“O‘zbekiston MET” AJning 2023-yil 31-maydagi 133-sonli xizmat safariga yuborish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan 2023-yil 4-iyundan 8-iyungacha Qozog‘iston Respublikasi Almati (Olma-ota) shahrida AQSH Energetika assotsiatsiyasi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda energetika sektori uchun kiberxavfsizlik va raqamlashtirishni takomillashtirish” bo‘yicha tashkillashtirilgan mintaqaviy seminarda kiberxavfsizlik strategiyalarini ishlab chiqish va kiber zaifliklarni kamaytirish, aktivlarni himoya qilish va ishonchliligini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi va o‘rganildi.
Seminar davomida energetika sektori uchun kiberxavfsizlik va raqamlashtirish nega energetika kompaniyalarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lishi kerakligini va Aksiyadorlik jamiyatida kiberxavfsizlik bo‘yicha ilg‘or tajribalarni qanday joriy etish lozimligi xususida taqdimot o‘tkazildi.
Mazkur seminarda Shimoliy Makedoniya energiyani uzatish tizimi operatori — MEPSO‘da ish yurutuvchi Enis Drndar hamda Shimoliy Makedoniya energiyani uzatish tizimi operatori — MEPSO‘da raqamli texnologiyasi direktori Goche Talevski bilan raqamli aktivlarni inventarizatsiya qilish va zaifliklarni boshqarish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, C2M2 kiberxavfsizlik imkoniyatlari yetuklik modeli, PRAGOS platformasi, parol siyosati va kiberxavfsizlik sohasida ish yuritayotgan xodimlarning bilim va ko‘nikmalari yetarli darajada bo‘lishi uchun ayrim maʼlumotlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Bundan tashqari, seminar davomida mutaxassislar IT-tizimlar va xizmatlarni, shu jumladan IT-yechim va standartlardan foydalangan holda korporativ lokal tarmoqni joriy etish va amalga oshirish uslublari bo‘yicha maʼruza maʼlumotlarini taqdim etishdi.
IT uchun beshta muhim boshqaruv, shu bilan birga, tizim xavfsizligini oshirish, mavjud komponentlarga xavfsizlik konfiguratsiyasini qo‘llash mavzulari bo‘yicha mutaxassis Edvin Ueyd maʼruzasi tinglovchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Mazkur mutaxassis Dragos, Inc., kompaniyasida sanoat kiberxavfsizlik, operatsion texnologiyalar (OT) va sanoat nazorati tizimlariga ixtisoslashgan asosiy eksperti va konsultanti hisoblanadi.
Zamonaviy kibermudofaa: eng yaxshi texnologiyalar va mahsulotlar, shuningdek, muhim infratuzilmalar uchun nol ishonch tarmog‘ini loyihalash uchun chuqur mudofaa tamoyillarini va OT SDN texnologiyalarini qo‘llash mavzulari bo‘yicha Yevropaning Schwitzer Engineering Laboratories S.r.l. kompaniyasi mintaqaviy texnik menedjeri Jorjio Viyelmini tomonidan o‘tkazilgan maʼruzada SEL-3355, SEL-3360E, SEL-3360S, ISO/IEC 37001 standart, zaifliklar, identifikatsiya, yo‘q qilish, tiklash (recovery) va boshqalar bo‘yicha seminar ishtirokchilari bilan birgalikda muhokamalar o‘tkazildi va zarur maslahatlar olindi.
O‘tkazilgan seminar natijalariga ko‘ra “O‘zbekiston MET” AJ xodimlari tomonidan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va tadbir tashkilotchilari hamda seminar ishtirokchilari uchun taqdim etildi.
Ushbu xizmat safaridan olingan maʼlumotlar, bilim va xulosalar kelgusida “O‘zbekiston MET” AJda axborot va kiberxavfsizlikni hamda raqamlashtirishni takomillashtirish, joriy etish va infratuzilmada mavjud axborot tizimlarni modernizatsiya qilish loyihasi doirasida bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni to‘g‘ri tashkil etishda mustahkam qadamlardan biri hisoblanadi.
Seminarda ishtirok etgan xodimlar seminar natijasi bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan yuqori baholandi va sertifikatlandi.
Shahzod Tashtayev, “O‘zbekiston MET” AJ Axborot va kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati