Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: «Tavsiya: Davlat tashkilotlarining bino va ofislarida ish soatining maʼlum bir soatida “tejamkorlik soati” joriy etilsa...»
  • 24.07.2024
  • 151

Murojaat egasi: Haydarov Umidulla Hasan o‘g‘li, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Elektron pochta: haydarovumidulla@gmail.com

Murojaat mazmuni:  Assalomu alaykum, hurmatli elektr tarmog‘i! Mening energiya tejamkorligi bo‘yicha shaxsiy fikrim, tavsiyalarim bor edi. Respublikamizda mavjud davlat tashkilotlari bino va ofislarida kun davomida, yaʼni kunlik kunduzgi ish jarayonida, ish soatining maʼlum bir soatida, yaʼni (10,20,30..........60 daqiqa) «Tejamkor soatlik» yoki «Tejamkor korxona», «Tejamkor vazirlik», «Tejamkor idora» deb ataladigan shunaqa bir vaqt joriy etilsa. Kun davomida maʼlum bir miqdorda energiya tejaladi, degan fikirdaman. Elektr energiya to‘xtatilgan ushbu vaqtda xodimlar o‘rtasida o‘zaro fikr almashish yoki kutubxona tashkil qilinsa, o‘sha yerda vaqtlarini unumli o‘tkazishsa, hammaga maʼqul bo‘lardi.

Bu, albatta, kunlik ish jarayoniga qanchalik salbiy taʼsir qiladi yoki taʼsiri kamroq bo‘lishini har bir tashkilot yoki idora o‘z ish faoliyatidagi yuklamalar hisobini olib, keyin rejali bir tizim asosida faoliyatiga kiritsa, juda ham maʼqul va Davlatimiz manfaatiga munosib ish bo‘lar edi. Bu taklif, albatta, mehnat qonunchiligiga zid bo‘lmagan holatda amalga oshirilsa, elektr energiyasini maʼlum bir miqdorda tejagan bo‘lamiz. Bu bo‘yicha o‘zimning shaxsiy reja va yana takliflarim ham bor. Rahmat!

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro, Haydarov Umidulla Hasan o‘g‘li! Sizning uzbekistonmet.uz veb-sayti “Murojaatlar” rukni orqali yuborgan so‘rovingiz tegishli tartibda qabul qilindi. Fikringiz hamda tavsiyalaringiz uchun tashakkur, murojaatingiz mazmuni energiya tejamkorligi va samaradorligi yo‘nalishida faoliyat yuritadigan mutaxassislarga yetkazildi.

Axborot xizmatidan murojaat mazmunida keltirilgan takliflarga munosabat: Energiya resurslari ulardan foydalanish uchun yaratilgan. Tejamkorlik — foydalanilmay turgan paytda energiya resurslarini tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ifodalansa, samaradorlikka kamroq energiya resurslari evaziga ko‘proq ish bajarish bilan erishiladi. Energiya tejamkorligi va samaradorligiga erishish uchun ish vaqtida energiya resurslarini maʼlum bir muddatga tarmoqdan uzib qo‘yib tejash, yaʼni mehnat faoliyatini davom ettirmasdan o‘zaro fikr almashish yoki kitob mutolaa qilish bilan vaqt o‘tkazish orqali erishish — mantiqsiz va, o‘zingiz taʼkidlab o‘tganingizdek, mehnat qonunchiligi talablariga zid.

Agar ish joyida mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilsa, buning evaziga ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki ko‘rsatilayotgan xizmat birligi sezilarli darajada oshsa, mehnat unumdorligi ko‘rsatkichi energiya tejamkorligi va samaradorligi ko‘rsatkichlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Negaki, belgilangan vaqt oralig‘ida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari oshgan va bunga sarflangan energiya resurslarining mahsulot (xizmat) birligiga nisbati kamaygan bo‘ladi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>