Ko‘pchilikka ma’lumki, elektr energiyasi ta’minoti — O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi tasarrufidagi deyarli barcha tashkilot va korxonalar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan murakkab tizim.
Keling, buni oddiy tilda izohlashga urinamiz...
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ
Sizu bizning xonadonimizga elektr simlari orqali kirib kelayotgan elektr energiyasini iste’molga yaroqli kuchlanishga aylantirib yetkazib berish «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi hududiy tashkilotlar orqali amalga oshiriladi. Ushbu tashkilot zimmasida kichik kuchlanishli elektr tarmoqlarini sozlash, tayanch ustunlari (simyog‘och)larni o‘rnatish va almashtirish, tizim ta’minotida barqarorlikni (texnik-muhandislik muvozanatni) saqlash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisoblagichlarni o‘rnatish, noqonuniy ulanmalarni aniqlashda va iste’mol qilingan elektr uchun to‘lovlarni undirishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash va yana bir qator vazifalar yuklatilgan. Tashkilot tasarrufida 14 ta hududiy, 214 ta tuman (shahar) elektr ta’minoti korxonalari mavjud. Tashkilot tizimida qariyb 25 ming nafarga yaqin mutaxassislar 250 mingga yaqin uzunlikdagi elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ
«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ hamda «O‘zbekgidroenergo» AJ tasarrufidagi stansiyalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tizimidagi podstansiyalarga yetkazib berish (transportirovka) «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa hisoblanadi. Shuningdek, tashkilot tasarrufida Milliy dispetcherlik markazi faoliyat yuritib, u nafaqat mamlakatimiz elektr ta’minoti tizimda o‘ziga xos muvozanat o‘rnatadi, balki Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiya ta’minotida barqarorlikni (elektr energiya xavfsizligini) ta’minlaydi. Aynan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ strategik ahamiyatga ega elektr energiya eksport va import amaliyotlarini ham bajaradi. Tashkilotda 4,7 mingdan ziyod mutaxassis-xodimlar jamiyatga qarashli 220-500 kVli 77 ta podstansiya va 9700 km dan ortiq magistral havo elektr uzatish liniyalarining sozligini ta’minlaydi, eskilarini yangilaydi (modernizatsiya dasturi), yangi havo liniyalari quradi, yirik sanoat korxonalari muntazam ishlashi uchun zarur elektr ta’minot sharoitlarni yaratadi.
«O‘zbekgidroenergo» AJ
«O‘zbekgidroenergo» AJ mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatini yanada rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, gidroenergetika salohiyatini kompleks o‘zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida respublikadagi yagona tashkilot hisoblanadi. Uning tarkibida 4 ta aksiyadorlik jamiyati, 15 ta unitar korxona hamda 3 ta ma’suliyati cheklangan jamiyatlar mavjud. Oddiy so‘z bilan aytganda, tabiatda suvning tabiiy aylanish jarayonidan oqilona foydalanadigan generatsiya jarayoni GESlarda amalga oshiriladi.
«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ
Ushbu tashkilot bir nechta issiqlik stansiyalarda generatsiya, ya’ni elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan mashg‘ul. Bunday stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi asosan tabiiy gaz, ko‘mir, mazut va boshqa neft mahsulotlarini yoqish evaziga hosil qilinadi.
Taxminiy hisob-kitoblar mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talab 2030-yilga borib 2018-yilga nisbatan 1,7 barobar ortishini ko‘rsatmoqda. Agar aholining turmush darajasi oshib borayotganini hisobga olsak, yaqin 10 yil ichida elektr energiyaga bo‘lgan talab qariyb 2 barobar oshishi hech gap emas.
Xo‘sh, bu va bu kabi muammolar qanday hal etilmoqda? Talab oshishiga yarasha ta’minot bo‘lishi uchun nimalar qilinyapti?
Muqobil energiya turlari
Elektr energiya ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazishda muqobil energiya turlarining salmog‘ini yildan-yilga oshirib borish zarur. Buning uchun Samarqand va Navoiy viloyatlarida fotoelektrstansiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha bir nechta investitsion loyihalar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Rossiya Federatsiyasining «Rosatom» agentligi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida AES qurish bo‘yicha loyiha ishlarini boshlab yuborgan. Bu ham, o‘z navbatida, sohada 2030-yilgacha rejalashtirilgan strategik amaliyotlarning eng yirigi hisoblanadi.
Demak, yuqorida ta’kidlanganlardan ko‘rinib turibdiki, atalishida «elektr» so‘zi ishtirok etadigan yirik korxona-tashkilotlarning faoliyati tabiiy boyliklarimizni yetkazib beruvchi boshqa turdosh tashkilotlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun million tonnalab sarflanayotgan ko‘mir va milliard kub tabiiy gaz miqdori hamda sifati elektr ta’minotining barqarorligini saqlashga bevosita ta’sir etuvchi birinchi raqamli omil hisoblanadi.
Buloqboshi
Oddiy so‘z bilan aytganda, elektr ta’minotining buloqboshi tabiiy boyliklarimizni yetkazib berish jarayoniga borib taqaladi. Mana buni esa ko‘pchilik, ayniqsa elektr energiyasidan besamar foydalanayotgan ayrim iste’molchilarimiz bilishmaydi...
Misol uchun, 8-noyabr kuni kunduzgi vaqt 15:42 dan soat 21:00 gacha O‘zbekiston Respublikasi elektr energiyasi tizimida kunlik o‘rtacha me’yorning qariyb 10% ga pasayishi holati kuzatildi. Bu mamlakatimizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar paydo bo‘lganidan darak. Bu haqda oldindan ogohlantirish berilganiga qaramasdan media-makonda chiroq yo‘qligidan shikoyat qilganlar soni ko‘p va xo‘p bo‘ldi. Sababi ma’lum — «Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasi»ning 2-blogida filtr nosozligi tufayli generatsiya jarayoni favqulotda ta’mirlash ishlari uchun to‘xtatilgan. IESga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz tarkibida yot moddalar miqdorining ko‘pligi favqulotda ta’mirlashga olib kelgani taxmin qilinmoqda.
Maqsad — ayb qidirish emas! Masalaning jamoatchilik bilishi va to‘g‘ri anglashi lozim bo‘lgan boshqa jihatlari ko‘p. Gap ana shunda...
Shartnomaviy miqdor darajasi qanday?
So‘nggi kunlarda havo haroratining pasayib ketishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi keskin oshdi va bu tabiiy holat. Ma’lumot uchun, so‘nggi bir hafta davomida respublika iste’molchilarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 25 mln.kVt•soatga oshdi. Bu joriy yilning sentabr-oktabr oylariga nisbatan 15%, 2018-yilning shu davriga nisbatan 101,5 % ko‘p degani.
Masalan, 2019-yil 8-noyabr kuni joriy rejimlarda elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish balansiga asosan issiqlik elektr stansiyalarida kuniga 176,3 mln.kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, rejada esa 189,9 mln.kVt•soat ishlab chiqarishi lozim bo‘lgan. Bu rejaga nisbatan 13,6 mln.kVt•soat kam degani.
Ushbu vaziyat yuzasidan «Issiqlik elektr stansiyalari» AJdan olingan ma’lumotlarga qaraganda, elektr energiyasining shartnomaviy miqdor darajasida ishlab chiqarilmayotganligiga yoqilg‘i ta’minotidagi ayrim muammolar sabab bo‘lmoqda. Elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’molidagi nomutanosiblik tufayli O‘zbekiston energetika tizimida elektr energiyasi tanqisligi vujudga kelib, qo‘shni davlatlar bilan bog‘langan havo elektr tarmoqlarining o‘ta yuklanish bilan ishlashiga olib kelmoqda. Bu esa, elektr energiya xavfsizligi nuqtai nazaridan, mintaqada barqaror tizim muvozanatiga ta’sir etuvchi juda xavfli holat!
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, yil oxirida keyingi yil uchun talab etiladigan elektr energiyasi miqdori bo‘yicha tegishli tartibda reja tuziladi va shunga qarab yoqilg‘i zahirasi g‘amlanadi. Yillik reja tuman (shahar) hokimiyati va sanoat korxonalari talabnomasiga asosan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ korxonalari tomonidan shakllantiriladi.
Yirik avariyalarning oldini olish maqsadida...
Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi, shu jumladan O‘zbekiston energetika tizimida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan yirik avariya holatlarni oldini olish, tizimda muvozanat saqlash, ogohlantirish berish va zarur hollarda ta’minotni tarmoqdan uzish «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ dispetcherlik xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur dispetcherlik xizmati tomonidan «Elektr energiyasidan foydalanish» qoidalariga asosan elektr energiyasi iste’molini me’yor darajasida ta’minlash topshirig‘i beriladi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning hududiy korxonalari, o‘z navbatida, iste’molchilar va mahalliy davlat organlari bilan kelishilgan jadvallarga asosan elektr energiyasi iste’molini talab darajasida ta’minlashlari zarur bo‘ladi.
Iste’molchi doim haq! Iste’mol madaniyatida-chi?
Dono xalqimizda ajoyib bir maqol bor: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi... Sovuq mavsumning ilk kunlaridanoq elektr energiya ta’minotidagi uzilishlar media makonni to‘ldirib yubordi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasi Davlatimiz rahbari tomonidan kuzning dastlabki oyidayoq ko‘tarilgan edi. 2019/2020-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Mazkur masalada ijobiy natijalarga erishish uchun jamoatchilik nazorati va e’tibori zarur. Elektr ta’minotida uzilish bo‘lsa soha vakillari faoliyatini tanqid qilish va o‘z shikoyatlarini bildirishga barcha iste’molchilar haqli. Ammo iste’mol qilingan energiya haqini to‘lash yoki energiya tejamkorligi va samaradorligiga kelganda ayrim iste’molchilarimizda befarqlik, sovuqqonlik ustun kelmoqda.
So‘zimizni oddiy izohlar bilan boshlagan edik. Ijozatingiz bilan, oddiy tavsiya va ochiq haqiqat bilan yakunlaymiz. Mehnatkash xalqimizda «uvol bo‘lmasin» degan yuksak madaniyat, axloq tushunchasi mavjud. Biroq bu tushuncha negadir bu ko‘zga ko‘rinmas, idishga solinmas elektr energiyasiga kelganda ta’sir qilmayotgandek... 10-15 kvadrat xonani isitish uchun 1 dona moyli elektr batareyasi kifoya va u 0,8-1 kVt quvvat talab etadi. Ammo qo‘lbola, yong‘in va hayot xavfsizligi qoidalariga mutlaqo zid bo‘lgan elektrpechini 3-5 kVt elektr energiya sarflaydi. Yuqoridagi zamonaviy elektr isitish batareyasidan 4-5 barobar ko‘p va xavfli! Uylarni elektr toki bilan isitishga majbur bo‘linayotganining o‘zi bir alohida masala.
Tejamkorlik — madaniyat belgisi
Hech kimga sir emas, ayrim davlat va jamoat tashkilotlarida yuzlab kvadrat metrni yoritadigan chiroqlar tunu kun besamar ishlab turadi. Birgina oqil va odil harakat bilan tejamkorlik qilinishi mumkin bo‘lgan joylarda aksariyatimiz loqaydlikning yuksak namunasini namoyon qilamiz, ayniqsa tashkilot rahbarlari, mehnat unumdorligi va xavfsizlikka mas'ul xodimlar o‘rnak bo‘lishi lozim. Elekr energiya tejamkorligi va samaradorligi (undan oqilona foydalanish) yuzasidan ko‘pgina o‘quv muassasalarida uchrashuvlar, tanlovlar, mahorat darslari olib bormoqdamiz, maqsad — kelajak avlod vakillarida bunday madaniyatni shakllantirib borish. Hatto bu madaniyat belgilari maktab darsliklariga kiritilishi lozimligi to‘g‘risida bir qancha tavsiya va takliflar berdik. Aslini olganda, bu ko‘rsatkich madaniyat tarozisida tortilsa, biz kattalarning aksariyatimizda boshimiz egik bo‘lishi turgan gap. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q qabilida ish tutaverib, tejamkorlik masalasini unutib qo‘yganmiz. Hatto buni o‘ziga xos ziqnalikka tenglashtiradigan kaltabin iste’molchilarimiz ham topiladi...
Dunyo ekologlari bong urmoqda: yer sharining ekologik holati xavotirli ahvolda. Tabiiy boyliklarni juda ko‘p miqdorda qazib olib, samar-besamar foydalanayotganimiz buning asosiy sababi. Bizda «men bugun va hozir yashashim kerak, kelajak haqidagi safsatang menga qiziqmas» degan xudbinlik darajasi yildan-yilga, avloddan-avlodga oshib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, energiya tejamkorligi va samaradorligi bugunning dolzarb mavzusi va bunga davlat hamda jamiyat e’tibori suv va havodek zarur.
O‘zbekiston ahlini bugungi, 11 noyabr — Xalqaro energiyani tejash kuni bilan tabriklaymiz!
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati