Yangiliklar
NAVOIY VILOYATINING ZARAFSHON SHAHRI HUDUDIDA 500 MVt QUVVATGA EGA SHAMOL ELEKTR STANSIYASI QURILADI
  • 08.06.2020
  • 2243

   Bugun, 2020-yil 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi PQ-4256-son va 2019-yil 29-apreldagi «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi PQ-4300-son qarorlari asosida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri hududida «Quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish» loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati hamda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar Energy» kompaniyasi o‘rtasida videokonferensiya shaklidagi bitim imzolandi.

   Mamlakatimizdagi karantin tadbirlariga muvofiq mazkur bitim imzolash marosimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri videomuloqot orqali onlayn shaklidan o‘tkazildi.

   Ushbu investitsion loyihaning umumiy qiymati 825 mln. AQSh dollari hisobida baholangan bo‘lib, u Investor tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.

   Eslatib o‘tamiz, imzolangan bitimning «Elektr energiyasini sotib olish shartnomasi» shartlariga ko‘ra ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiya resurslari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan yagona xaridor sifatida qabul qilinib, O‘zbekiston elektr energetika umumtizimi orqali iste'molchilarga yetkazib beriladi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>