“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining videoselektor yig‘ilishidagi topshirig‘iga muvofiq, Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari S.Artikov boshchiligida Tojikiston Respublikasi “Qayrakqum GES” energetika obyektida o‘rnatilgan elegazli komplekt tarqatish qurilmalari (KRUE) hamda zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 500 kV kuchlanishli “So‘g‘d” podstansiyasi bilan tanishish maqsadida 2023-yilning 30-may kuni Tojikiston Respublikasiga xizmat safari amalga oshirildi.
Kunning birinchi yarimida delegatsiya a'zolari “Qayrakqum GES”ga tashrif buyurishdi. Bu yerda GESning 220/110/10 kV podstansiyasi bilan yaqindan tanishildi. Ushbu podstansiyaga “Qayrakqum GES”tan chiquvchi 110 kV kuchlanishli 2 ta elektr uzatish tarmoqlari orqali quvvat yetkaziladi. Podstansiyada quvvati 125000 kVA bo‘lgan Turkiya Respublikasining Grid Solutions kompaniyasida ishlab chiqarilgan 220/110/10 kV kuchlanishli 2 dona avtotransformatorlari o‘rnatilgan. AT-2 avtotransformatorida sozlash-montaj ishlari olib borilmoqda. AT-1 va AT-2 transformatorlarida avtomatik yong‘inni o‘chirish tizimi joriy qilingan.
2015-yili podstansiyaning 220 kV kuchlanishli yopiq taqsimlovchi inshootida AVV kompaniyasining 1 fazali elegazli komplekt tarqatish qurilmalari — KRUE o‘rnatilgan. Komplekt taqsimlovchi qurilmada (KTQ) 8 ta yacheyka mavjud bo‘lib, barcha qurilmalar 12x28 metr hajmdagi binoda joylashgan. 220 kV KTQ 2 ta shinalar sistemasi va aylanma shinalar sistemasi sxemasi orqali bajarilgan. I-SSh-220 kV va II-SSh-220 kV o‘zora shinalar sistemasi orasidagi MShV-220 kV o‘chirgichi orqali o‘zora bog‘langan.
Podstansiyaning 110 kV tomonida mavjud ochiq taksimlash qurilmasi (elegazli o‘chirgichlar bilan) demontaj qilinib, o‘rniga Siemens Energy kompaniyasining 3 fazali elegazli komplekt tarqatish qurilmalari — KRUE o‘rnatilgan. KTQda 9 ta yacheyka mavjud bo‘lib, barcha qurilmalar 9x22 metr hajmdagi binoda joylashgan.
Kuch transformatoridan 110 kV va 220 kV KRUEgacha bo‘lgan qismda kuch kabellari o‘rnatilgan. GES bilan podstansiya oralig‘idagi havo tarmog‘i oxirgi metall tayanchda 110 kV kabel tarmog‘iga o‘tkazilgan. Podstansiyaning 110 kV hamda 220 kV tomonida grafit izolyasiali kuch kabellaridan foydalanilgan.
Podstansiyaning o‘zgarmas tok tizimida zamonaviy elektr qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, akkumlyator batareyalar 2 pog‘onali stelajlarga joylashtirilgan.
Podstansiyada SCADA tizimi hamda raqamli podstansiya elementlari joriy qilingan.
Podstansiyaning loyiha hujjatlari, material taqsimoti va qurilish-montaj ishlari Ispaniyaning “Cobra” kompaniyasi tomonidan bajarilmoqda.
Bundan tashqari, elegaz qurilmalar bilan birgalikda ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan elegazni tahlil qilish qurilmasi va elegazni qayta to‘ldirish qurilmalari yetkazib berilgan.
GESning mutaxassislari KRUE tizimini ekspluatatsiya qilishning quyidagi afzalliklari ko‘rsatilib o‘tildi:
♦ o‘chirib-yoqish operatsiyalarining xafvsizligi;
♦ o‘chirib-yoqish operatsiyalarining tezkorligi;
♦ ekspluatatsiya ishlarining hajmi kamayganligi.
Kunning ikkinchi yarimida 500 kV kuchlanishli “So‘g‘d” podstansiyasiga yetib keldik. 550/220/35 kVli “So‘g‘d” podstansiyasi Tojikiston Respublikasining shimolida joylashgan bo‘lib, 500 kVli elektr tarmog‘i orqali 500 kV kuchlanishli “Dushanbe” podstansiyasiga ulangan. Podstansiyaning umumiy quvvati 1002 MVA bo‘lib, 2 jamlanma bir fazali avtotransformatorlar o‘rnatilgan.
“So‘g‘d” podstansiyasining 220 kV OTQ tomonida jami 13 ta ulanma o‘rnatilgan bo‘lib, shundan 9 ta 220 kVli elektr tarmoqlar ulanmalari mavjud.
220 kV va 500 kV OTQlarning portallari tayanchlarida sink qoplamali metall konstruksiyalar foydalanilgan. Podstansiya hududidagi qurilmalarning fundamentlari quyma monolit-beton usulida bajarilgan.
“So‘g‘d” podstansiyasida SCADA tizimi hamda raqamli podstansiya elementlari joriy qilingan. Jumladan, elektr qurilmalarni masofadan boshqarish imkoniyati mavjud, transformator va boshqa elektr qurilmalarning holatini monitoring qilish tizimi ishlatilmoqda. Monitoring tizimi orqali boshqaruv pulti binosidagi ish kompyuteridan turib transformatorning yuklamasini, haroratini, moyning miqdori va bosimini bilish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek “So‘g‘d” va “Qayrakqum” podstansiyalaridan chiquvchi elektr tarmoqlarning birinchi tayanchlari ko‘zdan kechirildi. 500 kVli “So‘g‘d” podstansiyasidan “Datka” podstansiyasigacha elektr tarmog‘ining birinchi tayanchlarining fundamentlari quyma monolit tarzda bajarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika obyektlarida ham shunday zamonaviy raqamli podstansiya qurilmalari o‘rnatilmoqda. Ushbu jihoz va qurilmalarni ekspluatatsiya qilish jarayonida ularning ish prinsipini yaxshi o‘zlashtirish muhim masala hisoblanadi. Komplekt taksimlovchi kurilmaning ish samaradorligi, maydon egallashi bo‘yicha ixchamligi va ekspluatatsiya jarayonida nisbatan xavfsiz ekani xizmat safariga borgan mutaxassislarda lozim tushuncha va xulosalar paydo qildi.
Xizmat safari guruhi nomidan hisobotni tayyorlashdi:
✍️ Nurlan Umbetov, Elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish boshqarmasi yetakchi muhandisi;
✍️ Abdurahim Abdullayev, Elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish boshqarmasi 1-toifali muhandisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati