Yangiliklar
Energetika vazirligi: Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 200 MVt bo‘lgan navbatdagi shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderda ishtirok etishga 12 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi
  • 19.07.2022
  • 554

Joriy yilning 1-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida navbatdagi shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirilishiga malakali investorlarni tanlash maqsadida “Dastlabki malaka hujjatlari to‘plamini taqdim etishga doir so‘rov” (RFQ) jarayoni bilan boshlanuvchi ikki bosqichli tender jarayoniga start berilgan edi.

Mazkur RFQ so‘roviga javoban 2022-yil 17-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga xalqaro kompaniyalardan 12 ta ariza kelib tushdi.

Loyiha yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Qorao‘zak tumanlari hududida quvvati 200 MVtga teng bo‘lgan navbatdagi shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Tender jarayoni eng yuqori xalqaro standartlar hamda ochiqlik va shaffoflik talablariga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Hukumati (Hukumat) 2030-yilgacha mamlakatimizda 12 GVt quvvatga ega ekologik toza energiya ishlab chiqarish maqsadida keng ko‘lamli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirmoqda.

Ushbu tashabbus doirasida Hukumat yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan umumiy quvvati 2 000 MVt (Shamol dasturi) bo‘lgan yirik shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Tender komissiyasi ushbu 12 ta kompaniyadan kelib tushgan arizalarning to‘liqligi va RFQ ning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashga kirishadi, shundan so‘ng malakali ishtirokchilar e'lon qilinadi. Keyinchalik malakali ishtirokchilar tender jarayonining ikkinchi bosqichida (Takliflar so‘rovi (RFP)) ishtirok etishga taklif qilinadi.

Tenderda qiziqish bildirgan, dastlabki saralash talabnomalarini taqdim etgan hamda arizalari tender komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladigan va baholanadigan kompaniyalar ro‘yxati (alifbo tartibida):

1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar (BAA)

2) ACWA Power Company (Saudiya Arabistoni)

3) Concord New Energy Group Limited (Gonkong)

4) Consortium of China Datang Overseas Investment Co. Ltd. va Goldwind International Holdings (HK) Limited (Xitoy, Gonkong)

5) Consortium of GD Power Development Co. Ltd. va China Shenhua Energy Company Limited (Xitoy)

6) EDF Renewables (BAA)

7) Eksim Enerji Anonim Sirketi (JSC Eksim Enerji) (Turkiya)

8) Gaia Energy Limited (Kayman orollari)

9) ReNew Vyan Shakti Private Limited (Hindiston)

10) The Kansai Electric Power Company (Yaponiya)

11) Universal Energy Co. Ltd. (Xitoy)

12) Voltalia SA (Fransiya)

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumaniga tashrif buyurib, 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘yib bergan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ushbu tenderni qo‘llab-quvvatlovchi Yaponiya hukumati va YETTBga tashakkur bildiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2063

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>