Avval xabar berganimizdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Pekin shahrida “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumida ishtirok etmoqda. Unda ko‘plab muhim masalalar qatori energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilyapti.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat energetika boshqarmasi o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolandi.
Mazkur bitim Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 15 sentyabrdagi Qo‘shma bayonotini hisobga olgan holda, mamlakatda energiya xavfsizligini ta’minlash, yashil va kam uglerodli energiya almashinuvi hamda uglerod neytralligiga erishishni rag‘batlantirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi uchrashuvda alohida ta’kidlandi.
Qayd etildiki, ushbu bitimning maqsadi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda Xitoy – O‘zbekiston energetika hamkorligini doimiy ravishda yangi mazmun bilan boyitishdan iborat.
Bitim doirasida tomonlar “yashil rivojlanish”ga o‘tishni tezlashtirish, elektr uzatish tarmoqlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun butlovchi qismlarni qurish va modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida ilmiy-texnik bazani rivojlantirish va qo‘shma tadqiqotlar olib borish, qayta tiklanuvchi energetikani, shu jumladan, quyosh va shamol energetikasini keng miqyosda rivojlantirish, ishtirokchi davlatlar aholisi farovonligini yanada oshirish maqsadida energiya tejovchi texnologiyalar va tizimlarni keng joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik qiladilar.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/9352
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati