— O‘zbekistonda qancha ko‘mir zaxirasi mavjud?
—Odamlar ko‘mir xarid qilayotganda ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari kerak?
— Ko‘mir qazib olish tabiat yoki atrof-muhitga zarar yetkazmaydimi?
— Ko‘mirning o‘rnini bosuvchi yana qanday qazilmalar bor?
O‘zA muxbiri shu kabi savollarga “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Ne’mat Dushayevdan javob oldi.
— Bu yil kuz-qish mavsumida aholiga qancha ko‘mir yetkazib berish nazarda tutilgan? Reja qanday bajarilmoqda?
— O‘zbekiston ko‘mir sanoati respublika yonilg‘i-energetika majmuining ajralmas va muhim tarkibiy qismi sanaladi. Bugungi kunda respublikamizda ko‘mir ikki joyda ‒ Surxondaryo viloyatining Sharg‘un konidan (toshko‘mir) va Toshkent viloyatining Angren ko‘mir havzasidan qazib olinadi.
O‘zbekistonda umumiy hisobda 1,9 milliard tonna ko‘mir zaxirasi bor. Qazib olish hajmi esa yiliga o‘rtacha 5,0-5,5 million tonnani tashkil etadi. “O‘zbekko‘mir” AJ O‘zbekistondagi ko‘mir qazib oluvchi va yetkazib beruvchi yirik va yetakchi korxonadir.
“Angren” ko‘mir havzasi bazasida faoliyat yuritib kelayotgan “O‘zbekko‘mir” AJ mahsulotining asosiy iste’molchilari “Angren” IES va “Yangi Angren” IES, byudjet tashkilotlari hamda aholi, shuningdek, qisman xususiy sektorlar hisoblanadi.
Jamiyat tomonidan 2022-yil yakuni bilan 5 073,9 ming tonna ko‘mir qazib olindi va reja (4 ming 800 tonna) 105,7 foizga bajarildi. Bu 2021-yildagiga nisbatan 274 ming tonnaga ko‘p demakdir.
Aholi va byudjet tashkilotlariga qattiq yoqilg‘i “Ko‘mir ta’minot” MCHJning respublika hududiy omborlari orqali tarqatiladi.
Rejaga ko‘ra, 2023/2024-yillar kuz-qish mavsumi uchun aholi va byudjet tashkilotlariga jami 1 682,6 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan 1 190,8 ming tonnasi aholiga, 491,8 ming tonnasi byudjet tashkilotlariga mo‘ljallangan.
Joriy yilning 11-sentyabr holatiga aholi uchun 398,3 ming tonna yoki rejaga nisbatan 115,2 foiz mahsulot tarqatildi. Byudjet tashkilotlari uchun ortib yuborilgan mahsulot 397,7 ming tonnani tashkil etdi va rejaga nisbatan 80,9 foiz mahsulot yetkazib berildi.
— Ko‘mir qazib olish oson ish emas. Buning uchun texnikalar yetarlimi? Mavjudlarining yaroqliligi qanday?
— Yuqorida keltirilgan raqamlarda “O‘zbekko‘mir” AJda hukumat tomonidan qo‘yilgan rejalar ortig‘i bilan bajarilayotgani, ko‘mir qazib olish va yetkazib berish hajmlari yil sayin ortib borayotganini kuzatish mumkin. Biroq kon ustini ochish ishlarida qoloqlik saqlanib qolmoqda. O‘tgan sakkiz oyda 15,1 million kub metr hajmda tuproq ishlari bajarildi va bu rejaga nisbatan 93 foizni tashkil etdi. Temiryo‘l transportida kon ochish 98,5 foizga, avtotransportda kon ochish 90,9 foizga teng bo‘ldi. Sababi, ko‘mirga talab yil sayin oshayotgani holda, Angren konlarining quvvati cheklangan, boz ustiga kon texnikalari ma’nan eskirgan.
Konlarni zamonaviy kon texnikalari bilan jihozlash taqozo etiladi. Shu nuqtai nazardan hukumat g‘amho‘rligi bilan “O‘zbekko‘mir” AJga 77,1 million dollarlik imtiyozli kredit ajratilayotgani ayni muddao bo‘ldi. Ayni kunlarda jamiyatga yangi va zamonaviy kon texnikalari xarid qilinmoqda. Ularning dastlabkilari yetib keldi.
— Odamlar ko‘mir xarid qilayotganda ko‘proq nimalarga e’tibor berishlari kerak? Ya’ni, oddiy xalq ko‘mirning sifatini qanday aniqlashi mumkin?
‒ Qiziqarli savol. Darhaqiqat, iste’molchi mahsulotni uning sifati va narxiga qarab xarid qilish huquqiga ega. Yashirishning hojati yo‘q, “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan yetkazib berilayotgan mahalliy ko‘mirning sifati haqida ba’zan asossiz e’tirozlar eshitib qolamiz. Bu e’tirozlar ko‘proq yoqilg‘ining sifat ko‘rsatkichlari haqida yetarlicha bilmasligimizdan kelib chiqmoqda.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekistonda ikki xil ko‘mir qazib olinadi va ishlatiladi, ya’ni toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir. Sharg‘unning tosh ko‘miri yuqori issiqlik beradi va shu boisdan ko‘proq g‘isht, sement zavodlari va issiqxonalar uchun mo‘ljallangan. Angren koni ko‘mirining issiqligi kamroq va ana shu kamroqligi jihatidan ham maishiy maqsadlarda ishlatishga qulayligi bilan ajralib turadi.
Eslatib o‘tmoqchimizki, ko‘mirning sifati mahsulotning o‘lchamlari bilan belgilanmaydi. Ayrim iste’molchilar yoqilg‘ining tashqi ko‘rinishi (yirik yo maydaligi)ga qarab baho beradi va xato qiladi. Aslida ko‘mirning sifati deganda uning fraksiyasidan tashqari yonuvchanligi, kulchanligi, namligi ham e’tiborga olinishi kerak.
Aholi iste’molchilariga mo‘ljallangan mahalliy ko‘mirning sifat ko‘rsatkichlari quyidagicha: markasi ‒ 2BZR, bo‘laklar o‘lchami ‒ 25-500* mm, bo‘laklar undan katta bo‘lishiga ruxsat etiladi. Namligi ‒ 45 foizgacha, kulchanligi ‒ 17 foizgacha bo‘lishi shart. Yoqilg‘ining ishchi holatida pastki yonish holati 3200 k/k. Tarkibida 25mm dan ziyod o‘lchamdagi mineral aralashmalari bo‘lgan bo‘laklar 3 foizgacha maydalar miqdori 20 foizdan oshmasligi kerak.
Angren ko‘mir konidan yuklangan yoqilg‘i ko‘mir jamlanmasiga yetkazilgach, u yerda laboratoriyadan o‘tkaziladi. Har bir vagondagi mahsulotga sifat guvohnomasi beriladi. Харидор ko‘mirni o‘z hududidagi omborlardan sotib olayotgan chog‘ida o‘sha sifat guvohnomasini talab qilish huquqiga ega.
Qish mavsumi uchun xarid qilingan ko‘mir yoqilg‘isini saqlashning ham tartiblari mavjud. Har qanday ko‘mir ham ochiq havoda qolsa, kun sayin o‘z xususiyatlarini yo‘qota boshlaydi va taxminan 20 kundan keyin kukun holatiga kelishi mumkin. Qattiq yoqilg‘ining sifati buzilmasligi uchun uni maxsus omborlarda, ustini yopib saqlash tavsiya etiladi.
— Ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin oshayotganini qanday izohlaysiz?
