Elektr energiyasini amaldagi 450 so‘mlik tarifda sotib olayotgan tadbirkor quyosh panellarini o‘rnatsa, u o‘zini 15 yilda oqlaydi. Tariflar oshirilishi bilan bu muddat 7 yilga tushadi, deydi Energetika vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdulla Otaboyev.
Energetika vazirligi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya auditi boshqarmasi boshlig‘i Abdullajon Otaboyev sohada kutilayotgan ayrim o‘zgarishlar haqidagi savollarga javob berdi.
– Abdulla aka, siz vazirlik tuzilmasida bevosita qayta tiklanuvchi energiya manbalariga javobgar shaxssiz. O‘zbekistonda energetika tariflari erkinlashtirish yo‘lidagi amaliy ishlar boshlandi. Narxlar oshirilishi odamlarda quyosh panellarini o‘rnatishga rag‘batni kuchaytiradimi?
– Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishga rag‘batlar boshlangan. 2023 yil fevral oyida 57-sonli prezident farmoni chiqqanidan keyin aholining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatishga qiziqishi ortdi. Aholidan davlat elektr energiyasini sotib olish narxi 1000 so‘mga chiqarildi. Oldin bu miqdor 2-guruh tarifining (yuridik shaxslardan sotib olinadigan elektr energiyasi narxi) 80 foizi miqdorida edi.
Ya’ni 2-guruh tarifi 450 so‘m bo‘lsa, aholi o‘zi ishlab chiqargan elektr energiyasini davlatga 360 so‘mga sotardi. 57-sonli qaror bilan bu miqdor 360 so‘mdan 1000 so‘mga olib chiqildi. Elektron platformamiz ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar aholi tomonidan 61 megavatt quvvatli panellar o‘rnatilgan, ularning bir qismi asosiy tarmoqqa ulanib, elektr energiyasini yetkazib beryapti. Davlat ulardan qariyb 700 mln so‘mlik elektr energiyasini sotib oldi.
Masalaning ikkinchi tomoni: tadbirkorlik sub’yektlariga rag‘bat masalasiga to‘xtalsak. Ijtimoiy tarmoqlarda hokimliklar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanyapti degan xabarlarni ko‘p o‘qidik. Bularni joylarga chiqib o‘zimiz o‘rgandik, ha, ayrim joylarda rostdan shunday holatlar bor, ammo tasdig‘ini topmagan hududlar ham bor. Ular nima uchun majburlanayotgandi? Chunki 57-sonli qarorda [hokimliklarga] topshiriq bor, shu narsani bajarasan, degan.
Tadbirkor elektr energiyasini 450 so‘mdan tarmoqdan sotib olyapti. Agar u quyosh panellarini o‘rnatsa, bu panel o‘zini 15 yilda oqlaydi. Hozir energetika tariflari oshirilishi bilan bu muddat 7 yilga tushyapti. Agar tariflar yana oshsa, panellar yanada tezroq o‘zini oqlaydi.
Aniqroq tushuntiraman: deylik, tadbirkor 100 kW quyosh elektr stansiyasini o‘rnatsa, uni o‘rnatish narxi taxminan 1 mlrd 200 mln so‘m bo‘ladi. Bunda 1 kilovatt quvvatli quyosh paneli o‘rtacha bozor narxida – 12 mln so‘mdan hisoblangan. Hozir bundan arzonroq bo‘lishi mumkin, chunki panellar narxlari Xitoyda pasaygan. O‘shanda 1 kWh elektr energiyasini tadbirkor davlatga sotmoqchi bo‘lsa, 2-guruh tarifining 80 foizi miqdorida, ya’ni 360 so‘mdan sotardi, bunda panel o‘zini 15 yil-u 3 oyda oqlashi mumkin edi. Hozir 2-tarif guruhi iste’molchilari uchun 1 kWh elektr energiyasi narxi 900 so‘m etib belgilanganini inobatga olib, xuddi shu hisob-kitobni amalga oshirsak, bu 15 yilimiz 7 yil-u 7 oyga qisqaradi. Ya’ni quyosh paneli o‘zini oqlash muddati 2 barobarga qisqaryapti. Panel o‘zini oqlagandan keyin tekinga elektr energiyasini ishlab chiqaradi yoki ungacha ishlab chiqargan tokini hududiy elektr tarmoqlariga sotadigan bo‘lsa, yiliga 157 mln so‘m foyda qiladi.
Ammo davlat tadbirkordan elektr energiyasini sotib olishi uchun, u 1 megavattagacha quyosh panellarini o‘rnatishi kerak. Bunda, yuqorida ta’kidlaganimdek, davlat undan tokni 2-guruh tarif miqdorining 80 foizi miqdorida sotadi: bu avval 360 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir 720 so‘mni tashkil qiladi.
Chet el davlatlarida tariflar va quyosh panellari o‘rnatilishini solishtirib ko‘rsak, eng qimmat tariflarga ega Germaniya va Buyuk Britaniyada tariflarning oshishi energetika tizimining diversifikatsiyasiga yo‘l ochadi. Ya’ni gaz yoki tokka bog‘lanib qolmasdan boshqa energetika manbalariga o‘tishga bo‘lgan imkoniyatlarni ham oshiradi.
O‘zim Yaponiyada 2 yil yashaganman, 20 kvadrat metrlik uyda, to‘rtga besh xona desa bo‘ladi, faqat elektr energiyasi uchun 200 dollar pul to‘laganman. Hozir u yerda qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar juda yuqori. Yaponiya elektr energiyasidan oqilona foydalanish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega davlatlardan biri. Hozir O‘zbekistonda har bir ishlab chiqarilgan mahsulotimizning energiya iste’moli boshqa davlatlardan ko‘ra 2-3 barobar ko‘p. Bu ham elektr energiya yoki tabiiy gaz narxlari bozor narxidan pastligi tufayli yuzaga kelgan. Odamlar bunga e’tibor ham bermasdi. Vazirlikda energiya samaradorlik bo‘limida ishlayman, bilasizmi, odamlarni “teja, chiroqni o‘chirib yur, isrof qilma” deb tejashga o‘rgatish juda qiyin. Ammo tariflar oshishi orqali energiya samaradorlik ancha oshadi degan hisob-kitoblarimiz bor.
– Tariflar oshdi, quyosh panellarini ixtiyoriy o‘rnatishga rag‘bat ham oshdi dermiz, ammo qayta tiklanuvchi energiya manbalari bozorida raqobat ta’minlanganmi? Umidlarni puchga chiqarishi mumkin bo‘lgan omillar saqlanib qolmayaptimi?
– Hozir O‘zbekistonda istalgan kompaniya quyosh panellarini o‘rnatmoqchi, yoki chetdan import qilmoqchi bo‘lsa, bunga cheklov yo‘q. Xohlagan odam olib kelib sotishi yoki o‘rnatib berishi mumkin. Men hozir uyimga o‘rnatmoqchi bo‘lsam, aynan bir kompaniyadan sotib olishga majbur emasman. Bu sohada bozor mexanizmlari ishlayapti, xohlagan kompaniyangizdan sotib olib, uyingizga o‘rnatishingiz mumkin: bunga cheklov yo‘q, monopoliya yo‘q.
Lekin 2022 yilda 220-sonli prezident farmoni chiqqan, unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini o‘rnatgan aholi uchun kompensatsiya yoki bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi deyilgan. Faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun. Bu ham cheklov hisoblanadi. Ammo uni hozir olib tashlash ustida ishlar ketyapti. Umumiy bozorda hech qanday cheklov yo‘q. Bu ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan qadamlardan biri: hech qanday cheklov qo‘ymaymiz, hamma bu bozorga kira olsin degan prinsipdamiz.
Ammo keyinchalik bu sohani tartibga solish kerak deb o‘ylayman, chunki hududlarda juda sifatsiz yoki chet davlatlarda ishlatilgan panellar kirib kelishi kabi holatlarni kuzatdik. Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda bu borada ishlar boshlangan. Bu ishlarni boshlamay turishimizga asosiy sabablardan biri tariflarning pastligi bo‘lgan, chunki panellar o‘zini oqlashi uzoq muddat talab qiladi. Tariflar oshganidan keyin yanada sifatli panellarni sotib olish qobiliyatimiz oshadi. Shu sababli, sohada sifatni nazorat qiladigan laboratoriyalar ochish ishlari boshlangan.
– Tariflar liberallashtirilishi investitsiyalarga yo‘l ochadi degan fikrlar ilgari surilyapti, bu borada nimalar deya olasiz?
– Birinchi navbatda, bozor mexanizmiga o‘tilishi bu sohaning aynan asosi bo‘lgan infrastrukturaga investitsiyalarni kengaytiradi. Ya’ni investititsiyalarni qaytarish davomiyligi uzoqroq bo‘lgan loyihalarga investitsiyalar kirishi ko‘payadi. Ya’ni elektr tarmoqlari, gaz quvurlarini modernizatsiya qilish kabi hozirda investitsiya talab qilinayotgan nuqtalarga sarmoya kiritilishi ko‘payadi.
Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarimi yoki boshqa generatsiya quvvatlarimi, o‘tgan davrda ko‘plab investitsiyalar kiritildi, lekin ishlab chiqarilgan elektr energiyani iste’molchiga yetkazib beradigan asosiy tarmoqlar yoki gaz quvurlariga investitsiyalar deyarli amalga oshirilmadi. Tariflar liberallashuvi orqali shularga yo‘l ochiladi.
Boshqa davlatlar tajribasiga qarasak, ular birinchi navbatda infrastrukturani yangilash, yuqori kuchlanishli tarmoqlar, yuqori bosimli gaz quvurlarini qurib ular orqali yetkazib berishga urg‘u beriladi.
Bizda tariflar liberallashtirilishi 2019 yildan ko‘zga tutilgan bo‘lsa, bu islohot ortga surilishi oqibatida hozir yuqoridagi ta’kidlaganimdek, eng muhim yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan sarmoyalar generatsiyaga kiritilgan investitsiyalardan kamroq bo‘lgan. Bundan tashqari, tarmoqlarni rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalarning manbalari, asosan, davlat kafolati ostidagi davlat qarzlari yoki kreditlari bo‘lgan. Hozir tariflarni liberallashtirish orqali birinchi navbatda davlat kafolati ostida qarzlar olish kamayadi va infrastruktura rivojlanadi.
Madina Ochilova suhbatlashdi
Manba: https://kun.uz/uz/news/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati