Yangiliklar
Aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida ham joriy yildagi faoliyati zarar bilan yakunlanishi nazarda tutilgan
  • 10.08.2023
  • 255

Bugun kun.uz internet nashri sahifalarida "Eng ko‘p moliyaviy foyda va zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ma'lum qilindi" nomli maqola e'lon qilindi va unda «Eng katta moliyaviy zarar bilan ishlayotgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” birinchi bo‘ldi, kompaniya 2022-yilni 4,34 trln so‘m zarar bilan yakunlagan» deya axborot berilgan.

Ilgariroq  Davaktiv agentligining hisobotlariga tayanib, bu haqda Bankir telegram kanali, Davletovuz telegram kanali hamda boshqa axborot resurslari ham xabarlar e'lon qilgan edi.

❗️ Axborot nashrlari muxlislari, qolaversa OAV hamda keng jamoatchilikda bu borada noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi uchun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati e'tiboringizga quyidagi izohni ma'lum qiladi:

⏺ Aksiyadorlik jamiyati 2022-yilni 4,34 trln so‘m zarar bilan yakunlagan xususidagi axborot to‘g‘ri bo‘lib, buning o‘ziga xos sabablari mavjud. Gap shundaki, Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy faoliyati bo‘yicha asosiy daromadi — elektr energiyasini yagona xaridi va sotishidan shakllanadi. Ya'ni, hisobot bo‘yicha asosiy zararni mahsulot (tovar, ish va xizmat) larni sotish hajmiga muvofiq tarzda, 2022-yildagi faoliyat yakuniga ko‘ra yalpi zarar 4,34 trln so‘mni tashkil etgan.

⏺ “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ zarar bilan ishlashiga asosiy sabab, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 7-, 10- va 12-sonli bayonlari bilan tasdiqlangan tarmoq ichki tariflariga asosan, elektr energiyasini sotib olish (o‘rtacha 388,1 so‘m) va sotish (o‘rtacha 348,8 so‘m) narxlari orasidagi manfiy tafovut natijasida har bir kVt•soatdan 39,3 so‘m zarar evaziga hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib bergani tufayli edi. Ya'ni Aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini qimmat xarid qilinib, arzon sotilgani uchun zarar ko‘rgan.

⏺ Misol uchun, 2023-yil 1-choragida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan jami 18,6 mlrd. kVt•soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan 426,2 so‘mdan xarid qilinib, Hududiy elektr tarmoq korxonalariga 18,8 mlrd.kVt•soat hajmda o‘rtacha 405,4 so‘mdan sotilgan, ya'ni har bir kVt•soatdan 20,8 so‘mdan zarar ko‘rilgan.

Ma'lumot o‘rnida: Aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil uchun tasdiqlangan Biznes rejasida ham joriy yildagi faoliyati zarar bilan yakunlanishi nazarda tutilgan.

>