Kelib tushgan murojaatlar
FUQARO MUROJAATI: ANDIJON VILOYATI, OLTINKO‘L TUMANI, DALVARZIN MAHALLASIDANMAN…
  • 13.11.2019
  • 3528

...Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani, Dalvarzin mahallasidan Tohir Burundukov ismli fuqaroman. Elektr ta’minotida ma’lum cheklovlar bo‘layotganini tushundik, tushunolmaganimiz hududimizdagi o‘chishlarda «adolatsizlik» bo‘lmoqda, hokim va uning o‘rinbosarlari yashaydigan hudud hamda namunali uylar tushgan hududda cheklovlar nisbatan kam, bizning mahallada esa soatlab ta’minotda uzilish bo‘ladi. Biz iste’molchi sifatida pulini to‘layotganimizdan so‘ng elektr ta’minoti shartnomada ko‘rsatilganidek uzluksiz va sifatli bo‘lishi lozim. Tuman hududiy elektr tarmoqlari «Buni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ dispetcherlik xizmatidan o‘chirayapti, bizga bog‘liqmas», degan javob qilishmoqda...

   FUQARO MUROJAATIGA JAVOB

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ asosan «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ hamda «O‘zbekgidroenergo» AJ tasarrufidagi stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyani yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari orqali transportirovka qilish bilan shug’ullanadi va iste’molchilar (yuridik hamda jismoniy shaxslar) bilan shartnomalar imzolamaydi. Biroq energotizimda barqarorlik, ya’ni elektr energiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida texnik-muhandislik muvozanatni saqlab turish bilan shug’ullanuvchi milliy dispetcherlik boshqarmasi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

   Milliy dispetcherlik xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Andijon viloyatida xuddi Respublikamizning boshqa hududlaridagi kabi turli favqulotda avariyalar sodir bo‘lganda, ta’mirlash ishlari olib borilayotgan paytda, shuningdek, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, energotizim muvozanatini saqlash uchun elektr ta’minotida vaqtincha cheklovlar sodir bo‘lishi mumkin. Tuman (shahar) miqyosidagi energotizim muvozanatini barqarorlashtirish «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning hududlardagi bo‘limlari dispetcherlariga yuklatilgan vazifa. Ular ham zaruriyat bo‘lmaganda hudud joylashuvi yoki boshqa ko‘rsatkichlarga ko‘ra elektr ta’minotini tarmoqdan uzishmaydi.

   Joriy rejimlarda Andijon viloyati «Hududiy elektr tarmoqlari»ga kuniga 14,4 mln.kVt•soat elektr energiyasi yetkazib berilib, bu shartnomaviy miqdordan 1,27 mln. kVt•soatga ko‘proq degani. Oy boshidan esa ushbu viloyatga shartnomaviy miqdordan 11,0 mln. kVt.soat ko‘proq elektr energiyasi yetkazib berilgan. Shunday ekan, elektr ta’minotidagi uzilishlarga asosiy sabab texnik nosozliklarni bartaraf etish chog‘ida xavfsizlik qoidalariga binoan vaqtincha uzilishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

   Fuqaro Tohir Burundukov ushbu masalada «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ viloyat va tuman bo‘limlariga murojaat qilishi maqsadga muvofiq.

   Qo‘shimcha ma’lumot: fuqaro murojaatini o‘rganishimiz natijasida Andijon viloyatidagi magistral hamda hududiy elektr tarmoqlari mas’ullari bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Tohir Burundukov bundan oldin ham bir necha marta elektr ta’minotidagi nosozliklardan shikoyat qilib murojaat qilgan. Murojaatlar o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilgan. Shikoyatlarning mazmuni deyarli bir xil va arznomalarda talab bitta — elektr ta’minoti uzluksiz bo‘lmog‘i lozim. Iste’molchi o‘z talabida haq. Biroq shuni unutmaslik kerakki, elektr ta’minoti murakkab texnologik jarayon. Unda turli nosozliklar bo‘lishi mumkin. Hozirda energotizim barqaror faoliyat ko‘rsatishi uchun bir qator ishlar olib borilmoqda va bu ma’lum vaqt hamda mablag‘ talab etadigan bosqichli jarayon.

   Bugun, 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligi va tizim tasarrufidagi tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ham jurnalistlar tomonidan shu va shu kabi savollar berildi. Soha mutaxassislari OAV vakillarining savollariga batafsil javob berib, tizim faoliyati va muammolarini ochiq oshkor qilishdi. Amalga oshirilgan ishlar va yechimi topilgan ko‘plab masalalar ham e’tirof etildi. Fuqaro T.Burundukovga OAV e’lonlarini kuzatib borish hamda elektr ta’minoti tizimida mavjud muammolar va ularning yechimi xususidagi «Elektr energiyasi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilishiga majbur bo‘linmoqda!» nomli tahliliy maqola (http://uza.uz/) bilan tanishishni tavsiya etamiz.

   Bundan tashqari, «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati fuqaro T.Burundukovga ham iste’molchi, ham fuqarolar nomidan jamoat fikrini yetkazuvchi jonkuyar sifatida Oltinko‘l tumanidagi mazkur masalani ko‘tarib chiqqani uchun minnatdorlik bildiradi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo`ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>