Ma’lumki iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib turmush darajasi yaxshilangani sari energiyaga talab ham oshib boradi. Ma’lumotlarga ko‘ra so‘nggi 6-yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab kamida 35 % ga oshgan va bu yildan yilga ortib bormoqda.
Mutaxassislarning fikricha milliy iqtisodiyotimizning energiya sarfi darajasi rivojlangan davlatlarnikidan 2 – 2,5 barobar yuqori. Energiya resurslarining katta yo‘qotishlari uy-joy sektorida ham yuz bermoqda. Yevropada 1 kvadrat metr uchun energiya iste’moli yiliga 120 – 150 kilovatt-soatni tashkil qilayotgan bo‘lsa, mamlakatimizda bu ko‘rsatkich 390 kilovatt-soatdan oshayapti.
Jahon tajribasi tasdiqlaydiki, yildan yilga ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan talabni faqat elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga qondirib bo‘lmaydi. Barcha mamlakatlar u yoki bu tarzda uning iste’molini tartibga solish zaruratiga duch kelyapti.
Mamlakatimizda bu borada ko‘rilayotgan choralar, energiya resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan iste’molchilar zimmasidagi mas’uliyatlar nimalardan iborat, iste’molchi qanday qilib energiyadan tejab foydalanishi mumkin?
Ayni shu masalalar yuzasidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Urunov ishtirokida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish usullari bo‘yicha Transport vazirligida brifing o‘tkazildi.
Brifingda vazirlik markaziy apparati xodimlariga ish joyi hamda o‘z xonadonlarida elektr energiyasini qadrlab, tejab o‘z o‘rnida foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Manba: https://www.mintrans.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati