MUROJAAT MAZMUNI:
Assalomu alaykum! Sizlarga iltimosnoma bilan murojaat qilishimizning sababi, Andijon viloyati Baliqchi tumani, Ilg‘or MFYda elektr energiyasini o‘chirib yoqib, «svetofor» va «svetomuzika» qilib o‘ynashmoqda. Qo‘shni Norin tumani Haqqulobod shaharchasida umuman «svet» o‘chmaydi. Nima, biz odam emasmizmi yoki shaharni o‘chirmay qishloqdagilarni xohlagan paytda elektr ta'minotidan uzib qo‘yaveradimi Andijon viloyati «elektroseti» rahbarlari?
Sababini surishtirsak, doim viloyat rahbarlarining topshirig‘i, deyishadi. Kelib o‘sha rahbarlar ahvolni ko‘rsin, bizga o‘xshab gazsiz, svetsiz, ichimlik suvisiz, o‘tin va ko‘mir ololmay qishda loy, sovuq, izg‘irin va kunning issiq paytlarida chang-to‘zon bo‘lgan mahallalarda yashab ko‘rsin-chi.
Sizlardan ushbu masalani doimiy nazoratga olishingizni iltimos qilaman, minglab odamlar nomidan M.Z.Jo‘rayev.
MUROJAATGA JAVOB:
Assalomu alaykum, M.Z.Jo‘rayev! Sizning murojaatingiz «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Axborot xizmati tomonidan ma'lumot o‘rnida qabul qilindi va murojaat mazmunidagi masala Jamiyatimizga turdosh tashkilot — «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ vakolatlari doirasida bo‘lgani bois, murojaatingiz mazmuni mavjud tartibga ko‘ra mazkur tashkilotga yuborilganini ma'lum qilamiz. Tez orada murojaatingizga tegishli tartibda munosabat bildiriladi.
Shu bilan birga, Sizga mamnuniyat bilan bildiramizki, mamlakatimiz aholisini elektr ta'minoti bilan ta'minlash, xususan Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini sifatli va uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufidagi barcha tashkilotlar bir qancha islohotlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, Andijon viloyatida joylashgan 220/110/10 kV li «Yulduz» podstansiyasida mavjud 2 ta 125 000 kVA quvvatli avtotransformatorlarning bittasi joriy yilning 20-26-noyabr kunlari almashtirildi, ikkinchi avtotransformatorni almashtirish ishlari 2020-yilning dastlabki oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu amaliyotlar Farg‘ona vodiysi iste'molchilarini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ravishda ta'minlashga xizmat qilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, turli nosozliklar tufayli elektr ta'minotida qisqa muddatli uzilishlar bo‘lib turishi tabiiy hol, bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati tomonidan har kuni rasmiy bayonotlar berib borilmoqda, murojaatlarga javoban tegishli munosabatlar bildirilib, joylarda mavjud kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Tizimdagi texnik holatlar bo‘yicha lozim tushunchalar hosil qilishingiz uchun Sizga «CHEKLOVLAR O‘RNATILISHIGA MAJBUR BO‘LINMOQDA! yoxud bugungi kun energiya tejamkorligi madaniyati qay ahvolda?» hamda «DISPETCHER ELEKTR TA'MINOTINI UZMASA NIMA BO‘LADI? yoxud tizimidagi yirik avariyalarning asosiy sabablari» nomli maqolalar bilan tanishishingizni tavsiya etamiz.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmatining rasmiy telegram kanali: https://t.me/hetmuloqot
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy veb-sayti: http://www.het.uz/oz
Hurmat bilan,
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati
Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmat