Yangiliklar
Xizmat safari hisoboti: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining Samarqand shahridagi yillik yig‘ilishida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining ishtiroki (2023-yil 16–17-may, Samarqand)
  • 17.05.2023
  • 290

2023-yil 16-may kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Barqarorlikka sarmoya kiritish» nomli yillik yig‘ilish va biznes forumi doirasida energetika loyihasini amalga oshirish uchun davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratilishi to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.

Bunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ o‘rtasida kredit olish uchun mandat xati imzolandi.

Shuni alohida ta'kidlash joiyzki, hujjat bilan YETTB ishtirokida «Sarimoy» podstansiyasini «Muruntov» podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Loyihani amalga oshirish Respublikamizning Shimoliy-g‘arbiy, Janubiy-g‘arbiy va Zarafshon energouzellar oralig‘ida quvvat o‘tkazish barqarorligini ta'minlash, 500 kV kuchlanishdagi, uzunligi 226 kilometrga teng bo‘lgan havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish O‘zbekiston energetika tizimining Shimoliy-g‘arbiy qismida qurilishi rejalashtirilgan quvvati 3 GVtdan ortiq yangi shamol elektr stansiyalari orqali ishlab chiqariladigan quvvatni energetika tizimining Markaziy qismiga uzatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

YETTB ishtirokida jami 4 ta, Besopan elektr uzatish tarmog‘i, «Muruntov» podstansiyasi, Sarimay–Jonkeldi elektr uzatish tarmog‘i hamda «Sarimoy» podstansiyasini «Muruntov» podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish investitsiya loyihalari bajarilmoqda. Besopan elektr uzatish tarmog‘i, «Muruntov» podstansiyasi va Sarimay–Jonkeldi elektr uzatish tarmog‘i investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 225,7 million AQSh dollariga teng.

Xizmat safarining birinchi kunida, ya'ni xalqaro tadbirlarning dastlabki ish kuni yakunlangandan so‘ng «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori Mahmud Pardaev hamrohligida Filial tarkibidagi elektr ob'ektlari ish faoliyati bilan tanishishni boshladi.

Shuningdek, xizmat safari davomida Dadajon Aynaqulovich 220/110/35/10/6 kV kuchlanishli "Cho‘pon-ota" podstansiyasi faoliyatini nazorat ko‘rigidan o‘tkazdi va podstansiyada navbatchilikda turgan mutaxasislar bilan suhbatlashib, mas'ul xodimlarga tegishli tavsiyalarini berdi.
 
Xizmat safarining ikkinchi kunida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari S.S.Artikov ishtirokida yana bir hujjat imzolandi — ACWA Power kompaniyasi hamda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ o‘rtasida birinchi vodorodli o‘g‘it loyihasi doirasida elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublika Energetika vazirligidan ham mas'ul xodimlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, xalqaro tadbir doirasida tashkil etilgan "MARKAZIY OSIYO: BARQAROR ENERGIYA YO‘LIDA" nomli yalpi majlisda  O‘zbekiston energetika sohasidda amalga oshirilayotgan loyihalar muhokama etildi. Unda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov hamda Aksiyadorlik jamiyatining boshqa vakillari ishtirok etishdi.

Ulug‘bek Urunov, "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Axborot xizmati rahbari

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>