OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: O‘zbekiston Yevropaga yashil energiya eksport qilmoqchi
  • 15.11.2023
  • 158

Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston texnik shartlarni tayyorlashga va keyinchalik Yevropaga yashil energiya eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona yaratishga kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

“Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika va iqtisodiyot vazirlarining Baku shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Markaziy Osiyo davlatlaridan Ozarbayjon hududi orqali Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha tegishli kelishuvga erishildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirliklar rahbarlari qo‘shma kommyunikeni imzoladilar, unda mamlakatlarning qayta tiklanadigan energetika sohasidagi salohiyati hamda muqobil manbalardan olinadigan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish loyihasiga qo‘shilishga tayyor ekanliklari qayd etildi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalariga e’tibor qaratgan holda energiya almashinuvi, qolaversa, yashil vodorod, yashil ammiakni o‘zlashtirish va eksport qilish hamda tegishli infratuzilmani yaratish bo‘yicha hamkorlik uchun texnik topshiriqlarni ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olgan. 

“Ishlab chiqilgan va tasdiqlangan texnik shartlar asosida dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Ishtirokchilar, shuningdek,  loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma korxona yaratish istiqbollarini o‘rganishga kelishib oldilar”, deyiladi Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi bayonotida. 

Ma’lum qilinishicha, uch mamlakat iqtisodiyot va energetika vazirlari darajasidagi navbatdagi uchrashuv O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadi.

Manba: https://qalampir.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>