Yangiliklar
Bugunning gapi: QANCHA GAPIRMAYLIK, AMAL QILMASAK QIYIN
  • 20.06.2024
  • 147

Energiya resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmuyi energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi ta’rifdir. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Prezidentimiz joriy yilning 30-may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ayni masala davlat ahamiyatiga molik muammolardan biri ekanligini qayd etib, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab bergan edi.

Xo‘sh, energiya samaradorligi nima, tejamkorlik deganda nimani tushunamiz?

Energetika tizimida samaradorlik ta’minlanmas ekan, barqaror energiya ta’minotiga erishib bo‘lmaydi. Iqlim sharoitlarining keskin o‘zgarishi, anomal issiq va sovuqlar tufayli kuzatilayotgan holatlar, energiya resurslarini tejashga bee’tibor qarashimiz bizni shunga undamoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “...iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish davlat siyosatining hozirgi bosqichdagi dolzarb yo‘nalishlaridan biri” ekani ta’kidlab o‘tilgan. Shundan kelib chiqib, ishxonalarda, aholi yashash punktlarida va korxonalarda energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha zarur choralar qabul qilinishi belgilab berildi. Bunga o‘sha tashkilot-u muassasalarning birinchi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari shaxsan javobgar ekani ko‘rsatib o‘tildi. 

2020-yil 1-yanvardan boshlab esa yakka tartibdagi uy-joy qurilishidan tashqari barcha binolar va inshootlarni loyihalashtirishda, rekonstruksiya qilish hamda qurish uchun loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini ham taqdim etish majburiyati qo‘yildi. Davlat organlari va tashkilotlari o‘z balansidagi bino-inshootlarda yoritish tizimlari uchun zamonaviy energiya tejamkor mahsulotlar mahsulotlar, uskuna va jihozlardan foydalanishi shartligi qayd etildi. 

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-avgustdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini energetika tekshiruvidan va ekspertizadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida energiyani tejash va samarali foydalanishga bundan ta’rif berilgan:

  • energiyani tejash — energetika resurslaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan huquqiy, tashkiliy, ilmiy, ishlab chiqarish, texnik va iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • energetika resurslaridan samarali foydalanish — texnika va texnologiyalar rivojlanishining mavjud darajasida hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablarga rioya qilgan holda energetika resurslaridan foydalanishning iqtisodiy o‘zini oqlagan samaradorligiga erishish.

 

 

 Dunyo mamlakatlarida qanday?

Ko‘plab mamlakatlarda energiya iste’moli masalalari 1970-yillardan beri davlat siyosati va maxsus dasturlar orqali amalga oshirib kelinadi. Bugungi kunda sanoat sektori dunyoda ishlab chiqariladigan yillik energiya hajmining qariyb 40 foizini iste'mol qiladi va atrofga taxminan shuncha miqdorda karbonat angidrid gazi chiqaradi. Bu yo‘nalishda ISO 50001 xalqaro standarti qabul qilingan bo‘lib, u energiya samaradorligi masalalarini tartibga soladi. Misol uchun, ko‘plab tashkilotlar faoliyati energiya samaradorligi bo‘yicha xalqaro dasturlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ularning eng yirigi Xalqaro energetika agentligi (XEA)ning Energy Efficiency dasturi hisoblanadi. Shu bilan birga, bunday tashkilotlar yevropa Ittifoqida, Buyuk Britaniya, Meksika, Kanada, AQSh, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR), Indoneziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Eron, Xitoy, Yangi Zelandiya, Rossiya, Braziliya, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda ham mavjud.

O‘zbekistonda esa bu yo‘nalishdagi ishlar Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan bajariladi. Jamg‘arma 2020 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashkil etilgan. Hozirda bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning huquqiy maqomi hamda faoliyat vakolatlari birmuncha takomillashtirildi.

O‘zbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi bilan iste'mol hajmi orasidagi kichik tafovut — hukumatlararo kelishuvlarga asosan qo‘shni davlatlardan (Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston /mavsumiy/, Qozog‘iston /oldi-berdi/) import qilinayotgan elektr energiyasi miqdoridir.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmui energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi ta’rifdir. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu o‘rinda iste'mol madaniyati ko‘rsatkichlarini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining muhimligini ham alohida ta’kidlash lozim.

 

Tejashga qanchalik o‘rganyapmiz?

Dunyo xalqlari milliy taraqqiyot bosqichlarida energiya samaradorligiga oid o‘ziga xos urf-odat va tushunchalarga ega. Bunga qaysidir ma’noda tabiiy sharoit, iqlimning ta’siri katta bo‘lgan. O‘zbek xalqidayam aynan shunday. Sovuq ob-havoda isinishning eng samarali usuli sifatidagi ota-bobolarimiz ixtirosi — sandal (tancha), sinchli (yog‘ochli) uylar, uyning asosiy xonalaridagi issiqlik tashqaridagi iqlim bilan tezda almashmasligi uchun qurilgan ayvonlar, binoning tom qismida qor va yomg‘ir to‘planmasligi uchun bunyod etilgan gumbazli binolar yoki yozda shimol tomondan esgan shamolning kichik tuynuk orqali yelvizakli oqimi hisobiga ichki hovli xonalarini sovitish kabi o‘ziga xos me'moriy yechimlarni shular sirasiga kiritish mumkin. Bular endi eski gaplar. Qurilishda bugun bunday jihatlarga e’tibor qaratilyapti, deb ham ayta olmaymiz. Lekin aniq bilamizki, bugun aksariyatimiz o‘zimizni tejamkor iste’molchilar safida ko‘ra olmaymiz. Vaholanki, kundalik hayotimizdagi oddiy harakat va e’tibor tufayli bu borada yaxshi natijaga erishishimiz yoki faollar orasida bo‘lishimiz mumkin.

Aytaylik, foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, ya’ni ofis yoki uydan chiqayotganingizda elektr jihozlarini o‘chirish orqali  tejamkorlik tomon dastlabki qadamni qo‘yish mumkin. Ish joyi va uyni ko‘proq tabiiy (quyosh nuri bilan) yoritishga harakat qilish ortidan ikkinchi qadam qo‘yiladi. Ko‘cha-ko‘yda, mahallada, dam olish maskanlari-yu boshqa jamoat joylarida foydalanilmayotgan elektr jihoz yoki qurilmalarini tarmoqdan uzib qo‘yishni talab qilish esa jamoatchilik nazorati sifatida navbatdagi muhim tashabbusdir. 

Ofislar eshik va romlari qishda issiq, yozda sovuq haroratni saqlash uchun izolyasiya qilingan bo‘lishi, energiya tejamkor maishiy texnika va yoritish uskunalaridan foydalanish esa energiya samaradorligida katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar, avvalo, shaharsozlik loyihalari, bino-inshootlar qurilishini loyihalashtirish, qurilish materiallarini tanlash, sifatli qurish jarayoni, imoratlarni ichki jihozlash kabilarga chambarchas bog‘liq. Oddiy aytganda, noto‘g‘ri qurilgan bino-inshootdan tortib noto‘g‘ri foydalanilgan oddiy maishiy uskuna-jihozlargacha  iqtisodiyotga katta zarar, jamiyat va davlat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladi.

Elektr ta’minotida samaradorlik va iqtisod bo‘yicha mavjud me’yoriy hujjatlarga asoslangan texnik-muhandislik tadbirlari o‘tkaziladi. Misol uchun, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 85 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va 12 ming 226 kilometr magistral elektr tarmog‘ida samaradorlik oshib bormoqda. Bu o‘rinda eskpluatatsiya jarayonlarini to‘g‘ri bajarish juda muhim. Har bir podstansiya yoki ma’muriy binoda o‘z ehtiyoji uchun quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatilmoqda. Bular bir qarashda mayda, ko‘z ilg‘amas ishlardek ko‘rinadi. Lekin energetika, shaharsozlik, uy-joy kommunal tizimiga, yirik sanoat korxonalaridan tortib kichik biznes ob'ektlariga zamonaviy, raqamli dasturlar asosida ishlaydigan uskuna hamda jihozlar kirib kelmas ekan, tejamkorlig-u  samaradorlik yo‘lidagi harakatlarimiz teshik tog‘orada suv tashish bilan barobar bo‘lib qolaveradi.

So‘nggi paytlarda energiyani tejash butun dunyoda ham xalqaro, ham davlat siyosatining asosiy masalalaridan biri bo‘lib qoldi. Biz iste'molchi sifatida o‘z haq-huquqlarimizdan to‘liq foydalanishni istar ekanmiz, tejamkorlik borasida ham vazifa-majburiyatlarimizni ado etishimiz shart.

 

Ulug‘bek URUNOV,  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”

aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari

 

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi, 121-son, 2024-yil 20-iyul

Gazetalar sharhi https://t.me/gazetalar_sharhi

>