Yangiliklar
2023-yil SARHISOBI. 2-sonli: Davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilgan
  • 06.01.2024
  • 273

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan 2023-yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot

Yil boshidanoq davlat tiliga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini xodimlar o‘rtasida yana bir bor keng tushuntirish, targ‘ib qilish, tizim filiallarida faoliyat olib borayotgan xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishlari va albatta barcha yozishmalarni davlat tilida olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari o‘rganib chiqildi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi 2023-yil mart oyida “Toshkent tibbiy-sanitariya qismi” MChJda, may oyida “Toshkent shahar MET” hamda “Toshkent MET” filiallarida xizmat safarida bo‘ldi. Safar davomida tizimlarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi holatlari bilan yaqindan tanishdi. Filial rahbarlari va masʼul xodimlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha muloqot olib bordi. Filiallardagi ichki va tashqi yozuvlar, hujjatlar, hisob-kitob, statistika va xizmat xatlari davlat tilida ish yuritish qoidalariga mosligi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ulardagi barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan, peshlavhalar va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi o‘rganildi.

Hozirda aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi mavjud tizimlarda davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Xususan, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lmaganlaridan tashqari barcha xat-hujjatlar to‘laqonli tarzda o‘zbek tilida yozilishi belgilab qo‘yilgan. Aniqrog‘i, Rossiya Federatsiyasi, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlari bilan bog‘liq shartnomaviy munosabatlarning rus va boshqa tillarda olib borilishiga shartli ravishda ruxsat berilgan.

Jamiyatning Birlashgan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, Axborot xizmati rahbari hamda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti sardori bilan hamfikrlikda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya etilishini taʼminlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish tashabbuskorligi namoyish qilinmoqda. Ishchi-xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda davlat tilini keng targ‘ib qilishga qaratilgan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv apparati joylashgan binodagi mavjud barcha tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, eʼlonlar, reklama va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, tashqi reklama materiallarining davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi to‘liq taʼminlandi.

2023-yil oktabr oyida “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi barcha filiallardan asosan hujjatlar bilan ishlaydigan xodimlarni jamlab, onlayn yig‘ilish (masofaviy) tashkil etgan holda faoliyat asnosida duch kelinayotgan takroriy xatolar hamda tushunmovchiliklarga barham berish choralari ishlab chiqildi.

O‘tgan yil mobaynida Jamiyatdagi maʼnaviy-maʼrifiy sohaga va davlat tiliga oid qonun hujjatlari, dasturlar hamda “yo‘l xaritalari”ning ijrosi bevosita mazkur vazifalarga masʼullar bilan o‘rganilib, o‘rnatilgan tartibda ijrosi taʼminlandi. Xususan, xat-hujjatlar tayyorlanayotganda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi, hujjat matnida aniqlik, ixchamlik, lo‘ndalik, mazmuniy to‘liqlik kabi talablarga javob berishi lozimligi, bu talablarga javob bera olmaydigan hujjat ish yuritish jarayoniga xalaqit berishi, uning samaradorligini keskin pasaytirishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratildi. Hujjat matnida shevaga xos so‘zlar, tarixiy so‘zlar, arxaik – eskirib, isteʼmoldan chiqib ketgan so‘zlar, jargonlar, yaʼni tor doiralarda ishlatiladigan “ko‘cha muhiti”ga xos so‘zlar bo‘lmasligi kerakligi, hujjat matni adabiy til qonun-qoidalari asosida tayyorlanishi lozimligi masʼullarga uqtirildi. Odatda, Jamiyat faoliyatiga oid ko‘pgina hisobotlar aksar hollarda rus tilida tayyorlanib kelinganligi aniqlanib, endilikda bu hisobotlar to‘liq o‘zbek tilida tayyorlanishiga erishildi. Shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining barcha ichki meʼyoriy hujjatlari, jumladan, nizom hamda lavozim yo‘riqnomalari butun-boshdan yangilandi va lotin alifbosiga o‘tkazildi.

Jamiyatda yil boshidan buyon buyruqlar, tashkilotlar va idoralararo ichki hamda tashqi yozishmalar, hujjatlar, hisob-kitob, statistika, fuqarolar murojaatlariga javoblar, yig‘ilish bayonlari, yarim yillik, to‘qqiz oylik hisobotlar, har chorakda o‘tkaziladigan Hayʼat yig‘ilishi qarorlari, xizmat xatlari mutlaq o‘zbek tili va lotin alifbosida tayyorlanishiga erishildi. Joylarda o‘tkazilgan malaka oshirish kurslari, o‘quv-seminarlarda ham dasturlar, maʼruza matnlari, slaydlar faqat davlat tilida tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, maslahatchi tomonidan 2023-yilning sentabr oyida Jamiyat tasarrufidagi “Toshkent shahar MET” filialida maqsadli o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Xususan, u yerdagi ko‘rgazmali materiallarning ayrimlari kirill alifbosida, ayrimlari lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida ekanligi ko‘zga tashlandi. Tashkilot mansabdor shaxslarining lavozimlari yozilgan maxsus kartonlarda uchrab turadigan rus tilidagi tanishtiruvlar tanqidiy ko‘rsatib o‘tildi. Tashkilot rahbari masʼulligida zudlik bilan bu kabi kamchiliklar bartaraf etildi va kelgusidagi faoliyatda hammasini bir xilda davlat tili – o‘zbek tilida, lotin yozuvida tayyorlash bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, sohada davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish yuzasidan ham turdosh tashkilotlar vakillari ishtirokida Energetika vazirligida oktabr oyida maxsus yig‘ilish tashkil qilindi.

Jamiyat tizimida davlat tilini rivojlantirishga oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi sohasiga oid xalqaro so‘z va atamalar, termin va nomlarning o‘zbekcha muqobillari yaratilgan Energetika vazirligi doirasidagi ikki tilli terminologik lug‘at, qo‘llanma yoki energetika sohasi atamalarining izohli lug‘atini ishlab chiqish hamda undan vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlari ish faoliyatida – buxgalteriya hisobotlari, buyruqlar ilovalari, qaror, farmon va farmoyish loyihalari hamda boshqa tegishli hujjatlarni tayyorlashda foydalanishlarini yo‘lga qo‘yish borasida harakatlar boshlab yuborilgan. Xususan, bu borada hozirgi kunga qadar mavjud bo‘lgan sohaviy lug‘atlar bir-biri bilan solishtirib chiqilmoqda va bu ishlarni aynan soha vakillarining bevosita ishtirokida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida energetika sohasida ko‘p yillik mehnat tajribasiga ega xodimlardan iborat maxsus komissiya tashkil etilgan.

Boshqaruv raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish jarayonlarida faol ishtirok etib, asosan bu yo‘nalishda ijtimoiy tarmoqlarda davom etayotgan bahs-munozaralarda, shuningdek, markaziy nashrlarda faol qatnashib kelmoqda.

O‘zbek tiliga hukumat darajasida qaratilayotgan eʼtiborning o‘zi til jonkuyarlari uchun katta dalda, zo‘r madad ekanligi xususida, shuningdek, mana shunday nurli va fayziyob kunlarni sog‘inib, orzu qilib o‘tgan buyuk maʼrifatparvar ajdodlarimiz haqqi-hurmati bu boradagi ishlarimizni yana-da kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarining barcha turidan keng foydalangan holda targ‘ibot-tashviqot faoliyatini jonli tarzda olib borish talab qilinadi. Shu maʼnoda maslahatchi “Madaniyat va maʼrifat” telekanalining aksar jonli ko‘rsatuvlarida boshlovchilik qilib, xususan, hazrat Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunlari munosabati bilan tashkil etilgan telemarafonlarda dastur boshlovchilaridan biri sifatida namoyon bo‘lib, aynan adabiyot, maʼnaviyat, maʼrifat va milliy boy tilimiz xususidagi mulohazalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Navro‘z bayrami telemarafonida ham boshlovchi tarzida qatnashib, o‘zligimiz, milliyligimiz, azaliy qadriyatlarimizga oid shaxsiy mushohadalari va fikrlarini efir orqali bayon qildi.

Shuningdek, oktabr oyida “O‘zbekiston” radiokanalining “Millat va maʼnaviyat” eshittirishiga taklif etilib, unda ham bugungi kunda o‘zbek tiliga bo‘layotgan eʼtibor va istiqboldagi vazifalar xususida o‘z mulohazalari bilan ishtirok etdi.

“O‘zbekiston-24” telekanalining “Studiya-24” ko‘rsatuvida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bolajon xalqimiz, qadriyatlarga munosabat hamda til va el ozodligi mavzularidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Energetika vazirligining maxsus internet saytlari hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida “O‘zbekiston MET” AJning Matbuot xizmati xodimlari bilan birgalikda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishdagi keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risidagi tahliliy chiqishlar tashkil etilgan.

Jamiyatning internet tarmog‘idagi uzbekistonmet.uz rasmiy veb-sayti hamda telegram kanallari orqali hazrat Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunlari munosabati bilan, shuningdek, Navro‘z, 8-mart bayramlari, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sanalari arafasida idora yoshlari o‘rtasida kitobxonlik hamda savodxonlik sinovlari tashkil qilinib, ularda yurt ozodligini qadrlash, buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘lish va o‘zbek tiliga hurmat ruhida tarbiya topib, mamlakat nomini dunyoviy sahnalarga olib chiqish singari ruhlantiruvchi daʼvatlar singdirilgan lavhalar berib borilmoqda.

2023-yil 21-oktabr kuni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining katta majlislar zalida bir guruh ijodkor hamda sanʼatkorlar ishtirokidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil qilindi va unda yurt qadri, ozodlik qiymati, qadriyatlarga, xususan ona tilimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi mavzularda munosib mulohazalar tinglandi.

✍️ ️ Orif To‘xtashev, “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>