Korrupsiyaga qarshi kurashish
ESG darajasini davo qiladigan kompaniya uch toifadagi rivojlanish standartlariga javob berishi kerak: ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv
  • 10.06.2024
  • 168

Iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarida xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida iqtisodiyotda sifat jihatidan yangi, xususan, “Ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv (ESG)” tamoyillariga asoslangan ishlab chiqarish unumdorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalarning ko‘payishini rag‘batlantirish belgilangan.

Dastlab iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun tanlangan bu tamoyil, vaqt o‘tib keng qamrovli ahamiyat kasb eta boshladi. Yaqin kelajakda jahon moliya tashkilotlari ESG tamoyillariga amal qilmaydigan kompaniyalarga investitsiya kiritishni ham butkul to‘xtatishlari mumkin. Bundan tashqari, dunyoning eng yirik banklarining uchdan bir qismi allaqachon kompaniyalarning ESG baholash jarayonini kreditlash tizimiga kiritgan va yana 20 foizi buni rejalashtirmoqda. Endilikda banklar har bir qarz oluvchining barqaror rivojlanish tamoyillariga muvofiqligini tekshiradi. Yaxshi ESG darajasini davo qiladigan kompaniya egalari uch toifadagi rivojlanish standartlariga javob berishi kerak: ekologiya, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv.

Ekologiya tamoyili – kompaniyaning atrof-muhitga qanchalik qayg‘urishini va ekologiyaga yetkazilayotgan zararlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan harakatlarini belgilaydi.

Ijtimoiy siyosat tamoyili – kompaniyaning hodimlarga, yetkazib beruvchilarga, mijozlarga va isteʼmolchilarga munosabatini ko‘rsatadi. Standartlarga javob berish uchun korxonalar mehnat sharoitlarining ustida ishlashi, gender muvozanatni kuzatishi yoki ijtimoiy loyihalarga sarmoya kiritishi kerak.

Korporativ boshqaruv tamoyili – kompaniya boshqaruvi sifatiga taʼsir qiladi: hisobotlarning shaffofligi, boshqaruvga to‘lanadigan maosh miqdori, boshqaruvdagi sog‘lom muhit, aksiyadorlar bilan munosabatlar, korrupsiyaga qarshi choralar va boshqalar.

Shuningdek ESG tamoyillari bilan bir vaqtda Jamiyatimizda “Korporativ ijtimoiy masʼuliyat (CSR)” tamoyilini ham joriy etish ishlari boshlandi. Bu tamoyil ham biznes amaliyotida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, faoliyatida atrof-muhit va insonlarni qadrlovchi tashabbuslarning ilgari surish tashkilot sifatida uning obro‘sini oshiradi. Bir narsa aniq: nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va ekologik nuqtai nazardan ham harakat qiladigan kompaniyalar barcha sohalarda sezilarli darajada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Oddiy qilib aytganda, korporativ ijtimoiy masʼuliyatning taʼrifi kompaniyani xodimlarga, atrof-muhitga, raqobatga, iqtisodiyotga va boshqa muhim sohalarga qanday munosabatda bo‘lishi nuqtai nazaridan maʼnaviy va axloqiy majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Korporativ ijtimoiy masʼuliyat ko‘pincha qonunlar va standartlardan tashqarida bo‘lgan muayyan qoidalarga ixtiyoriy majburiyat sifatida qaraydi. Bunda jamiyat xodimlarga, xamkorlarga va aksiyadorlarga hamda atrof-muhitga nisbatan masʼuliyatli va axloqiy munosabatda bo‘ladi.

Aksiyadorlik jamiyatimiz hozirda ESG va CSR tamoyillarini joriy etish uchun texnik topshiriq shartlarini ishlab chiqish, malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish, yuzaga keladigan qiyinchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda.

 

Bahrom Mavlonov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Transformatsiyani amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>