Yangiliklar
Oʻzbekiston va Ozarbayjon Respublikalari Energetika vazirliklari Qoʻshma ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi
  • 09.08.2023
  • 149

Bugun, 8-avgust kuni Toshkentda Oʻzbekiston va Ozarbayjon Respublikalari Energetika vazirliklari Qoʻshma ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Energetika vaziri oʻrinbosari A.Jumanazarov va Ozarbayjon Respublikasi Energetika vaziri oʻrinbosari S.Veliyev ishtirok etdi.

Mazkur ishchi guruh Ozarbayjon Prezidentining 2022-yil iyun oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumiga muvofiq tashkil qilingan.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan 2022-yil avgust oyida imzolangan “Yoʻl xaritasi”sining ijrosi koʻrib chiqildi hamda tomonlar uning har bir bandi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdilar.

“Yoʻl xaritasi” qayta tiklanuvchi energiya manbalari va DXSH asosidagi loyihalarni amalga oshirish, energiya samaradorligi, elektr hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari, neft va gaz kimyosi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, institutsional islohotlar, kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish kabilarni oʻz ichiga oladi.
 

 


Muhokamalar yakuni boʻyicha “Yoʻl xaritasi” doirasidagi ishlarning bajarilishi qoniqarli, deb topildi va hamkorlik yoʻnalishlarining kengayganini hisobga olib, tomonlar yangi “Yoʻl xaritasi”sini ishlab chiqib, avgust oyi soʻngida Ozarbayjon Respublikasiga kutilayotgan tashrif davomida imzolashga kelishib oldilar.

Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat Energetika vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan hukumatlararo bitim hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ va “SOСAR” oʻrtasidagi kelishuvlar boʻyicha hujjatlar loyihalari muhokama qilindi.

 

Energetika vazirligi Axborot xizmati.

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/3151

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>