Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda bank axborot xizmati rahbari Zebo To‘xtayeva ma'lum qildi:
Bugun dunyo miqyosida tabiiy resurslar sarfini kamaytirish va yashil energetikaga o‘tish davrimizning dolzarb mavzusiga aylandi. Muqobil energiyaning samarali yechimi esa bu quyosh quvvatidir.Undan oqilona foydalanish esa iqtisodiyot tarmoqlaridan tortib aholi ehtiyojlarini ta'minlash uchun ham katta imkoniyatdir. Yashil texnologiyalarni joriy etish esa yurtimizda keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. 2023-yil 16-fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Prezident qarori bilan bu boradagi ishlarni manzilli dasturi ishlab chiqilib, quyosh panellari o‘rnatish yo‘o‘nalishdagi loyihalar tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilmoqda. Ayni jarayonda mamlakatimizdagi moliya muasasalari xususan, O‘zmilliybank AJ ham bunda faol ishtirok etmoqda. Bank tomonidan taqdim etilayotgan milliy yashil bank kredit mahsuloti tadbirkorlik sub'ektlari va aholining iqtisodiy tejamkor, arzon energiya ta'minotiga o‘tishiga hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kungacha, O‘zmilliybank tomonidan quyosh panellari va geliokollektorlar sotib olish uchun umumiy qiymati 37,7 mlrd.so‘m bo‘lgan 942 ta kreditlar ajratildi, jumladan:
- 827 nafar jismoniy shaxslar uchun 20,3 mlrd. so‘m iste'mol kreditlari ajratilishi hisobiga 1,87 MVt quvvatga teng bo‘lgan quyosh panellari;
- 36 nafar jismoniy shaxslar uchun 0,2 mlrd.so‘m iste'mol kreditlar ajratilishi hisobiga 6,8 ming litr xajmlik geliokollektorlar;
- 79 nafar tadbirkorga esa 17,2 mlrd. so‘m kreditlar ajratish natijasida 2,02 MVt quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatildi.
Ta'kidlash joiz, mazkur kredit mablag‘lari Markaziy Bank tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli resurslar hisobidan ajratilib kelinmoqda.
Bugungi kungacha, Bojxona platformasiga tadbirkorlarning
o‘z mablag‘lari va kreditlar hisobidan yaratilgan 14,1 MVt quvvatga teng bo‘lgan quyosh panellarining ma'lumotlari kiritildi.
Joriy yil yakuniga qadar quyosh panellari va geliokollektorlar sotib olish loyihalarini moliyalashtirishga O‘zmilliybank tomonidan qo‘shimcha ravishda 40 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari ajratish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar amalga oshirilishi hisobiga qo‘shimcha ravishda 13,3 MVt quvvatga teng qayta tiklanuvchi energiya manbalari yaratilishiga erishiladi.
Ma'lumot uchun aytish zarur, ayni paytda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalari uchun bir qator imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.
Jumladan, Yuridik shaxslarga “Light Green” kredit mahsuloti asosida - Quyosh panellari va inventarlarini xarid qilish uchun likvidli mulk garovi asosida 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga, yillik 15,5 % bilan milliy valyutada, “Green Standart” kredit mahsuloti asosida - Quyosh panellari va inventarlarini xarid qilish uchun sug‘urta polisi va uchinchi shaxslar kafilligi asosida 6 oylik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga, yillik 21 % bilan milliy valyutada 50 mln.so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratib kelinmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati