Yangiliklar
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 8 nafar xodimlarining «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutiga (Shveytsariya) xizmat safari hisoboti
  • 01.08.2022
  • 655

•  Xizmat safari muddati: 2022-yil 27-iyundan 1-iyul sanasiga qadar.

•  Xizmat safarining tashkiliy asosi: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hitachi Energy Switzerland Ltd» instituti o‘rtasida 2022-yil 12-iyun kuni imzolangan shartnoma; «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning 2022-yil 22-iyundagi 146-sonli buyrug‘i .

•  Xizmat safariga yuborilgan xodimlar ro‘yxati: R.Ibragimov, «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori; A.Baymuhammedov, «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori; R.Safarboyev, «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori; I.Safarov, «Energo-IT» filiali direktori; I.Abdug‘aniyev, «O‘zbekiston MET» AJ Investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhi 2-toifali mutaxassisi; M.Muqimov, «O‘zbekiston MET» AJ SCADA loyihasi rahbari; S.Imomxo‘jayev, «O‘zbekiston MET» AJ Maxsus xizmat sektor boshlig‘i; L.Turapov, «O‘zbekiston MET» AJ Rele himoyasi va avtomatika markaziy xizmati 2-toifali mutaxassisi.

•  O‘quv-trening mavzusi: «Elektr energetikasi tarmog‘ida raqamlashtirish»

• Xizmat safaridan ko‘zlangan maqsad: Elektr energetika tarmog‘ini raqamlashtirish jarayonida xorij tajribasini o‘rganish.

• Natijalar: Xizmat safari davomida raqamli podstansiyalarning bugungi kundagi ahamiyati va elektr energetika tarmog‘idagi ish samarasi, ularni ekspluatatsiya qilishdagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, potensial xavf-xatarlar va boshqarishdagi zamonaviy dasturiy ta'minotlar o‘rganildi. Institut treninglar markazidagi simulyasiya laboratoriyalarida podstansiyadagi jarayonlar virtual tarzda hosil qilindi va podstansiya boshqaruvi onlayn rejimda amalga oshirildi.

Trening mashg‘ulotlarining birinchi kuni

  Xizmat safarining birinchi kunida «O‘zbekiston MET» AJ xodimlari Shveytsariyaning Baden shahridagi «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutining treninglar markaziga tashrif buyurishdi. Trening darslari avvalida «Hitachi Energy Switzerland Ltd» instituti va uning faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Taqdimot davomida bugungi kunda «Hitachi Energy Switzerland Ltd» instituti tomonidan podstansiyalar uchun kuch qurilmalari, rele himoyasi, avtomatika va aloqa qurilmalari ishlab chiqarilishi hamda monitoring va boshqaruv uchun maxsus dasturiy ta'minotlardan, jumladan LUMADA APM, LUMADA EAM va LUMADA FSM dasturlari amaliyotda foydalanilayotganligiga alohida urg‘u berildi.

  Shundan so‘ng, trening markazining malakali mutaxassislari tomonidan elektr energetikasida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, «raqamli yechimlar», raqamli telekommunikatsiya tizimlari va raqamli boshqaruv bo‘yicha asosiy ma'lumotlar keltirib o‘tildi.

  LUMADA – Hitachi kompaniyasining raqamli innovatsiyalarni boshqarish uchun ma'lumotlarni qayta ishlovchi ilg‘or raqamli yechimlari, xizmatlari va texnologiyalari kompleksi hisoblanadai. Ushbu kompleks tahlil qilish va takliflar berish uchun birlamchi ma'lumotlarni SCADA, ERP, o‘zining tarkibida bo‘lgan LUMADA APM, LUMADA EAM va LUMADA FSM kabi tizimlardan qabul qilishi mumkin.

Trening mashg‘ulotlarining ikkinchi kuni

  Xizmat safarining ikkinchi kunidagi darslarda asosiy mavzu — IEC 61850 xalqaro standarti va podstansiyada sinxronizatsiya turlari bilan tanishish bo‘ldi.

IEC 61850 — bu podstansiyada joylashgan turli xil qurilmalar, masalan, himoya, boshqarish va o‘lchash uskunalari, shuningdek, aqlli yelektron qurilmalar (IEDs) o‘rtasidagi aloqani ta'minlash uchun aloqa protokollarini belgilaydigan xalqaro standartdir.

  Birinchi versiyasidan boshlab ushbu standart podstansiya aloqa tarmoqlari va tizimlarini boshqarishda katta muvaffaqiyatlarga erishgan.

IEC 61850 aloqa protokollari

  Internet protokoli tuzilmalari ma'lumotlarni uzatishning xavfsiz usulini ta'minlasa-da, real vaqtda tizimlar uchun nisbatan sekin. Shuning uchun mazkur standart turli xil protokollar uchun jarayonni tezlashtiradi:

⇒  MMS (Manufacturing Messaging Specification): Mikroprotsessorli qurilmalar va SCADA tizimi o‘rtasida konfiguratsiya va ma'lumotlar almashinuvini monitoringi uchun keng qo‘llaniladi;

⇒  GOOSE (Generic Object-Oriented Substation Events): Mikroprotsessorli qurilmalar o‘rtasida o‘zaro xabarlar almashinuvi uchun ishlatiladi;

⇒ SV (Sampled Measured Values): Energotizimda tok va kuchlanish transformatorlaridan keluvchi o‘lchash, himoya qilish hamda boshqarish qiymatlarining tez va ishonchli aloqasini ta'minlaydi.

IEC 61850 qurilmalarning podstansiyada qanday aloqa qilishini va tegishli tizim talablarini tavsiflaydi. Vaqtni sinxronlashtirish (Time synchronization) — bu tarmoqdagi barcha qurilmalarning sanasi va vaqtini sinxronlashtirishdir.

Sinxronlashtirish — raqamli podstansiyaning vaqtga sezgir dasturlari ishida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu ko‘rsatkich IEC 61850 standartida muhim talab sifatida qayd etilgan.

Trening mashg‘ulotlarining uchinchi kuni

Xizmat safarining uchinchi kunida raqamli podstansiya arxitekturasi o‘rganildi. Shu bilan birga, raqamli podstansiyadagi kuch qurilmalarining boshqaruvi maxsus laboratoriyada simulyasiya (mashq) qilindi.

Podstansiya tizimi arxitekturasi 4 ta darajaga bo‘linadi:

1) Network level — tarmoq darajasi;

2) Station level — operatsiyalar, muhandislik funksiyalari va hisobotlari bajariladigan stansiya darajasi;

3) Bay level — tizimni himoya qilish va boshqarish funksiyalari amalga oshiriladigan darajasi;

4) Process level — o‘lchov transformatorlari va boshqa transdyuserlardan (o‘zgartirgich) signallar uzatiladigan jarayon darajasi.
Trening markazdagi simulyator laboratoriyasida podstansiyadagi kommutatsion jarayon virtual tarzda hosil qilindi. Bunda avval dasturga qurilmalarning tavsifi, kommutatsion qurilmalarning o‘zaro aloqasi va ularning bog‘lanish ketma-ketligini ta'minlash muhim hisoblanadi.

Trening mashg‘ulotlarining to‘rtinchi kuni

Xizmat safarining navbatdagi kuni raqamli podstansiyaning asosiy elementi hisoblangan analog signallarni o‘zgartiruvchi blok — Merging Unit’ning ish jarayonini o‘rganish va tahlil qilishga bag‘ishlandi.
Analog signallarni o‘zgartiruvchi blok — bu kuchlanish va tok transformatorlaridan keluvchi analog signallarni yig‘ish va boshqa rele himoyasi va avtomatlashtirilgan jarayonlarni boshqarish tizimlari qurilmalariga raqamli shaklda ma'lumotlarni uzatish uchun mo‘ljallangan.

Trening mashg‘ulotlarining beshinchi kuni

Treningni so‘nggi kunida «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutining sinov va sertifikatlash laboratoriyalariga, kommunikatsiya va kiberxavfsizlik markazlariga tashrif buyurilib, ularning faoliyati o‘rganildi.

Xulosa o‘rnida: axborot texnologiyalari, raqamli dasturlar tez sur'atlarda rivojlanayotgan bugungi kunda O‘zbekiston energotizimida raqamli texnologiyalar, shuningdek, raqamli podstansiyalarni jahon tajribasiga suyangan holda joriy qilish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Xizmat safariga yuborilgan mutaxassislar guruhi nomidan hisobot tayyorlovchi:
Ismoil Abdug‘aniyev, «O‘zbekiston MET» AJ Investitsion loyihalarni amalga oshirish guruhi 2-toifali mutaxassisi


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>