‒ To‘g‘ri, ko‘mirga talab yil sayin oshib bormoqda. Misollar bilan izohlaydigan bo‘lsak, 2021 yilda jami 5 183,0 ming tonna qattiq yoqilg‘i yuklagan bo‘lsak, 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 5 319,7 ming tonnani tashkil etdi. Joriy yilda bu raqam yanada ko‘paygan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11-may kuni energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekistonda ko‘mir qazib olishni 1,5 baravarga oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘ydi. Boshqacha aytganda, 2023-yilda ko‘mir qazib olish 5,3 million tonnadan 6,5 million tonnagacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ko‘mirga bo‘lgan talabning oshishi mavjud issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktablar hamda shifoxonalarning issiqlik ta’minotini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish qarori bilan ham bog‘liq. 2023-yilda gazni tejash maqsadida 5 ming 407 ta ijtimoiy ob’ekt, 1 ming 147 ta issiqxona va 250 ta zavod ko‘mirga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
— Respublikamizda bugungi kunda ko‘mir konlari soni nechta va ularni qidirib topish bilan kimlar shug‘ullanadi?
‒ Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekistonda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 1,9 milliard tonnani tashkil etadi va bugungi kunda ushbu yoqilg‘ini qazib olish Sharg‘un va Angren ko‘mir konlarida olib borilmoqda. Ko‘mirga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida 14 ta, shu jumladan Surxondaryodagi toshko‘mir bo‘yicha 5 ta istiqbolli maydonni xususiy sektorga berish, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, Angrenda qazib olinadigan ko‘mir sifatini yaxshilash va saralash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
— Ko‘mir qazilib aholiga yetib borguncha qanday bosqichlardan o‘tkaziladi?
‒ Angren ko‘miri asosan ochiq usulda qazib olinadi va iste’molchiga yetib borgunicha bir necha bosqichdan o‘tadi. Ya’ni, ustki qatlam (tog‘ jinsi) olib tashlanadi va yoqilg‘i kon ekskavatorlarida qazilib, og‘ir yuk tashuvchi 90-130 tonnalik “BelAZ” avtosamosvallarida kon ichki omboriga yetkaziladi. Bu yerda ko‘mir saralanib, vagonlarga ortiladi.
“O‘zbekko‘mir” AJ qazib olingan ko‘mir mahsulotlarini “Ko‘mir ta’minot” MCHJning ko‘mir omborlari manziliga yuklab jo‘natishni ta’minlaydi. Bunda jamiyat mas’ullari ko‘mirni yuklash, jo‘natish, ko‘mirning sifati va miqdorlari yuzasidan javobgar hisoblanadilar. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi ko‘mir ortilgan vagonlarni belgilangan stansiyalarga yetib borishiga qadar qo‘riqlashga hamda yuklangan ko‘mir miqdoriga javob beradi. Hududiy ko‘mir omborlariga yetkazilgan ko‘mirni qabul qilib olish, sifatli saqlash va iste’molchiga sotilishiga “Ko‘mir ta’minot” MCHJ mas’uldir.
— Ko‘mir qazib olish tabiat yoki atrof-muhitga zarar yetkazmaydimi?
‒ Yo‘q. Korxonamiz ekologik hamda sanitariya-epidemiologik sertifikatga ega. To‘g‘ri, Angren ko‘mir havzasi o‘zining 75 yillik tarixi davomida Angren shahri tomon muttasil kengayib bormoqda. Har yili kon ustini ochish jarayonida millionlab tonna tog‘ jinsi ko‘chirib olinadi va ichki va tashqi ag‘darma (otval)ga olib chiqib to‘kiladi. Qishloq xo‘jaligidan olingan ushbu maydonlarda rejali tarzda rekultivatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Jamiyat tomonidan “Angren ko‘mir koni faoliyati uchun “Atmosfera havosiga tashlamalarning belgilangan me’yori” (PDV), “Chiqindilarning hosil bo‘lishi va joylashtirish me’yori” (PDO), “Oqova suv tashlamalarning belgilangan me’yori” (PDS) loyihalari ishlab chiqilgan va davlat ekologik ekspertizasi xulosalari olingan. Ushbu ishlab chiqilgan ekologik me’yoriy hujjatlar asosida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida barcha ishlar tashkillashtirilgan bulib, doimiy ravishda monitoring ishlari olib boriladi.
Atmosfera havosiga tashlanadigan tashlamalar, korxona hududida hosil bo‘ladigan sanoat chiqindilari hamda oqova suv tashlamalari bo‘yicha olib boriladigan monitoring hisobotlari umumlashtirilib, har oy oxirida tayyorlangan hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Toshkent viloyat boshqarmasiga yuboriladi.
Jamiyat tomonidan ko‘mir qazib olish bo‘yicha ishchi loyihalar ishlab chiqiladi. Ushbu loyihalar har bir kon bo‘yicha maxsus va davriylik xususiyatiga ega bo‘lib, ularda ko‘mir qazib olish jarayonida ko‘tariladigan chang, ko‘mir tarkibidan ajralib chiqadigan metan gazi, foydalanilgan yonilg‘i-moylash materiallaridan chiqadigan zaharli gazlar hamda tarqalishi mumkin bo‘lgan radiatsiya nurlari xavfini bartaraf qilish yoki kamaytirish o‘z aksini topadi. Ishchi loyihalar bo‘yicha ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlar Ekologiya vazirligiga taqdim etiladi. Ekologiya vazirligi ruxsat berganidan so‘ng ishchi loyihalar ishlab chiqarishga tatbiq qilinadi.
— Ko‘mirning o‘rnini bosuvchi yana qanday qazilmalar bor?
— Elektr energiyasi ishlab chiqarish, xonadonlarni isitish uchun ko‘mirning o‘rnini bosuvchi muqobil energiya, bu, shubhasiz qayta tiklanuvchi quyosh, shamol va suv energiyasidir. Ayni vaqtda respublikamiz bo‘yicha “Yashil energetika”ga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Кўмирнинг o‘rnini tabiiy gaz va neft (mazut) mahsulotlari bosishi mumkin. Ko‘mirning o‘rnini o‘tin ham bosadi. Ammo qazilmalar orasida hozircha ko‘mirning o‘rnini bosadigani yo‘q. Sababi, O‘zbekistonda ko‘mirning zaxirasi katta va gaz va neftga qaraganda ancha arzon yoqilg‘idir. Biroq har uch qazilma ham yechim emas. Birdan-bir najot ‒ qayta tiklanuvchi energiyadir.
— Aholi yoqilg‘i xarid qilish uchun kimga murojaat qilishi lozim?
— Respublikamizda gaz yetib bormagan qishloqlar aholisini arzonlashtirilgan mahalliy ko‘mir yoqilg‘isi bilan yetarli miqdorda ta’minlash Huqumatning hamon asosiy diqqat markazida turibdi.
Har yili tabiiy gaz yetib bormagan aholi punktlarida MFYlar tomonidan ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi va tegishli ro‘yxat shakllantirilib, tuman (shahar) hokimliklariga taqdim etiladi.
Mahalliy hokimliklar ushbu ro‘yxatlar asosida hududiy ko‘mir omborlariga buyurtma beradi va ko‘mir tarqatish jadvalini tasdiqlaydi.
Aholi ushbu jadvalga asosan o‘ziga yaqin hududiy ko‘mir omboriga murojaat qiladi.
Aholi iste’molchilari mahalliy ko‘mir xarid qilishda muammoga duch kelsa, quyidagi “Ishonch telefon”lariga murojaat qilishi mumkin:
“Ko‘mir ta’minot” MCHJ - 71-244-38-28.
“O‘zbekko‘mir” AJ Ishonch telefoni - 78-148-30-03.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati