Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hokimiyatining rasmiy murojaati hamda tashabbusi bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi ishtirokida, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining boshqaruv qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik kuni bayrami arafasida, yaʼni 2023-yilning 31-avgust kunlari Xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Xayriya aksiyasi o‘tkazish Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi U.P.Urunov, “Qoraqalpog‘iston magistral elektr tarmoqlari” filiali muhandisi Arslan Aytbayev zimmasiga yuklatildi.
Ekologik jihatdan bir talay muammolari bor hududlar — Xo‘jayli tumanining quyidagi mahallalari: “Amudaryo” va “Vodnik” qo‘rg‘onlari, “Jana-Jap”, “Jan-Qo‘ng‘irat”, “Kulab”, “Samanko‘l”, “Xatep”, “Ivan-jap” va “Sarishungul” ovul fuqarolari yig‘inlarida yashovchi kam taʼminlangan, nogiron hamda boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shu bilan birga, Mustaqillik bayrami arafasida Xo‘jayli tumani hokimiyatiga oziq-ovqat mahsulotlari so‘rab murojaat qilgan fuqarolar (jami 45 oilaga) homiylik-xayriya ishlari amalga oshirildi.
Oilalarga homiylik mablag‘lari hisobidan birinchi ehtiyoj ro‘yxatidagi oziq-ovqat (un, yog‘, go‘sht, guruch, shakar, makaron, choy va bayram dasturxoniga shirinliklar) hamda gigiyena vositalari (sovun, kir yuvish kukuni) kabi mahsulotlar tarqatildi.
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda Xo‘jayli tumani hokimiyati, Xotin-qizlar bo‘limidan vakillar, bundan tashqari, O‘zbekiston Ekologik partiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xo‘jayli tumani boshlang‘ich tashkilotidan vakillar ishtirok etishdi. Bayram arafasidagi xayriya tadbirida, shuningdek, ““Qaraqalpaqstan–MTRK”” telekanali jurnalistlari ishtirok etib, aksiya to‘g‘risida lavha namoyish etildi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati