Bugun, 2022-yil 31-mart kuni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi barcha korxona, filiallar va markaziy apparatida hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomi nazorati, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha biriktirilgan mas'ul xodimlar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
ZOOM platformasi orqali masofadan ulangan shaklda o‘tkazilgan seminarni “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari F.M.Qurbonov ochib berib, anjuman ishtirokchilariga amaliy seminar samarali o‘tishini tiladi.
Feruz Mustafoevich o‘z ma'ruzasida hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomi nazorati, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonining energetika sohasida o‘ziga xosligi, Aksiyadorlik jamiyati ish samaradorligini baholashda uning ahamiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan elektr energetika tarmog‘ida bajarilayotgan ishlar ko‘lami ko‘p tomonlama ijro intizomiga qat'iy rioya qilinishiga bog‘liqligi xususida o‘z fikrlarini bayon etdi.
So‘ng so‘z navbati seminarda masofadan turib ishtirok etayotgan soha mutaxassisi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasining yetakchi maslahatchisi A.J.Davletovga berildi. Artur Jumabaevich “Qonunchilik hujjatlar va topshiriqlar ijrosini ta'minlashda nazoratni tizimli yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari” mavzusida ma'ruza qildi.
Seminarning navbatdagi ma'ruzachisi "UNICON-SOFT" MChJ Axborot tizimlarini joriy qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘limining yetakchi muhandisi Q.Q.Xudoyberdiev bo‘ldi. Qahramon Qudrat o‘g‘li ijro.gov.uz tizimidan samarali foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida o‘zining foydali tavsiyalarini berib, seminar ishtirokchilariga slaydli taqdimot namoyish qildi.
Seminarda, shuningdek, O‘zbekiston MET” AJ Ijro intizomi nazorati bo‘limi boshlig‘i Feruza Mirxatamovna Xadjimuratova, “Hujjatlar bilan ishlash va ijro intizomini mustahkamlash talablarini amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida, “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Pulatovich Urunov “Hujjatlar bilan ishlashda xodimlar mas'uliyatini oshirish” mavzusida ma'ruza qilishdi. Bundan tashqari, “Energo-IT” filiali mutaxassislari hamda huquqshunoslar o‘z yo‘nalishlarida mavzuga taalluqli masalalarga oydinlik kiritishdi.
Seminar savol-javoblar va mavzuga tegishli masalalar muhokamasi bilan yakunlandi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi barcha korxona, filiallar va markaziy apparatida hujjatlar bilan ishlash, ijro intizomi nazorati, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha biriktirilgan mas'ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati