Yangiliklar
Energetika vazirligi: Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolandi
  • 31.08.2022
  • 551

Bugun, 31-avgust kuni Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavatt (MVt) quvvatga ega, O‘zbekistondagi birinchi sanoat miqyosdagi shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
 

 
 


•500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasi Markaziy Osiyodagi eng yirik loyiha hisoblanadi; yiliga 1,1 million tonna karbonat angidridni almashtirib, 500 000 xonadonni yetarli elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

•Loyiha O‘zbekistonning 2030 yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan qondirish bo‘yicha olib borilayotgan maqsadi doirasida amalga oshirilmoqda.
 

 
 

“Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston Respublikasi 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishishda pragmatik iqlim choralarini ko‘rish bo‘yicha umumiy maqsadlarga erishishni ilgari surmoqda. BAA va “Masdar”ning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha katta tajribasidan foydalangan holda, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mintaqada yetakchi o‘rinni egallashi, global energiya almashinuvini kuchaytirishga yordam berish va uglerod chiqindilarini kamaytirishda dadil qadam tashlanmoqda. Ushbu loyiha O‘zbekistonning energiya xavfsizligi va diversifikatsiya strategiyasiga ijobiy hissa qo‘shish bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, - dedi BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus elchi va “Masdar” kompaniyasi raisi doktor Sulton Ahmad Al-Jaber.
 

 
 

“Bugun biz ushbu muhim loyihada muhim bosqichga erishganimizni nishonlayapmiz, bu O‘zbekistonni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha o‘zining ulkan maqsadlariga erishish yo‘lida yana bir qadamga yaqinlashtirmoqda. O‘zbekiston “Masdar” uchun asosiy strategik investitsiyaviy yo‘nalishdir va biz mamlakatdagi kuchli loyihalar portfelini rivojlantirish va ularni amalga oshirishda davom etishni intiqlik bilan kutamiz”, - dedi “Masdar” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramohi shunday dedi.
 

 
 

“Masdar” 2020 yilda O‘zbekiston hukumati bilan Markaziy Osiyodagi eng yirik loyiha bo‘lgan Zarafshon shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va ishlatish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi. Loyiha 600 million AQSH dollaridan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi kutilmoqda va O‘zbekistonning 2030 yilga qadar elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan qondirishga qaratilgan saʼy-harakatlarining bir qismi bo‘lib hisoblanadi.

Zarafshon shamol elektr stansiyasi “Masdar”ning O‘zbekistondagi ikkinchi sanoat miqyosdagi yirik loyihasi bo‘lib, birinchisi Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi bo‘lib, u 2021 yilda ishga tushirilgan edi.
 

 
 

2024 yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur 500 MVt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasi yiliga 1,1 million tonna zararli chiqindilarni chiqishini oldini oladi, shu bilan birga 500 mingta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. “Masdar” 2020 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmog‘i” AJ bilan Zarafshon shamol elektr stansiyasi uchun investitsiya va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi.
 


Shuningdek, “Masdar” o‘tgan yili O‘zbekistonda umumiy quvvati 897 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyalari (QFES) loyihalarini qurish bo‘yicha bitimlarni ham imzolagan edi. Loyihalar O‘zbekistonning Samarqand, Jizzax va Sherobod viloyatlarida ishga tushiriladi.
 

 
 

“Masdar” dunyodagi eng tez rivojlanayotgan qayta tiklanuvchi energiya kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning quvvati 2030 yilga borib 50 GVt, keyingi yillarda esa 100 GVtdan oshishi kutilmoqda. 




“Masdar” kompaniyasi haqida

Abu-Dabining qayta tiklanuvchi energiya kompaniyasi – “Masdar” global barqarorlik muammolarini hal qilish uchun qayta tiklanuvchi energiya, barqaror shahar rivojlanishi va toza texnologiyalarni tijoratlashtirish va amalga oshirishni ilgari surmoqda. Bugungi kunda “Masdar” 40 ga yaqin mamlakatlarda, jumladan BAA, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Mavritaniya, Misr, Marokash, Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Serbiya, Hindiston, Indoneziya, O‘zbekiston va boshqa ko‘plab mamlakatlarda faoliyat yuritadi.




 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/2122

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>