarmoqlari va podstansiya elektr qurilmalarining kontakt birikmalari teplovizor qurilmalari yordamida ko‘rikdan o‘tkazildi va 200 tadan ortiq aniqlangan qizishlar bartaraf qilinib, favqulodda holatlarning oldi olindi.  

Avariyaviy holat sodir bo‘lganda holatni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida, borish qiyin bo‘lgan tayanchlargacha, jumladan, tog‘li, qir-adirli hududlarda yo‘laklar barpo etildi. Shu bilan birga, daryo o‘zanlarida va tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan tayanchlarning sel-toshqin ta’siriga tushishining oldini olish choralari (qo‘shimcha ariqlar barpo etildi) ko‘rildi.

Bundan tashqari, uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanish joriy etilgan bo‘lib, hozirda 656,7 km. elektr uzatish tarmoqlarida va 2000 tadan ortiq tayanchda ko‘rik ishlari olib borildi.   

Uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanish 110-500 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida olib boriladigan ko‘rik ishlarining samaradorligini oshirish, ya’ni borish qiyin bo‘lgan hududlar, muhofaza zonasidagi yangi qurilishlar, daraxtzorlarni aniqlash hamda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda elektr tarmog‘ining shikastlangan joyini qisqa muddatlarda topishga yordam beradi.   

Gulnoza Boboyeva,

Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>