OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Andijonda yangi mikro GESlar ishga tushirildi
  • 16.06.2023
  • 139

Bugun, 16-iyun kuni Andijon viloyatida yangi mikro GESlarning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmanov, viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B. Xamrayev, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov hamda masʼul rahbarlar, mahalliy xususiy sektor vakillari – tadbirkorlar, mahalla faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, kichik oqimdagi suvlardan unumli foydalanish,toza va arzon elektr energiya manbasini ishlab chiqarishga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Ushbu jarayonga xususiy sektor vakillarini – tadbirkorlarni keng jalb etish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-220-son Farmoni huquqiy asos bo‘ldi.

Aytish lozimki, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatimiz gidroenergetika salohiyati yanada ortadi hamda toza va arzon yashil elektr energiya manbasini ishlab chiqarish keskin oshiriladi. Shu maqsadda, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan respublika bo‘ylab jami 250 ta umumiy quvvati 125 MVt, o‘rtacha yillik ishlab chiqarishi 675 mln.kVt.soat bo‘lgan mikro GES loyihalarining manzilli ro‘yxati shakllantirildi.

Bugun ana shu manzilli ro‘yxati shakllantirilgan Andijon tumanining Zavroq mahallasi kanalining birinchi piketida quvvati 200 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 1,2 mln.kVt.soat bo‘lgan Zavroq mikro GES ishga tushirildi. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali, kelgusida Andijon tumanining 300 ta xonadonini yoki 1 200 nafar aholisini ekologik toza elektr energiya manbai bilan taʼminlash imkonini beradi.

 

 

Loyihaning umumiy qiymati 3,4 mlrd.so‘mni, xususan asbob-uskunalar 1,9 mlrd.so‘mni, qurilish-montaj ishlari 1,5 mlrd.so‘mni, shundan 220 mln. so‘m quvvatni tarmoqqa uzatish xarajatlarini tashkil etdi. Loyihaning o‘zini iqtisodiy jihatdan qoplash muddati 4,4 yilni tashkil etadi.

Ahamiyatli jihati, loyiha doirasidagi loyihalashtirish, qurilish hamda uskunalarni o‘rnatish ishlari nisbatan qisqa vaqt oralig‘ida, yaʼni, 2 oyda amalga oshirilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Eʼtiborlisi, mazkur loyihaning loyiha hujjatlari “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan 10 kun muddatda ishlab chiqilgan bo‘lsa, loyiha agregatlari “Suvsanoatmash” AJ ishlab chiqarish negizida, sanoat kooperatsiyasi asosida Xitoylik hamkorlar bilan birgalikda qisqa 1 oylik fursatda ishlab chiqarilib, loyiha maydoniga yetkazib berildi.

Shu bilan birga, bugun Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ulug‘nor kanali PK-85 da qurilgan mikro GES ham yangi quvvatda ishga tushirildi.

Quvvati 50 kVt, yillik ishlab chiqarish quvvati 360 ming kVt.soatni tashkil etgan mazkur mikro GES 150 ta xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega. Loyihalashtirish ishlari Jamiyat tarkibidagi “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan. Shu o‘rinda GES uchun charxpalak tipidagi agregatlar yana bir tizim tashkilotimiz “Suvsanoatmash” AJda milliy brend asosida ishlab chiqarilgan.

Shuni alohida qayd etish lozimki, birgina Andijon viloyatida aniqlangan dastlabki ro‘yxatga ko‘ra umumiy quvvati 19 MVt jami 52 ta mikro GESlarni qurish rejalashtirilgan. Shundan, joriy yilda umumiy quvvati 2 130 kVtli 7 ta qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, suv bosimida ishlovchi 3 ta mikro GES, 2 ta suv yuzida suzib turuvchi kinetik gidroagregat hamda 2 ta charxpalak turidagi loyihaning ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Eng muhimi, mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga mahalliy hududda uzluksiz elektr energiyasi taʼminotiga ega bo‘lish bilan bir qatorda, doimiy asosda 40 taga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan mahalliy pudrat tashkiloti tomonidan 45 kunda amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2023-2024-yillarda Andijon viloyatida quvvati 6,9 MVt, o‘rtacha yillik energiya ishlab chiqarishi quvvati 33,0 mln.kVt.soatga teng “Janubiy Farg‘ona kanalida JFK-3 GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali, kelgusida Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 14 ming xonadonni ekologik toza energiya manbai bilan taʼminlash imkonini beradi.

Shuningdek, hududlarda “O‘zbekgidroenergo” AJ va Hindistonning “MAKLEK” kompaniyasi o‘rtasida suv yuzasida suzib turuvchi kinetik turbinali innovatsion gidroagregatlarni O‘zbekistonda “Made in Uzbekistan” brendi ostida ishlab chiqarish hamda amaliyotga keng tatbiq etish mo‘ljallangan. Mazkur innovatsion gidroagregatlar ham respublikada birinchi bo‘lib aynan Andijon viloyatining Xonobod shahri Shahrixonsoyda 2023-yilning iyul oyida joriy etilib, jami quvvati 800 kVt bo‘lgan 2 ta agregat o‘rnatiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Andijon viloyatida mikro GESlarni keng rivojlantirish uchun barcha zarur sharoitlar mavjud. Bunda mahalliy hudud tabiati ham gidroenergetikani izchil taraqqiy ettirishni taqozo etmoqda. Shu o‘rinda, unutmaslik lozimki, mikro GESlar xalq uchun nafaqat uzluksiz elektr energiyasi taʼminoti, doimiy ish o‘rinlari, balki, xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun kafolatlangan daromad manbasi ham hisoblanadi. Taklif etilayotgan loyihalarning o‘zini qoplash muddati o‘rtacha 3-4 yilni tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, mazkur soha yanada jozibadorlikka ega bo‘ladi.

Qolaversa, gidroenergetikaning taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish bilan birga, yangi qurilayotgan GESlar, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlarning aholisi turmush farovonligining oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan muntazam taʼminlanishiga, tom maʼnoda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.

Manba: https://uzgidro.uz/news/view/4513

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>