OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishishda ishlab chiqaruvchi mas’ulmi yoki iste’molchi?
  • 07.11.2022
  • 433

Qaror va ijro

Xayolingizga elektr energiyasini tejab ishlatish fikri tez-tez keladimi yoki bu haqda o‘ylashga vaqtingiz yo‘qmi? Mabodo uyingizda chiroq o‘chib qolsa, birinchi harakatingiz nimadan boshlanadi? Umuman, shu yorug‘lik manbasini ishlab chiqarish mashaqqatlari bo‘yicha qandaydir tasavvurga egamisiz?

Albatta, dunyoning ko‘plab davlatlarida elektr energiya taqchilligi kuzatilayotgan va uning narx-navosi oshayotgan bir paytda, energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish ham har bir yurtimiz fuqarosi oldida turgan katta burch va vazifaga aylanishi lozim.

Davlatimiz rahbari tomonidan aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash barobarida ushbu manbadan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish chora-tadbirlari belgilanayotgani ham bejiz emas. Negaki, yildan-yilga tabiiy resurslarning kamayib borishi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishi kuzatilayotganda, uning samaradorligi va tejamkorligi ham o‘ta muhim vazifalar sanaladi.

Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi samaradorlik va tejamkorlik bilan bog‘liqligi nechog‘lik hayotiy ekaniga ortiqcha tashbeh ham shart emas.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek URUNOV bilan suhbatimiz energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishish borasida davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda bu boradagi amaliyot va xalqaro tajriba tahliliga bag‘ishlandi.

– Darhaqiqat, energetiklarning vazifasi elektr energiyasini ishlab chiqarish va uni sifatli ko‘rsatkichlarda iste’molchiga yetkazishdir. Shu tizimda faoliyat yuritayotgan xodim sifatida aytish mumkinki, bu jarayonlar o‘ziga yarasha mashaqqatli va mas’uliyatlidir.

Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi qarori joriy yil 31 oktyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishishi va qator hujjatlarning qabul qilinayotgani bugungi kunda elektr energiyasini ishlab chiqarish bilan bir qatorda undan oqilona foydalanish ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganidan darak beradi.

Yuqoridagi qarorning 3-bandida “Ma’muriy binolarda, aholi punktlarida va ishlab chiqarish ob’ektlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining birinchi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari shaxsan javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin”, deya ta’kidlangan.

Demak, energiya samaradorligi va energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish borasida davlat idoralari vakillari shaxsan mas’ulligi belgilangan. Bunday talablar nafaqat aholi, balki davlat tashkilotlari mas’ullari zimmasiga ham katta javobgarlikni yuklaydi.

Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda elektr energiyasi uzilishlari bo‘yicha ko‘plab tanqidiy fikrlarni o‘qiymiz. Albatta, iste’molchilar doim haq. Lekin biron bir fuqaroning yoki tashkilot vakilining elektr energiyasini samarali va tejab ishlash borasida, afsuski, tanqidiy mulohazasini bildirmaydi. Nazarimda, aynan shu ikki mezon tengligiga erishish, aholi va iste’molchilarni elektr energiyasidan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga shoshilish kerak.

– Ayting-chi, xorijiy davlatlarda elektr energiyasi samaradorligi va tejamkorligi uchun qanday yechimlar ishlab chiqilgan?

– Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida energiya iste’moli masalalari 1970 yillardan buyon energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha davlat siyosati va maxsus dasturlar orqali amalga oshirib kelinadi. bugungi kunda sanoat sektori dunyodagi yillik birlamchi energiya iste’molining qariyb 40 foizini va global karbonat angidrid chiqindilarining taxminan shuncha qismini tashkil qiladi. Bu yo‘nalishda ISO 50001 xalqaro standarti qabul qilingan bo‘lib, u energiya samaradorligi masalalarini tartibga soladi.

Misol uchun, ko‘pgina tashkilotlar faoliyati energiya samaradorligi bo‘yicha xalqaro dasturlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xalqaro energetika agentligi ana shunday tashkilotlardan biri hisoblanadi. bugungi kunda Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Meksika, Kanada, AQSH, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR), Indoneziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Eron, Xitoy Xalq Respublikasi, Yangi Zellandiya, Rossiya Federatsiyasi, Braziliya, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda shunday tashkilotlar faoliyat yuritadi.

Mamlakatimizda esa Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi shu vazifani bajaradi. Jamg‘arma 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 640-son qarori bilan tashkil etilgan.

– bugungi kunda qaysi davlatlar umumiy energiya iste’moli bo‘yicha yetakchilik qiladi? O‘zbekiston ular orasida nechanchi o‘rinni egallaydi?

– Albatta, bu jarayonlar ham tegishli tashkilotlar tomonidan tahlil etiladi. Masalan, umumiy energiya iste’moli bo‘yicha birinchi o‘rinni AQSH, ikkinchi va uchinchi o‘rinni Xitoy va Hindiston, to‘rtinchi o‘rinni Rossiya egallagan.

O‘zbekiston, nonews.co ma’lumotlariga ko‘ra, “Kishi boshiga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha dunyo mamlakatlari ro‘yxati”da 88-o‘rinni egallagan bo‘lib (2014), o‘zbekistonlik bir fuqaroning yillik elektr energiya iste’moli 1645 kilovatt•soatni tashkil etgan.

Yana bir statistik ma’lumotga ko‘ra, yiliga ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida (teravatt•soat hisobida)O‘zbekiston 47-o‘rinda qayd etilgan.

Shu o‘rinda bir jihatni alohida qayd etish lozimki, O‘zbekistonda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi bilan iste’mol hajmi orasidagi tafovut (farq) hukumatlararo kelishuvlarga asosan qo‘shni davlatlardan import qilinayotgan elektr energiyasi miqdoridir. Misol uchun, Turkmanistondan import, Tojikiston va Qirg‘izistondan mavsumiy amaliyotlar, Qozog‘istondan “oldi-berdi” shartlarida elektr energiyasi tranziti amalga oshiriladi.

– Xo‘sh, energiya samaradorligi va tejamkorligiga qanday erishish mukmin? Bunga ko‘proq kim mas’ul bo‘lishi kerak? Ishlab chiqaruvchimi yoki iste’molchi?

– Energiya resurslaridan samarali, ya’ni oqilona foydalanishga qaratilgan jarayonlar majmui energiya samaradorligiga beriladigan birlamchi ta’rifdir. Binolarning energiya ta’minoti yoki ishlab chiqarish jarayonlari uchun kamroq energiya sarflash evaziga kerakli natijaga erishish ham samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanadi. Texnika va texnologiya rivojlanishining hozirgi darajasida yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishda iqtisodiy jihatdan asoslangan samaradorlikka erishish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya qilish ham shular jumlasidan. Energiya samaradorligiga oid tushuncha va bilimlar majmui muhandislik, iqtisod, huquq va ijtimoiy sohalar chorrahasida qaror topadi va har bir jamiyat uchun “lozim qiyofa”da shakllanadi.

Fizika qonunlariga ko‘ra, energiya bordan yo‘q, yo‘qdan bor bo‘lmaydi, faqat uning shakli (turi) o‘zgaradi. bugungi kunda ham elektr energiyasi aylanma mexanik harakat evaziga magnit maydon hosil qilish orqali olinadi. Negaki, uni g‘amlash yoki saqlab qo‘yishning imkoni yo‘q. Elektr energiyasining harakat tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lib, ishlab chiqarilgan ondayoq iste’mol qilinadi. Mexanik energiyasi esa issiqlik energiyasi hisobiga (bug‘-gaz qurilmalarida) paydo bo‘ladi va bu jarayonni neft-gaz mahsulotlari yoki ko‘mir yoqilg‘isiz tasavvur etish mumkin emas. Tabiiy boyliklarimiz esa behisob emas. Qolaversa, an’anaviy turda elektr energiyasi ishlab chiqarish – ekologik barqarorlikka zid ko‘rsatkich. Shuning uchun mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid o‘nlab yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mantiqiy xulosa shuki, mavjud energiya resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish davr talabi. Buning uchun foydalanilmayotgan elektr jihozlari va yoritish uskunalarini tarmoqdan uzib qo‘yish, ya’ni ofis yoki yashash xonalaridan chiqayotganingizda elektr jihozlarini o‘chirib, tarmoqdan uzish orqali tejamkorlik tomon dastlabki qadamni tashlagan bo‘lasiz. Ko‘cha-kuyda, mahallada, dam olish maskanlari-yu boshqa jamoat joylarida foydalanilmayotgan elektr jihoz va qurilmalarini tarmoqdan uzib qo‘yishni talab qilsangiz, energiya tejamkorligi va samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatgan bo‘lasiz.

Bu kabi misollarni son-sanoqsiz keltirish mumkin. Endi energiya samaradorligiga erishish ko‘proq kimga bog‘liq, degan savolingizga javob shuki, ishlab chiqaruvchi bu yorug‘lik manbasini sizga yetkazib beradi, lekin uni qanday ishlatishingiz faqat o‘zingizga bog‘liq bo‘ladi. To‘g‘ri, tegishli vazirlik aholi va iste’molchilar bilan bu masalada tadbirlar o‘tkazib, tushunchalar berishi mumkin. Lekin baribir samaradorlik va tejashga o‘zingiz mas’ulsiz. Bu yerda tomonlarga ajratish shartmas, aksincha, har bir fuqaro elektr energiyaga davlat, ya’ni xalq mulki sifatida qarash zarur. Shundagina barchamizda mas’ullik hissi oshadi.

– Bino-inshootlarning isitish tizimi tomonidan elektr energetika zimmasiga tushayotgan yukni kamaytirish, pirovardida bundan voz kechishga erishish – eng og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda! Bu haqida fikringiz qanday?

– Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida bu masalalarni hal etish bo‘yicha tadbirlar belgilangan. To‘g‘ri, bugungi kunda bunyodkorlik ishlari va ko‘p qavatli uylarning qurilish ham energetika tizimi uchun mavjud muammolarni hal etishni talab etadi.

Bunda bino-inshootlarning isitish tizimi tomonidan elektr energetika zimmasiga tushayotgan yukni kamaytirish va bundan voz kechish tadbirlari amalga oshirilishi kerakligini davrning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa tizim va iste’molchilarni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va undan unumli foydalanishga undaydi.

– Energetika sohasi, xususan, elektr energetika tarmog‘ida ham energiya samaradorligi va tejamkorligi bo‘yicha mavjud me’yoriy hujjatlarga asoslangan texnik-muhandislik tadbirlari olib boriladimi?

– Ha, elektr energetika sohasida texnologik sarflarni kamaytirish ham samarali ish koeffitsentining yorqin namunasi. Misol uchun, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 84 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va 11 ming 650 kilometr uzunlikdagi magistral elektr tarmoqlarida bu ko‘rsatkich belgilangan me’yordan kamaytirilib, ishlab chiqarish samaradorligi oshib bormoqda. Bu o‘rinda eskpluatatsiya jarayonlarini to‘g‘ri bajarish muhim sanaladi.

Har bir podstansiya yoki ma’muriy binolarda o‘z ehtiyoji uchun foydalaniladigan elektr energiyasi miqdorini ham kamaytirish soha mutaxassislari oldiga hukumat tomonidan qo‘yilgan vazifalardan biri sanaladi. Elektr ob’ektlarida xo‘jalik ehtiyoji uchun ishlatiladigan elektr energiyasini sarfini kamaytirish uchun ma’muriy binolar tomiga quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari o‘rnatilmoqda.

Energiya tejamkorligi va samaradorligi oddiy, ko‘z ilg‘amas mayda tushunchalar yig‘indisi orqali shakllangani bilan energetika, shaharsozlik, uy-joy kommunal tizimiga, sanoat korxonalaridan tortib kichik va o‘rta biznes ob’ektlariga zamonaviy, raqamli dasturlar asosida ishlaydigan uskuna va jihozlar kirib kelmas ekan, energiya tejamkorligi va samaradorligi borasidagi harakatlarimiz teshik tog‘orada suv tashigan bilan barobar.

Dastavval cho‘g‘lanma lampalardan tamoman voz kechib, zamonaviy tejamkor lampalarni harakat va yorug‘likni ilg‘ovchi sensorli qurilmalar bilan boyitib borishimiz kerak. Ko‘p quvvat talab etadigan suv nasoslari va boshqa elektr dvigatel qurilmalarini zamonaviy va ixcham, eng muhimi, kam quvvat talab qiladigan qurilmalarga almashtirish, shaharsozlik masalalari va urbanizatsiya muammolariga zamonaviy dasturlarni tatbiq etish ayni shu masalalar asosidagi katta yechimdir.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.

Manba: https://uza.uz/oz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>