“O‘zgidromet”ning xabar berganidek, joriy yilning 17-22-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi kuchayishi sababli kunduz kunlari ayrim hududlarda havo harorati +47 darajagacha ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
Ma'lumki, havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Buning natijasida, elektr tarmoqlari va transformator punklarida yuklama ortishi va natijada tarmoqda nosozliklar kelib chiqishi mumkin.
Bunday anomal issiq kunlarda elektr tarmog‘ida zo‘riqishlarni oldini olish uchun xonadonlarga va ofislarga quyidagilar tavsiya etiladi:
1. Konditsionerlar ishlayotgan xonada eshik va derazalarni yopish;
2. Konditsionerni avtomatik rejimda ishlatish;
3. Xonadon sohiblari iloji bo‘lsa, hamma xonalarda emas, quyoshga teskari bo‘lgan bir yoki ikki xonada konditsioner ishlatib, o‘sha xonalarda bo‘lishlari;
4. Kunning issiq paytida (soat 12:00dan soat 20:00gacha) imkon qadar boshqa xo‘jalik elektr buyumlari (elektr choynak, dazmol, chang yutkich, mikroto‘lqin uskuna, kir va idish yuvish mashinalari) ni ishlatmaslik;
5. Muzlatkich (xolodilnik)ni quyosh tushmaydigan joyda, devorlardan kamida 15 sm masofa uzoqlikda ushlash;
6. Binoning quyosh tushadigan tarafidagi derazalar tashqarisidan, xonalarga quyosh tushishini cheklovchi matoli yo boshqa materiallardan to‘siqlar qo‘yish;
7. Shunda quyosh xona ichini emas, tashqaridagi materialni qizdiradi. Xona salqinroq bo‘ladi;
8. Do‘konlar, elektr sarfini kamaytirish maqsadida, muzlatkichlarning tashqi qurilmalarini do‘kon tashqarisiga joylashtirishlari taklif qilinadi. Shunda do‘kon ichida keraksiz issiqlik hosil bo‘lmaydi va do‘konni sovituvchi konditsionerlar ortiqcha elektr iste'mol qilmaydi;
9. Har bir xonadon, uy, ofis va do‘kon shu muhofaza choralarini ko‘rsa, o‘sha hududdagi transformator yuklamasining ortishining ehtimoli kamayadi.
Ta'kidlash kerakki, global iqlim o‘zgarish oqibatida elektr energiyasini tejashga chaqiriqlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilmoqda:
1. Texas shtati ourtx.com
2. yevropa ittifoqi nokta.md
3. Yaponiya theweek.in
4. Xitoy scmp.com
5. AQSh google.com
6. AQSh google.com va hokazo.
Energetika vazirligi va vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar tomonidan havo haroratining keskin ko‘tarilishi kunlarida iste'molchilarga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, ushbu kunlarda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stansiyalarda zaxira energobloklari ishga qo‘shiladi. Elektr energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish maqsadida joriy yil boshidan 2 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 330 dan ortiq transformator punklari yangilandi.
Bundan tashqari past kuchlanishli 17 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 6 mingga yaqin transformator punkti, shuningdek 110-500 kV kuchlanishli 600 kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmog‘i va 7 ta kuch transformatorlari mukammal ta'mirlandi.
Barcha elektr stansiyalarda 24 soatlik navbatchilik guruhlari tashkil etildi. Buning natijasida ishlab chiqarish quvvatlari barqarorligi ta'minlanadi. Xuddi shuningdek, elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tunu-kun ishlaydigan 227 ta avariyaga qarshi brigadalar tashkil etildi.
Ushbu vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan oqilona foydalanishimiz natijasida elektr qurilmalarining uzoq muddatga ishdan chiqishini oldi olgan bo‘lamiz hamda energiya resurslarini barcha iste'molchilarga barqaror yetib borilishiga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Shu o‘rinda iste'molchilardan elektr energiyasi ta'minoti yuzasidan 11-54 qisqa raqami yoki Telegram’dagi (@HET_admin) adminstratorga murojaat qilishlarini so‘raymiz.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
https://minenergy.uz/uz/news/view/2066
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati