Transformatsiya jarayonlari mamlakat iqtisodiy faoliyatining barqarorligi va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni transformatsiya qilish ham AKsiyadorlik jamiyatining iqtisodiy va inson resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, tizimga raqamli texnologiyalarni va dasturiy ta'minotlarni jalb etish, boshqaruvda inson omilini qisqartirib, adolatli tizimlarni yaratish, korrupsiyani oldini olish, ishlab chiqarishda tannarxni pasaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish va uning ishonchli ishlashini ta'minlash, elektr energetika tizimi xavfsizligini oshirish kabi muhim ijtimoiy, iqtisodiy va texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish va qo‘llash, Jamiyat xarajatlarini qisqartirish, daromadlilikni va investitsion jozibadorlikni oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish, shuningdek, jamiyatning istiqboldagi rivoji uchun sohaga xususiy investorlarni jalb qilish — “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni transformatsiya qilishning yakuniy natijasi hisoblanadi.
Mazkur vazifalar ijrosini sifatli ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF-6096-sonli "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga ko‘ra 2021-yilda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tarkibida Transformatsiyani amalga oshirish bo‘limi tashkil etildi. Mazkur bo‘lim 2 shtat birligidan iborat.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda 2021-yilda jamiyatni transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Jumladan:
Tizimni transformatsiya qilish, xarajatlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha 2021-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalarini tasdiqlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi;
Energetika kompaniyalarida xalqaro standartlar asosida moliyaviy hisobot tayyorlash tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha “Ernst & Young” LLC auditorlik tashkiloti bilan 31-mart 2021-yil MUTS/CS-1/2-sonli shartnoma imzolandi. MHXS talablariga muvofiq “Aktivlarni qadrsizlanishga tekshirish va korxona aktivlarining iqtisodiy naflilik darajasini aniqlash” bo‘yicha e'lon qilingan tanlovga ko‘ra “KPMG Valuation and Consulting” MChJ bilan ham 2021-yil 22-sentabrda S-UZB-21-00018-sonli shartnoma imzolandi. 2019-2020-yillar uchun Jamiyatimiz Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari talablariga muvofiq to‘liq auditorlik tekshiruvidan o‘tkazildi va ijobiy xulosa olindi;
Magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish uzoq muddatli (kamida 10 yillik) rejasini ishlab chiqish uchun xorijiy ekspertlar tanlovi yakunlanib, 2021-yilning 1-aprel kuni g‘olib kompaniya MRC Consultants and Transaction Advisers S.L. (Ispaniya) kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi;
“Yangi 500 kV kuchlanishli “Halqa” nimstansiyasi hamda 220 kV va 500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 227-son qarori bilan tasdiqlandi. “Issiqlikelektrloyiha” AJ tomonidan loyiha tender hujjatlari ishlab chiqildi;
Ixtisoslashgan loyiha institutlarini jalb qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi energotizimidagi barcha magistral elektr tarmoqlarining raqamli modeli va interaktiv xaritasi yaratildi;
Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilayotgan xususiy elektr stansiyalarini respublika energotizimiga ulash va ularni boshqarishni ta'minlash hamda ushbu ishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan yollangan Adalid Asesores y Consultores (ADAYC) konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Xususan, 2021-yilning 27-avgust kuni Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Bundan tashqari, 2022-yilning dastlabki oyida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi bilan Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini ham ishga tushirish kutilmoqda;
Xorijiy konsultantlar bilan birgalikda avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimi (SSADA)ni joriy etish bo‘yicha texnik iqtisodiy asoslar va tender hujjatlari ishlab chiqildi. Mazkur loyiha bo‘yicha xalqaro tanlov e'lon qilindi. Tanlovda Fransiyaning EDF-CIST konsalting kompaniyasi g‘olib chiqdi. Bugungi kunda loyihani amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda;
Xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazish hamda «muvofiqlik tizimi» (komplaens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etildi. Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va halqaro standartlarga mos ISO 37001 sertifikati olindi. Korporativ boshqaruv tamoyillari halqaro standartlarga moslashtirildi va ISO 9001 sifat menejment sertifikati olindi;
Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati
Jamiyat tarkibida xaridlar bo‘yicha Transformatsiya ofisi tashkil etildi;
“McKinsey & Company” xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalari ishlab chiqildi. Ushbu loyiha doirasida o‘tkazilgan diagnostika natijasida kompaniya salohiyati aniqlandi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda operatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 2025-yilga kelib jamiyat pul mablag‘larini jami 1,3 trln so‘mga ko‘paytirish imkoniga ega bo‘ladi (Investitsiya loyihalarini optimallashtirish hisobiga
1,1 trln so‘m, qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish hisobiga 71,0 mlrd so‘m, operatsion xarajatlarni kamaytirish hisobiga 122 mlrd so‘m);
2021-yilda 1428 nafar xodimlarimiz mamlakatimizda, 60 nafar (shundan 54 nafari grant asosida) xodimlarimiz xorijda malaka oshirishdi va 53 nafar xodimlarimiz oliy ta'lim muassasalarida o‘qitildi.
Jamiyat 2021-yilda transformatsiya jarayonlariga taalluqli o‘z oldiga belgilab olgan asosiy vazifalarini amalga oshirgan bo‘lsa-da, bajarilmay qolgan ishlar ham mavjud.
Jumladan:
Energokompaniyalarda boshqaruv raisining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga xorijiy tajribaga ega bo‘lgan rahbarlarni tayinlash bo‘yicha tanlovda mos nomzod topilmadi;
Energokompaniyalarning yevroobligatsiyalarni va ichki bozorda qarz majburiyatlarini 2021 yil yakuniga qadar chiqarish bo‘yicha ishlari amaldagi xalqaro tartiblarga ko‘ra jamiyat faoliyatiga 3 yil to‘lmagani uchun amalga oshirilmadi.
Ushbu bajarilmay qolgan ishlar joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jamiyatni transformatsiya qilish bo‘yicha 2022-yilda amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risida:
Joriy yilda ham “O‘zbekiston MET” AJ ni transformatsiya qilish bo‘yicha o‘z oldimizga bir qator vazifalarni belgilab oldik. Jumladan:
- Energiya tejamkorlikni yanada oshirish;
- Sohaga oid bo‘lmagan faoliyat turlarini autsorsingga berish;
- Sohani raqamlashtirish va raqamli transformatsiyani amalga oshirish;
- Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimi (SCADA/ EMS/ RTU) ni joriy etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
- Resurslarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi (ERP) ni yaratish ustida ishlash;
- Xodimlar ish samaradorligini baholashning KPI tizimini joriy etish;
- Jamiyat boshqaruviga malakali xalqaro mutaxassislarni jalb etish va mavjud xodimlar malakasini oshirish;
- Xalqaro kredit reytingini olish;
- Jamiyatda xalqaro ISO 50001 standartiga muvofiq energetika menejmentini boshqarish tizimini tadbiq etish ishlarini tashkil etish;
- Jamiyatda xalqaro ISO 45001 standarti mehnat xavfsizligi va sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini tadbiq ishlarini tashkil etish;
- Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish;
- “McKinsey&Company” xalqaro konsalting kompaniyasi tavsiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish va boshqalar.
✍️ B.A.Mavlonov, Transformatsiyani amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati