Yangiliklar
Rasmiy munosabat: yuridik iste’molchilar tomonidan taklif etilgan quvvatga asosan elektr energiyasi yetkazib beriladi. Energetika korxonalarining yagona maqsadi – iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasini yetkazib berish
  • 19.07.2024
  • 188

Ijtimoiy tarmoqlarda yuridik iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarda belgilangan limitdan oshgan har bir kVt uchun ikki barobar miqdorda mablag‘ undirilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 319-sonli qarori asosida tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 85-bandiga asosan, hisob-kitob davrida yuridik iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiqcha iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning ikki baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilishi qayd etilgan.

Shu bilan bir qatorda, mazkur qoidalarning 5-bandiga asosan, iste’molchilar hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga iste’mol qiladigan elektr energiyasi hajmi o‘zgarishi to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritish, bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini o‘zgartirish bo‘yicha taklif hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin berilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ta’kidlash joizki, amaldagi bu tartib joriy yilda emas, oldingi meyoriy hujjatlarda ham (Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori 67-bandi) qayd etilgan bo‘lib, yuridik iste’molchilarning doimiy iste’mol quvvatlari shartnoma bandlarida keltirib o‘tilgan.

Ushbu amaldagi tartibni ko‘plab xorijiy davlatlar tajribasida ham kuzatish mumkin. Misol uchun, Xitoy, Turkiya va Rossiya kabi davlatlarda iste’molchilarning shartnomada belgilangan miqdordan oshganda elektr energiyasi keyingi diapazonning yuqori narxlarida to‘lanadi.

Ma’lumki, elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilishi va iste’mol qilinishi bilan tavsiflanadigan alohida tovar hisoblanadi. Ya’ni, iste’molchi tomonidan iste’mol qilishga ruxsat etilgan quvvatning oshirilishi tufayli avariya holati yuzaga kelishi yoki elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlariga zarar yetkazishi holatlarini hisobga olgan holda, yuridik iste’molchilar tomonidan aniq iste’mol quvvatlari bo‘yicha kelishiladi hamda shu asosda elektr energiyasi iste’molchilarga yetkazib beriladi.

Bundan asosiy maqsad – energetika obyektlarining ichki tarmoq elektr energiyasi iste’molining prognozi, ya’ni korxonalarning elektr energiyasi ishlab chiqarish ehtiyojlari, belgilangan tartibda tasdiqlangan obyektlarga uzatish bo‘yicha texnologik sarfi har yili umumlashtiriladi hamda kelgusi yil uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansini shakllantirishda asosiy omil hisoblanadi.

Bugungi kunda elektr energiyasining katta qismi (75-80 foizi) qimmatli xomashyo hisoblanadigan tabiiy gazni yoqish hisobiga ishlab chiqariladi. Bu jarayonda issiqlik elektr stansiyalari ham shartnoma shartlariga asosan tabiiy gazni xarid qiladi va uni yoqib, elektr energiya ishlab chiqaradi.

Shu bois, yil boshida barcha yuridik iste’molchilar tomonidan berilgan takliflarga asosan (tadbirkorlik subyektlarining takliflari ham) elektr energiyasini ishlab chiqarish balansi tasdiqlanadi va shu bo‘yicha gaz qazib chiqaruvchi, yetkazib beruvchi, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro shartnoma imzolanib, ishlar tashkil qilinadi. Bunda tadbirkor avval o‘zi bergan elektr energiyasi talabidagi hajmni oshirganda elektr stansiyasi yana qo‘shimcha yoqilg‘i xarid qilish uchun shartnoma tuzadi va bunda u ham bozor munosabatlarida xarid qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, yuqorida ta’kidlanganidek, elektr energiyasi bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilib, iste’mol qilinishi bilan tavsiflanadi. Agar belgilangan normalardan ortiqcha yoki kam ishlab chiqarilsa, umumiy energetika tizimida muvozanat yo‘qolishi va buning natijasida yirik hajmdagi avariyalarga olib kelishi mumkin. Shu bois, elektr energiyasini ishlab chiarish va yetkazib berishda alohida iste’mol balanslari shakllantirilgan holda ishlar olib boriladi.

Qayd etish lozimki, yuqoridagi tartib-qoidalarning joriy etilganligi muammolarni boshqalarning hisobidan yechish emas. Aksincha, barcha energetika korxonalarining yagona maqsadi – iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasini yetkazib berish hisoblanadi.

 

Manba: https://gov.uz/minenergy/news/view/16670/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>