Yangiliklar
“Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filiali: yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ostidan yuk olib o‘tish tartib-qoidalari buzilgan
  • 15.03.2022
  • 612

Ma'lumki, elektr ta'minotining barqaror faoliyati yuzlab ta'sir omillariga bog‘liq. Bu haqda elektr energiyasi iste'molchilariga ko‘plab maqola va ma'lumotnomalar, video hamda infografikali axborot taqdim etdik va iste'molchi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini davom ettirmoqdamiz.

 

Yurtimizda davom etayotgan surunkali yomg‘ir, kuchli shamollar elektr ta'inoti tizimida, ayniqsa past kuchlanishli taqsimlash tarmoqlarida birmuncha nosozliklar qayd etilayotgani ko‘rsatmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmatining xabar berishicha, bundan nosozliklar kuchaytirilgan tartibda ishlayotgan ta'mirlash-sozlash brigadalari tomonidan kecha-yu kunduz amalga oshirilmoqda:

 

Ming afsuski, huquqiy jihatdan ijrosi ta'minlanishi belgilangan tartib-qoidalarni ayrim fuqarolar bilmaydi yoki unga rioya qilishni istashmaydi.

E'tiboringizga, misollar tariqasida, quyidagi xabarnomalarlarni havola etamizki, bu haqda kengroq tushunchalarga ega bo‘lish iste'molchilar uchun muhim:

ELEKTR TA'MINOTIDAGI UZILISHLAR: ODDIY NOSOZLIKDAN OG'IR OQIBATLI FOJIALARGACHA  https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/698

TOIFALANGAN SANOAT KORXONALARIDAGI AVARIYAVIY HOLATLARGA KIM AYBDOR? https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/391

ELEKTR ENERGIYASI TA'MINOTIDAGI UZILISHLAR – ISTE'MOLNING ORTISHI TUFAYLI YUZAGA KELADI

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/582

XAVFSIZLIK TEXNIKASI MASALASIGA BEPARVOLIK, LOQAYDLIK VA E'TIBORSIZLIK — ENERGETIKLARNING BIRINCHI RAQAMLI DUSHMANI

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/349

“XIMIYA” PODSTANSIYASIDA SODIR BO‘LGAN NOSOZLIK SABABLARI O‘RGANILMOQDA

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/1127

2021-yil 4-iyun kuni elektr tarmog‘ida sodir bo‘lgan nosozlikning to‘liq tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/1098

 

Milliy dispetcherlik markazi muhandislari hamda “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filiali mutaxassislari xabariga ko‘ra, 2022-yil 11-mart kuni soat 12:46 500 kV kuchlanishli “Qorako‘l” podstansiyasidan chiquvchi, texnik nomi L-L-K-220 kV (L-K-Ch-220 kV) bo‘lgan havo elektr uzatish tarmoqlarida favqulodda o‘chish hodisasi qayd etilgan. Liniya uzgichlari ikkala tarafdagi podstansiyalarda nazoratdan o‘tkazilgandan so‘ng soat 13:08 da qayta kuchlanish berilib (22 daqiqadan so‘ng), ushbu liniya orqali Turkmanistondan elektr energiyasi uzatilishi tiklangan.

 “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filiali Elektr tarmoqlari guruhi boshlig‘i U.Usmonovning ma'lum qilishicha, favqulodda holat sabablarini aniqlash uchun Turkmaniston bilan chegaradosh cho‘l zonasiga mutaxassislar brigadasi yuborilgan.

Ko‘rik nazorati davomida aniqlanishicha, 101–102-raqamli tayanch ustunlarning ostidan negabarit yuk (traktor va aravachasida shox-shabba) olib o‘tilgan va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari ostidan yuk olib o‘tish bo‘yicha qoidabuzarlikka yo‘q qo‘yilgan.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining (2018-yil 26-dekabr, 1050-son) 17-e bandida shunday deyilgan: umumiy balandligi yo‘lning sathidan (yuk bilan yoki yuksiz) 4,5 metrdan ortiq bo‘lgan mashina va mexanizmlarning o‘tishi (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.

 Taqdim etilgan suratlarda ko‘rinib turganidek, tayanchlar ostidan o‘tgan traktor izi va kuygan saksovul daraxti shoxlari mutaxassislar tomonidan dalolatnomaga shunday xulosalar qayd etilishiga asos bo‘lgan.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i orqali Turkmaniston–O‘zbekiston–Qirg‘iziston o‘rtasidagi elektr energiyasi tranziti amalga oshirilayotgan bo‘lib, bir necha daqiqa davom etgan favqulodda o‘chish holati davlatlararo elektr energiyasi tranzit shartnomasidagi majburiyatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Ayni paytda “Buxoro magistral elektr tarmoqlari” filiali mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida, ayniqsa yuk tashuvchi avtomobillar haydovchilari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining barcha bandlarida keltirilgan me'yorlar haqida mutaxassislar tomonidan batafsil ma'lumotlar berilmoqda.

AZIZ FUQAROLAR, HURMATLI ISTE'MOLCHILAR!

❗️ Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytida O‘zbekiston Respublikasining xaritasi shaklida infografika ma'lumotnoma-jadvali joylashtirilgan bo‘lib, qaysi hududni belgilasangiz, o‘sha hududdagi Magistral elektr tarmoqlari filiali haqidagi ma'lumotlarni olish imkoniyatingiz paydo bo‘ladi. Ma'lumotnomada telefon raqamlari ham ko‘rsatilgan bo‘lib, mutaxassislar sizni qiziqtirgan savollarga javob berishadi.

 

 

 MA'LUMOT O‘RNIDA:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining (2018-yil 26-dekabr, 1050-son) 15-bandida shunday deyilgan:

Muhofaza zonalarida elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarining xavfsiz ishlashining buzilishi, shu jumladan ularning shikastlanishiga yoki yo‘q qilib tashlanishiga olib borishi va (yoki) fuqarolarning hayotiga, sog‘lig‘iga va jismoniy yoki yuridik shaxslarning mulkiga shikast yetkazishi, shuningdek ekologik zarar va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni sodir etish, jumladan:

a) elektr uzatish havo liniyalari simlariga va tayanchlariga begona predmetlarni tashlash, shuningdek, elektr uzatish havo liniyalari tayanchlariga ko‘tarilish;

b) texnik qoidalar, normalar va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yaratilgan elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlariga yurib o‘tish va transport vositasida o‘tish joylariga har qanday ob'ektlarni, predmetlarni (materiallarni) joylashtirish, shuningdek, elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlariga kirish yo‘llarini barpo qilmay turib, bunday kirishlarga xalaqit beruvchi har qanday ishni amalga oshirish va inshootlar barpo etish;

v) taqsimlash qurilmalari va podstansiyalarning to‘silgan hududi doirasida va xonalarida bo‘lish, taqsimlash qurilmalari va podstansiyalarning eshiklari va lyuklarini ochish, o‘chirib-yoqishlarni va elektr tarmoqlarga ulashlarni (ushbu talab o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni amalga oshirish bilan band bo‘lgan xodimlarga tatbiq etilmaydi) amalga oshirish, podstansiyalarning kirish va taqsimlash qurilmalari, elektr uzatish havo liniyalari muhofaza zonasi doirasida, shuningdek, elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonalarida olov yoqish;

g) bolalar va sport maydonchalarini, stadionlarni, bozorlarni, savdo shoxobchalarini, dala shiyponlarini, mollar uchun qo‘ralarni, har qanday turdagi mashina va mexanizmlar uchun garajlar va turar joylarni joylashtirish, o‘rnatilgan tartibda ruxsat etilgan ishlarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘plab odamlar yig‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday tadbirlarni o‘tkazish (elektr uzatish havo liniyalarining muhofaza zonasida);

d) axlatxonalarni joylashtirish;

e) zarba beruvchi mexanizmlar bilan ishlarni amalga oshirish, massasi 5 tonnadan ortiq og‘irliklarni tashlash, yemiruvchi korroziyalovchi moddalarni va yoqilg‘i-moylash materiallarini tashlash va quyish (elektr uzatish kabel liniyalarining muhofaza zonasida) taqiqlanadi.

Xulosa shuki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 1050-son qarorini barcha iste'molchilar, ayniqsa qishloq xo‘jaligi, yuk tashish, shaharsozlik va qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi rahbar kadrlar, ishchi-xodimlar, haydovchilar, mutaxassislar bilmog‘i, eng muhimi — qaror shartlariga amal qilmog‘i shart.

 

✍️  «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>