OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Farg’onada elektromobillar ishlab chiqarish loyihasi yakuniy bosqichga kirdi
  • 26.09.2022
  • 278

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg’ona shahridagi o’rganishlari davomida mexanika zavodi hududida joylashgan kichik sanoat zonasidagi “Central Asia Motors” korxonasida bo’ldi. Viloyat rahbariga viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov hamrohlik qildi.

Korxonada 2021-2022 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko’zda tutilgan elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o’zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasi bo’yicha qilingan ishlar ko’zdan kechirildi. 5 million dollar tadbirkorning o’z mablag’lari, 5 million dollar bank krediti hamda 40 million dollar to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiya hisobiga jami 50 million dollar sarflanishi ko’zda tutilgan ushbu loyiha to’liq yakunlansa, 350 dan ortiq yangi ish o’rni yaratiladi. Yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqarish yo’lga qo’yiladi va uning 40 foizi eksportga yo’naltiriladi.

Shuningdek, elektromobillar uchun kuzov, zaryad stantsiyasi, akkumulyator ehtiyot qismlari mahalliylashtiriladi.

Korxona bosh direktori Bahodir Ahmedov elektromobillarni yig’ish va sinovdan o’tkazish tsexlari, ishlab chiqarish jarayonlari haqida ma'lumot berdi. Tadbirkor viloyat rahbariga elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari joriy yil yakuniga qadar boshlanishini ma'lum qildi.

Tadbirkorning Ekoshahar hududida “Akva-park” - bolalar uchun o’yingoh barpo etish loyihasini amalga oshirish bo’yicha taklifi viloyat hokimi tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Manba: https://fergana.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>