Yangiliklar
MASHAQQAT VA SHARAF (Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatuvchi taʼmirlash brigadalarining bir kunlik ish faoliyati haqida ayrim mulohazalar)
  • 28.12.2023
  • 232

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufida 84 ta 110, 220 va 500 kV kuchlanishli podstansiyalar, shuningdek, 11698 km dan ziyod magistral elektr tarmoqlari mavjud. Jumladan, 500 kV kuchlanishli tarmoqlar 2390,1 km, 220 kV — 8340,6 km, 110 kV kuchlanishli tarmoqlar 1133,86 kilometrdan ziyod. Podstansiyalarning toʻla oʻtkazuvchanlik quvvati 27983,3 megavolt•amperga teng. Tizimda 4 ming nafarga yaqin ishchi-xodim xizmat qiladi.

500 va 220 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarining bir necha kilometri dengiz sathidan 1,7–2,1 kilometr balandlikda, tik qoyali togʻ tizmasi orqali oʻtadi. Ayniqsa Toshkent viloyati va Namangan viloyati hududida joylashgan “Qamchiq” dovonidan oʻtuvchi elektr tarmoqlarini nazorat koʻrigidan oʻtkazish va zarurat boʻlganda taʼmirlash oʻziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Kamina matbuot kotibi sifatida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida mehnat faoliyati olib borayotganimga qariyb 5 yil boʻldi.

Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlariga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislarning mashaqqatli va sharafli ishlarini koʻp bor bevosita kuzatganman, tasvirga olib, maxsus film va videoroliklar eʼlon qilganman.

Bu ishlar yozning jazirama issiq kunlarida, odamlar soya qidirib, oʻzlarini elektr quvvati hisobiga sovutilgan xonalarga urgan bir paytda soha vakillarining oftob tigʻida ishlab turganini koʻp bor kuzatganman.

Bundan tashqari, maxsus texnika va mexanizmlar yordamida tunda olib borilgan ishlarda, shuningdek, yomgʻirli va qorli sovuq kunlarda taʼmirlash-sozlash hamda qurilish-montaj ishlarida, foto-videotasvirga olish asnosida shaxsan ishtirok etganman. Ammo togʻ tizmasi orqali oʻtuvchi yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻidagi taʼmirlash ishlarida ilk bor ishtirok etishim...

Maʼlumki, bir necha kun oldin Fargʻona vodiysi viloyatlari isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi elektr tarmoqlarining biri hisoblangan 500 kVli, texnik-muhandislik nomi “L-524” boʻlgan elektr uzatish havo tarmogʻida nosozlik yuzaga keldi. Ushbu nosozlik sababi alohida mavzu va bunga biroz keyin toʻxtalamiz. Faqat bir narsani alohida ta’kidlashim kerak, sodir boʻlgan nosozlikda hamkasblarimizning mutlaqo aybi yoʻq. Xullas, men bu ishlar qanday mashaqqat bilan amalga oshirilganligini soʻz bilan taʼriflay olmayman.

Shu oʻrinda birgina oʻz holatimdan misol keltiraman xolos - men taʼmirlash-sozlash joyiga chiqib borguncha tetik edim, fotokamera va planshetning quvvati tugagunga qadar horib boʻldim. Keyingi bir necha soat deyarli hech bir ish qilmay, shunchaki olib borilayotgan ishlarni kuzatib, dodlab yuboradigan darajada toliqqanimni his qildim.

Endi bir oʻylab koʻring, 35-48 metr balandlikda va sovuq shamol qurshovida  oʻz jonini xatarga qoʻygan holda bir necha soat tinim bilmagan mutaxassislar ahvoli qanday boʻlishi mumkin?

Buni his qilish uchun shunchaki videotasvirlarni koʻrishning oʻzi kamlik qiladi, nazarimda. Diqqat bilan videorolikni kuzating va fidoyi insonlar ishiga oʻzingiz baho bering, aziz yurtdoshlar!

500 kV kuchlanishli elektr tarmogʻidagi nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz va sifatli amalga oshirish maqsadida togʻ tizmasida maxsus shtab tashkil qilindi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ energetiklari tomonidan ishlar muvaffaqiyatli yakunlandi.

---------

Eslatma: Videomahsulot soʻngidagi ijtimoiy tarmoq sahifalaridan olingan energoresurslar taʼminotiga taalluqli eʼtiroz va shikoyatlar 2023-yil 21-dekabr kuni soat 14:23 da L-524 elektr tarmogʻida sodir boʻlgan va 22-dekabr soat 13:04 da tiklangan nosozlik bilan bogʻliq emas.

Maʼlumot oʻrnida: Vodiy viloyatlarini elektr taʼminotida muhim ahamiyatga ega L-524 elektr uzatish tarmogʻida sodir boʻlgan nosozlik paytida isteʼmolchilarga 1 ta 500 kV va 2 ta 220 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali kuchlanish berib turilgan.

Yodda tuting, elektr taʼminoti uchun masʼul boʻlgan tashkilot va korxonalar isteʼmolchilar elektr taʼminoti uzilishidan manfaatdor emas. Aksincha, bu energetika tizim tashkilotlari uchun yoʻqotilgan foyda va ekspluatatsiya ish hajmining ortishi hisoblanadi.

 

 

© «INFOgrafika» studiyasi mahsuloti

MASHAQQAT VA SHARAF

Eʼtiboringizga matbuot kotibining ijod sahifasi uchun tayyorlangan videorolikni havola etamiz.

❗️ Eslatma: Videomahsulot so‘nggidagi ijtimoiy tarmoq sahifalaridan olingan energoresurslar taʼminotiga taalluqli eʼtiroz va shikoyatlarning 2023-yil 21-dekabr kuni soat 14:23 da L-524 elektr tarmog‘ida sodir bo‘lgan va 22-dekabr soat 13:04 da tiklangan nosozlik bilan bog‘liq emas.

⇒  Maʼlumot o‘rnida: Vodiy viloyatlarini elektr taʼminotida muhim ahamiyatga ega L-524- elektr uzatish tarmog‘ida sodir bo‘lgan nosozlik paytida isteʼmolchilarga 1 ta 500 kV va 2 ta 220 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali kuchlanish berib turilgan.

‼️ Yodda tuting, elektr taʼminoti uchun masʼul bo‘lgan tashkilot va korxonalar isteʼmolchilar elektr taʼminoti uzilishidan manfaatdor emas. Aksincha, bu energetika tizim tashkilotlari uchun yo‘qotilgan foyda va ekspluatatsiya ish hajmining ortishi hisoblanadi.

✍️  Matbuot kotibining ijod sahifasi

https://t.me/ulugbekijodnamunalari

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>