OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: Davlatlararo komissiya yanvardagi blekautga O‘zbekistondagi uzilish sabab bo‘lganini ma’lum qildi
  • 16.03.2022
  • 252

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika tizimlarining tizim operatorlari vakillaridan iborat “Energiya” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining maxsus komissiyasi 25-yanvar kuni sodir bo‘lgan elektr ta’minoti uzilishi sabablarini tekshirishni yakunladi. Bu haqda Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, komissiya avariyaga O‘zbekiston energetika tizimi elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lganini aniqlagan. Shu kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:59 da Sirdaryo IESning 500 kV kuchlanishli “Toshkent” podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV liniyasining ajratgichida (yacheykasida) qisqa tutashuv sodir bo‘lgan

Keyinchalik birinchi va ikkinchi 500 kV shina tizimlarining differensial himoyasining haddan tashqari ishlashi Sirdaryo IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, stansiyaga tutash elektr tarmoqlarida bir necha marta uzilishlarga va Qozog‘istonning Yagona elektr energetika tizimining 500 kVlik tranzitiga 2100 MVt quvvat yuborilishiga (ruxsat etilgan darajadan 7 baravar yuqori) olib kelgan.

“KEGOC elektr tarmoqlari va Qozog‘iston janubidagi elektr stansiyalarining avariya avtomatlari tizimdagi avariya holatlarida energiya tizimini ajratish talablarini inobatga olgan holda normal rejimda ishladi. Buning yordamida Qozog‘istonning janubiy zonasidagi iste’molchilarning to‘liq uzilishining oldini olish, mamlakat janubidagi iste’molchilarning qariyb 60 foizini elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlari to‘liq quvvatsizlantirildi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, halokatni bartaraf etish va Qozog‘istondagi barcha iste’molchilar uchun cheklovlarni olib tashlash uchun 4 soat vaqt ketgan. Qirg‘izistonda sxema va rejim tiklanishiga bir sutkadan ko‘proq vaqt ketgan. O‘zbekistonda esa iste’molchilarni energiya bilan ta’minlashni tiklash ishlari to‘rt kun davom etgan.

Avvalroq Qozog‘istonda elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha mas’ul operator KEGOC Qozog‘istonning janubiy viloyatlari, O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlari va butun Qirg‘izistonni qamrab olgan Markaziy Osiyo yagona elektr tizimidagi o‘chish sabablari to‘liq tafsilotlarini e’lon qilib, elektr energiyasidagi uzilish Sirdaryo IES tufayli ro‘y berganini tasdiqlagandi.

25-yanvar kuni KEGOC boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev “Nastoyashyee vremya”ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda avariya yuz bergani, buni oqibatida stansiyaning 4 ta enerogobloki ishdan chiqqanini aytgan edi. Bu Qozog‘iston energetika tizimidagi kuchlanishning oshishiga olib kelgan.

26-yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Nazirov Sirdaryo IESda nosozlik yuz berganini tasdiqlagandi: “1600 megavattlik katta quvvat yo‘qotildi (IESning umumiy quvvati 3200 MVt — tahr.). Avariyaga qarshi himoyaning ishga tushib ketishi natijasida butun respublika bo‘ylab ishlab chiqarish obyektlari tizimdan uzib qo‘yildi”.

27-yanvar kuni qozog‘istonlik elektroenergetika bo‘yicha ekspert Petr Svoik “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida avariya Sirdaryo IESda sodir bo‘lgani haqida gapirgan edi. U, shuningdek, mintaqa energiya halqasi qanday tarkib topgani va inqiroz yana takrorlanishi mumkin yoki yo‘qligi borasida o‘z fikrlarini bildirgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi 28-yanvar kuni bosh vazir raisligidagi hukumat komissiyasi yuz bergan hodisa sabablarini o‘rganishda davom etayotganini xabar qildi. “Komissiya ishi natijalariga ko‘ra, ma’lumotlar rasman e’lon qilinadi”, — deyiladi xabarda.

 

Manba: https://daryo.uz/2022/03/16/davlatlararo-komissiya-yanvardagi-blekautga-ozbekistondagi-uzilish-sabab-bolganini-malum-qildi/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>