Ma'lumki, respublikada yoqilg‘i-energetika resurslariga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, oxirgi besh yilda aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt.soatdan 16 mlrd kVt.soatgacha (1,5 barobarga ko‘p), tabiiy gaz hajmi esa 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga (1,3 barobarga ko‘p) oshmoqda.
Ma'lumot uchun. Joriy yil 18-mayda Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Energetika vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan Energetika sohasini isloh qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma bayonotda amalga oshiriladigan islohotlarning zaruriyati batafsil yoritilgan.
Energiya ta'minotidagi uzilishlar (2021-yilda haqiqiy talabga nisbatan 2-3 mlrd kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilmagan), ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining pastligi, soha korxonalarining moliyaviy holati barqaror emasligi sababli yuzaga kelayotgan energiya resurslariga bo‘lgan qo‘shimcha talabni ta'minlash uchun yangi quvvatlarini barpo etish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilishni talab etmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Energetika vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta'minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olindi. Xalqaro tajriba asosida aholining kam ta'minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Ma'lumot uchun. Respublikada elektr energiyasi iste'mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud bo‘lib, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt.soatgacha elektr energiyasini iste'mol qiladi. Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste'mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, tabiiy gaz iste'mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Ushbu xonadonlarning 85 foizi, ya'ni 3,4 mln ta abonent oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste'mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste'molining bor-yo‘g‘i 35 foizi (4,5 mlrd kub m) to‘g‘ri keladi.
Yuqoridagi ko‘rsatkichlar energoresurslarni iste'mol qilishning yil davomida o‘rtacha oylik darajasini ifodalaganligi sababli, o‘rtacha oylik iste'molning aniq miqdorlarini aniqlash maqsadida Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi abonentlarda tanlanma o‘rganish o‘tkazildi.
Misol uchun, o‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 86 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 65 foiz hamda hovlilarda yashovchi 57 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi iste'mol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 78 foiz, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 77 foiz hamda hovlilarda yashovchi 44 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi iste'mol qilgan.
Shuningdek, yuqoridagi hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 99 foiz hamda hovlilarda yashovchi 86 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste'mol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 93 foiz hamda hovlilarda yashovchi 64 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste'mol qilgan.
Shundan kelib chiqib, ijtimoiy norma miqdori elektr energiyasi iste'moli bo‘yicha 250 kVt.soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha mavsumiylik nuqtai nazaridan kelib chiqib, aprel-sentyabr oylari uchun 200 kub metrgacha va oktyabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha miqdorida o‘rnatilmoqda.
Mazkur qaror loyihasi bilan 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
a) aholi uchun 1 kVt.soat elektr energiyasi iste'moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt.soatdan yuqori har 1 kVt.soat uchun – 650 so‘m;
Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda
250 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgachani, 300 kVt.s gacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgachani va 400 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgachani tashkil etadi.
b) 1 kVt.soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
a) aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste'moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun –1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha –
410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m.
Misol uchun, isitish mavsumida 700 kub m gacha tabiiy gaz iste'mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1 000 kub m gacha iste'mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub m gacha tabiiy gaz iste'mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste'mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil etadi.
b) 1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1 200 so‘m, issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 150 so‘m.
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi. “Hududgazta'minot” AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma-kun yetkazib berish choralarini ko‘rmoqda.
Korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun “perspektiv mo‘ljal”ni ko‘rsatish maqsadida joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023-yil 1-apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda, 2023-yil 1-apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda:
a) Elektr energiyasi bo‘yicha:
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narxni saqlab qolish;
qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m.
b) Tabiiy gaz bo‘yicha:
issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1 200 so‘m;
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun – 1 350 so‘m;
avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun –1 400 so‘m;
qolgan yuridik shaxslar uchun – 1 350 so‘m etib belgilash.
2023-yil 1-apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024-va 2025-yillarda faqatgina inflyasiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi, 2026-yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
https://mineconomy.uz/uz/news/view/4615 - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasiga tushuntirish xati
https://minenergy.uz/uz/news/view/1962
https://uza.uz/oz/ - Qaror loyihasi bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun yangi narx belgilandi
https://kun.uz/uz/ - “Energiya narxi oshishi hech kimga yoqmaydi, lekin bu – achchiq dori” - Umid Obidxo‘jayev
https://www.xabar.uz/uz/ - O‘zbekistonda energetika islohoti boshlanyapti
https://www.gazeta.uz/oz/ -1 iyuldan elektr energiya va gaz narxini «ijtimoiy norma» asosida oshirish taklif etilmoqda
https://qalampir.uz/uz/ - O‘zbekistonda gaz va “svet” narxi qanchaga oshirilishi muhokamaga qo‘yildi
https://review.uz/uz/ - O‘zbekiston elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tadi
https://daryo.uz/ - “Elektr energiyasi narxining oshishi o‘g‘rincha foydalanuvchilar ko‘payishiga sabab bo‘lmaydi” — Ulug‘bek Mustafoyev
https://oz.sputniknews-uz.com/ -Birinchi iyuldan elektr va gaz boʻyicha tabaqalashtirilgan tariflarga oʻtiladi – tafsilotlar
https://zamon.uz/ -1-iyuldan elektr energiyasi va gaz tariflari oshiriladi
https://kun.uz/uz/37644841 - Gaz va elektr energiyasi tariflariga ijtimoiy norma kiritiladi
https://www.gazeta.uz/ - O‘zbekistonda gaz va elektr energiya uchun «ijtimoiy norma» joriy etiladi
https://t.me/rost_24uz/5110 - NARX OSHDI: 1 iyuldan elektr energiyasi uchun bir kilovatt soatga 325 so‘m to‘lanadi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati