Yangiliklar
2021-yil sarhisobi. 18-sonli: «Namangan MET» filialida o‘tgan hisobot yilida elektr qurilma va tarmoqlarni soz hamda betalafot ishlashini ta'minlanib, modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari rejaga muvofiq amalga oshirildi»
  • 14.02.2022
  • 854

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati «Namangan magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan asosiy texnik faoliyat bo‘yicha 2021-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi

 

  O‘tgan hisobot yili davomida “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali tomonidan o‘zining asosiy texnik faoliyati, tasarrufidagi elektr qurilma va tarmoqlarni soz va betalafot ishlashini ta'minlash uchun mukammal va joriy ta'mirlash, eskirgan elektr qurilmalarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini qabul qilib olish va uzatish bo‘yicha tasdiqlangan rejalar ijrosini ta'minlashga erishildi. Shuningdek, mehnat muhofazasi, xodimlar bilan ishlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yilib, Jamiyat rahbariyati tomonidan belgilangan barcha tadbirlarda faol qatnashildi.

Ma'lumot o‘rnida: Filial balansida umumiy quvvati 1 mln 325 ming kVA bo‘lgan 3 ta 220 kV li podstansiyalar mavjud.

Jumladan:

- 220/110/10 kV “Sardor” podstansiyasi — 525 mVA;
- 220/110/10 kV “Obihayot" podstansiyasi — 400 mVA;
- 220/110/10 kV “Qizilrovot” podstansiyasi — 400 mVA.

Umumiy uzunligi 603,334 km bo‘lgan 110–220–500 kV li elektr uzatish liniyalari mavjud.

Hisobot yili davomida ishlab chiqarish tarkibiy birliklari tomonidan asosiy elektr qurilmalarida rejalashtirilgan mukammal va joriy ta'mirlash ishlari to‘la miqdorda bajarildi.

 

 Elektr uzatish liniyalarini barqaror, favqulodda shikastlanishlarsiz ishlashini ta'minlash uchun liniyalar xizmati tomonidan mukammal ta'mirlash ishlaridan tashqari joriy ta'mirlash ishlari ham rejaga nisbatan  100 foizga bajarildi.

Misol uchun, bunda qushlarga qarshi to‘siqlar o‘rnatish (50 dona — 100%), tayanchlarni trosli tortqichlarini me'yorga keltirish (35 dona — 100%), tayanchlardagi yerlagich va anker boltlarni holatini tekshirib, aniqlangan kamchiliklarni (30 dona) bartaraf etish ishlari bajarildi.

 

 

 

Shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun mutaxassislardan iborat doimiy holda ishga shay turuvchi maxsus avtotransport vositasi, aloqa jihozlari zaruriy ehtiyot qism va himoya vositalari bilan ta'minlangan guruh tashkil etildi.

Asosiy elektr qurilmalarida bajarilgan ta'mirlash ishlari:

 

 

 

Ushbu amalga oshirilgan ishlarni barchasi uchun “O‘zenergonazorat” inspeksiyasining ijobiy xulosasi olingan.

 Filial tasarrufidagi qurilmalar orqali qabul qilingan va uzatilgan elektr energiyasi miqdori quyidagilarni tashkil etdi:

 

 “O‘zbekiston MET”AJ tomonidan 220/110 kV kuchlanishli tarmoqlar orqali elektr energiyasini uzatishda ruxsat berilgan yo‘qotishlar miqdori rejaga asosan 1.84 % foiz belgilangan bo‘lib, amalda yillik 1.45 % ni tashkil etdi.

 Hisobot yilida, shuningdek, 220 kV kuchlanishli “Qizilrovot” podstansiyasidagi ham bir qator rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-martdagi “Namangan viloyatida quvvati 900 mVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–1943-sonli qarori, “O‘zbekenergo” DAK ning 2013-yil 17-maydagi “To‘raqo‘rg‘on IES”dan quvvat uzatish sxemasi to‘g‘risida”gi 54-sonli qarori asosida 220 kVli “Qizilravot” podstansiyasida “To‘raqo‘rg‘on IES” mablag‘lari hisobidan elektr qurilmalarini modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Ushbu rekonstruksiya ishlarini umumiy qiymati: 41,6 mln AQSh dollari.

 

“To‘raqo‘rg‘on IES” qurilish direksiyasi tomonidan podstansiyadagi mavjud 2 ta 125 mVA quvvatdagi avtotransformatorlar mos ravishda 2 ta 200 mVA quvvatli avtotransformatorlarga almashtirildi va 4 dona yangi 220 kV li elegaz o‘chirgichlari o‘rnatildi.

Shuningdek, har bir avtotransformator uchun KRUN-10 kV, reaktor va TSN-630 kVA qurilmalari, 4 ta 220 kV li va 4 dona 110 kV li eskirgan moyli o‘chirgichlarni elegaz o‘chirgichlarga almashtirildi. 2 ta 100 metr/kub yong‘inga qarshi suv hovuzi ta'mirlanib, qo‘shimcha 1 ta 200 metr/kub yangi suv hovuzi barpo etildi va yong‘inni avtomatik ravishda o‘chirish sistemasi yangilandi.

Hozirgi kunda “To‘raqo‘rg‘on IES” qurilish direksiyasi tomonidan ushbu yangi o‘rnatilgan qurilmalarni ekspluatatsiya qilish uchun topshirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Shuningdek, 2017-yilda boshlangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-oktyabrdagi «Pop–Namangan–Andijon» qismidagi temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish to‘g‘risidagi PQ-3336-sonli qarori asosida Farg‘ona vodiysi viloyatlarini o‘zaro va butun O‘zbekiston temir yo‘llari bilan bog‘lovchi temir yo‘l tizimining «Pop–Namangan–Andijon temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish» bo‘yicha filialga topshirilgan ishlar yakunlandi.

 

Jumladan, temir yo‘llarining elektr energiyasi bilan ta'minlovchi 220 kV li “Rovuston TPS” hamda 110 kV li «Xaqqulobod TPS»larning tashqi elektr ta'minoti uchun uzunligi 24 km bo‘lgan 220 kVli hamda uzunligi 36,6 km bo‘lgan 110 kV havo elektr uzatish liniyalarini qurilish ishlari yakunlandi.

Loyihaviy kiymati 112 mlrd so‘m bo‘lgan ushbu qurilish ob'ektlari uchun amalda ja'mi 81 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi va o‘rta hisobda  30 mlrd so‘m mablag‘ tejab qolinishiga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentyabrdagi “Jahon banki ishtirokida “Magistral tarmoqlar podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” loyihasi asosida, ushbu dasturning 1-fazasiga kiritilgan 220/110/10 kV li “Sardor” podstansiyasida bir qator kurilish-montaj ishlari amalga oshirildi va bu ishlar kelgusi 2022-yilda ham davom ettirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 63 mlrd so‘m.

Hisobot yilida dastur doirasida eskirgan elektr qurilmalarini modernizatsiya qilish ishlari Jamiyat rahbariyati tasdiqlagan reja asosida olib borildi. Bundan tashqari, podstansiyadagi asosiy ishlab chiqarish, dispetcherlik binolari hamda ma'muriy bino va hududlarni ta'mirlash-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

 

 

 

Jumladan, 220/110/10 kVli “Sardor” podstansiyasida OPU-1, OPU-2 binolarida mukammal ta'mirlash ishlari bajarildi. Bu binolarning eskirgan eshik va romlari demontaj qilinib, yangi eshik va romlarga almashtirildi.

Binolarning ichki va tashqi qismlari to‘liq mukammal ta'mirlandi. Yangi hojatxona binosi qurib bitkazib foydalanishga topshirildi.

Obodonlashtirish bo‘yicha “Namangan MET” filiali hududini o‘rab turuvchi setkali to‘siq devor o‘rniga beton blokli devor qurilib, yangi darvoza o‘rnatildi, yo‘laklar beton styajka qilinib, bruschatkalar terildi, yo‘l chetlariga beton bordyurlar va lotoklar o‘rnatildi. Ushbu ishlar barchasi pudrat usulida bajarildi subpudratchi “Ta'mir” MChJ tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, qurilish-ta'mirlash ishlari bo‘yicha mukammal ta'mirlash rejasiga kiritilgan 220/110/10 kVli “Qizil-Rovot” podstansiyasida ta'mirlash, obodonlashtirish ishlari ham subpudratchi “Ta'mir” MChJ tomonidan olib borildi.

OPU binosidagi eskirgan eshik va romlarni yangilariga almashtirildi, bino ichki tomoni hamda fasadlari yangidan ta'mirlanib, shift qismi armstrong va gipsokarton bilan qoplandi. Yoritish tizimi yangilanib energotejamkor lampalar o‘rnatildi.

Hisobot yilida ta'mirlash qurilish brigadasi tomonidan jami 5 mln 171 ming 523 so‘mlik ta'mirlash ishlari xo‘jalik usulida bajarildi.

Jumladan, ta'mirtalab yo‘laklar beton qoplamasi bilan qoplandi, filialning ma'muriy binosini old qismi travertin suvoq qilindi, avtogaraj binosidagi haydovchilar xonasi ta'mirlandi.

“Yashil makon” umummilliy loyixasi asosida 870 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

 

Ushbu amalga oshirilgan ishlar bilan parallel ravishda filialda mehnat muhofazasi, xodimlar bilan ishlash, ularni malakasini oshirish bo‘yicha ham Jamiyat rahbariyati tomonidan tasdiqlangan rejalar asosida faoliyat olib borildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasiga ko‘ra filialda xodimlar hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan hyech qanday favqulodda holatga yo‘l qo‘yilmadi.

 

Hisobot yilida:

·  elektr qurilmalarida avariyalar  — sodir bo‘lmadi;
·  elektr qurilmalarida 1 darajali o‘chishlar — sodir bo‘lmadi;
·  elektr qurilmalarida 2 darajali o‘chishlar — 5 dona;
· elektr qurilmalarida xodim aybi bilan — sodir bo‘lmadi.

Filialda jarohatlanishlarni oldini olish quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Xavfsizlik texnikasi va «Xavfsizlik texnikasi kunlari» yakunlari bo‘yicha 12-marta yig‘ilishlar o‘tkazilib, podstansiya va xizmat boshliqlarining axborotlari tinglandi. Xavfsizlik texnikasi kabineti mavjud bo‘lib, ko‘rgazmali plakatlar bilan jihozlangan.

«Namangan MET» filiali tasarrufidagi podstansiya va xizmatlarda «O‘zbekiston MET» AJning 2021-yil 14-iyundagi 186-sonli buyrug‘iga asosan 2021-yilning 1-iyuldan 1- avgustigacha «Xavfsizlik texnikasi» ko‘rik oyligi o‘tkazildi.

https://t.me/uzmetaxborotxizmati/7269

Ko‘rikda barcha muxandis va texnik ishchi-xodimlarni faol ishtirok etilishi ta'minlandi. Ko‘rik davrida bo‘linmalar o‘rtasida o‘quv seminar musobaqalari o‘tkazildi. Shuningdek, avariyaga qarshi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, tasdiqlangan dasturlar asosida filial rahbariyati va yuqori malakali xodimlarni jalb qilgan holda asosiy ishlab chiqarish tarkibiy birliklari xodimlarini o‘qitib borilmokda.

Filialda mehnat intizomi va ijro nazorati yo‘nalishida quyidagi ishlar amalga oshirildi. O‘tgan hisobot yilida filialning ijro nazorati guruhida jami 807 dona turli yo‘nalishdagi hujjatlar qayd etildi.

Jumladan,

·  Aksiyadorlik jamiyatidan kelgan buyruqlar: 296 ta;
·  topshiriq mazmundagi xatlar: 207 ta;
·  topshiriq mazmundagi faksogrammalar: 304 ta.

Ushbu hujjatlarni barchasini ijrochilarga yetkazilib, bajarilishi nazoratga olingan, yil yakuniga ko‘ra ijrosi bajarilmagan hujjatlar qolmagan.

 

Sarhisob nihoyasida shuni alohida ta'kidlash lozimki, Filial jamoasi tomonidan hisobot yilida (2021-yil) amalga oshirilgan va sanab o‘tilgan ishlar hamda barcha sa'y-harakatlar: o‘z tasarrufidagi elektr qurilmalarini barqaror, betalafot ishlashini ta'minlash; xodimlar tomonidan mehnat xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi talablariga to‘la rioya etilishiga hamda pirovard natijada ishlab chiqarishda hyech qanday favqulodda va baxtsiz holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka erishish; viloyat iqtisodiyot tarmoqlari va aholi iste'molchilariga talab etilayotgan miqdordagi sifatli elektr energiyasini yetkazib berish; pirovard natijada Namangan viloyati, qolaversa, Vatanimiz iqtisodiyotini yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shish uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan.

✍️ Ravshan Ibragimov, “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>