Savol: Energetika vazirligi Matbuot-shtabidan bir kishi chiqib, elektr energiyasi iste'moli va ishlab chiqarish o‘rtasida muvozanat bo‘lmasa, tizimda yirik avariya va nosozliklar ro‘y beradi, dedi. Bunga misollar bormi o‘zi? O‘zbekistonda, dunyoda? Yo shunchaki bahona gapmi bu?
Javob: To‘g‘ri fikr! Iste'molchilar dispetcherlik xizmati elektr ta'minotiga ayrim cheklovlarni kiritish orqali qanday talafot va ko‘ngilsizliklarning oldini olishga harakat qilayotganini tushuntirishning eng yaxshi usuli — dunyo elektr energetika ta'minotida sodir bo‘lgan yirik avariyalarni misol tariqasida ko‘rsatish, iste'molchilarda bu haqda tushuncha va tasavvurlar hosil qilish.
Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta'kidlash lozim, elektr energiyasi ta'minoti tizimida ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi tenglik, ya'ni muvozanat buzilishi oqibatida yuzaga keladigan yirik nosozliklarga nafaqat iste'molning keskin oshishi, aksincha, tarmoqqa ulangan holda katta quvvat iste'mol qilayotgan yirik iste'molchilarning birdan tarmoqdan uzilishi ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, noqulay ob-havo tufayli, masalan kuchli shamol ta'siridagi qisqa tutashuvlar oqibatida kattaroq hududdagi iste'molchilar birdan tarmoqdan uzildi, deylik. Ya'ni tizimda iste'mol qilinmayotgan ortiqcha quvvat hosil bo‘lsa, tizimda muvozanat buzilib, elektr ob'ektlarida turli nosozliklar, avariya va yong‘inlar chiqish ehtimoli bor.
Bundan tashqari, yirik nosozliklar sodir bo‘lishiga nafaqat noqulay ob-havo, shuningdek, elektr tarmoqlarida xizmat qilayotgan ayrim ishchi-xodimlarning noto‘g‘ri xatti-harakatlari, malakasizligi ham sababchi bo‘lishi mumkin. Misol uchun, 1998-yil 8-dekabr kuni AQShning San-Fransisko shahrida 940 ming nafar aholisi elektr ta'minotisiz qolishiga mahalliy podstansiya ishchisining birgina xatosi sababchi bo‘lgan.
Shuning uchun energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ida ham muhandis-u montyorlar, mutaxassis-xodimlar belgilangan tartibda xavfsizlik texnikasi, yong‘in va hayot xavfsizligi qoidalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa me'yoriy talablar bo‘yicha imtihonlardan o‘tkazilib, malaka oshirish kurslarida tahsil olishadi. Ular o‘rtasida turli musobaqa, ko‘rik tanlovlar o‘tkazilib, yilning ma'lum bir paytida “Xavfsizlik texnikasi oyligi”, “Yong‘in xavfsizligi” oyligi tadbirlari o‘tkazib turiladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, elektr ta'minoti murakkab texnik-muhandislik majmua hisoblanib, turli nosozliklar sodir bo‘lishidan to‘liq sug‘urtalanmagan va kafolatlanmagan. Bunday holatlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda kuzatiladigan holat. Energetiklarning asosiy maqsadi esa turli nosozliklarning oldini olish, eskirgan hamda nosoz uskuna va jihozlarni o‘z vaqtida ta'mirlash yoki yangilash, elektr ta'minoti ishonchliligini oshirib, uning uzluksizligini ta'minlashdan iborat.
Misol tariqasida ayni kunlarda Buyuk Britaniya elektr ta'minotida noqulay ob-havo tufayli sodir bo‘layotgan yirik nosozlik to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsak...
Arven bo‘roni tufayli elektr energiyasidan bebahra qolgan 30 ming nafar iste'molchilar tarmoqqa ulanishi uchun kamida ikki kun kutishlari kerak, deya xabar beradi BBC axborot agentligi mahalliy elektr ta'minoti korxonalari bayonotiga tayanib.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniyaning ba'zi hududlarida esgan kuchli shamol 30 mingga yaqin xonadon besh kechani elektr ta'minotisiz o‘tkazishiga sababchi bo‘lishi mumkin.
Energetika kompaniyalari iste'molchilarning katta qismi, ya'ni noqulay ob-havodan jiddiy zarar ko‘rmagan hududilarda ta'minot tiklangani haqida xabar bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda individual tartibda ishlaydigan muqobil energiya ta'minotiga ega bo‘lmagan xonadonlar ani kunlardagi kechki sovuqda aziyat chekayotgani aytilgan.
Mutaxassislarning fikricha, Arven bo‘ronidan elektr ob'ektlari ko‘rgan zarar ancha jiddiy. Yuzlab yuqori va past kuchlanishli tayach ustunlari ag‘darilgan, ularning bir qismini singan daraxt shoxlari yiqitgan.Tiklash-ta'mirlash brigadalari 4500 ta ob'ektda ishlayotgani ma'lum qilingan. Elektr ta'minotidan uzilgan aholining bir qismi kechasi o‘tin yoqib isinayotgani, suv ta'minotidagi muammolarni hozircha mustaqil ravishda hal etishayotgani bildirgan.
Hurmatli iste'molchilar, misol tariqasida dunyo elektr energiya tizimlarida sodir bo‘lgan yirik avariya va ularning ham ma'naviy, ham moddiy, ham ekologik zararlari haqida bir nechta voqyea-hodisalarni bayon qilamiz.
1965-yil 9-noyabr AQSh va Kanada
Elektr ta'minotidagi iste'mol va ishlab chiqarish quvvati orasidagi tafovut AQShning yetti shtati va Kanadaning ikki provinsiyasida 30 million kishini elektr energiyasidan mahrum qildi.
1977-yil 13-iyul, Nyu-York
«Xelloven», ya'ni «qo‘rquv kechasi» bayrami kuni elektr energiyasi iste'moli keskin oshgan va shunga yarasha ishlab chiqarish ko‘paytirilgan bir paytda elektr tarmoqlariga yashin urishi oqibatida iste'molchilarning yirik qismi tarmoqda uziladi va elektr ta'minotida muvozanat buzilib, yirik avariya sodir bo‘ladi. Buning oqibatida 9 milliondan ziyod aholi elektr ta'minotisiz qolishadi.
1979-yil 31-may, Sovet Ittifoqi
Issiq ob-havo ta'sirida 330 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari osilib, qisqa tutashuv sodir bo‘ladi. Yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ta'mirlash maqsadida vaqtincha o‘chirilishi energotizimda mavjud faol quvvatning ko‘tarilishiga sababchi bo‘lib, muvozanat saqlay olinmagani tufayli yirik avariya sodir bo‘ladi. Bu Ukraina va Qozog‘iston SSR respublikalari, Sibir hamda Smolensk energetika tizimiga salbiy ta'sir etib, Volgabo‘yi va Uraloldi mintaqasidagi jami 5 ming MVt quvvat iste'mol qilayotgan iste'molchilar tarmoqdan uzilishiga olib kelgan.
1993-yil 4-may, Gruziya
O‘sha kuni butun Gruziya elektr energiyasisiz qoldi. Hodisa asl sabablarini aniqlashning imkoni bo‘lmadi. Taxminlarga ko‘ra, elektr ta'minoti tizimida qo‘qisdan yirik iste'molchi(lar) paydo bo‘lgan va avariyaning oldini olishga qaratilgan harakatlar zoe ketgan. Yirik nosozlik sodir bo‘lgandan keyin 38 daqiqa o‘tgach, zaxira generatorlari orqali faqat Tbilisi metropoliteni va ayrim ijtimoiy soha ob'ektlariga elektr energiya bilan ta'minlab turilgan.
1998-yil 8-dekabr, AQSh
San-Fransiskoning 940 ming aholisi mahalliy podstansiya ishchisining birgina xatosi tufayli yetti soat davomida elektr energiyasiz qoldi...
1999-yil 6-iyul, Nyu-York
200 mingdan ziyod Manxetten aholisi 19 soat davomida elektr energiyasidan mahrum bo‘lishdi. Issiq havo tufayli elektr jihozlarining (konditsionerlar) tizimga haddan ziyod ulanishi natijasida yuqori energiya iste'moli vujudga kelib, yirik avariyani keltirib chiqardi.
2001-yil 2-yanvar, Hindiston
Uttar-Pradesh shtatidagi elektr stansiyasida yuz bergan avariya Hindiston shimolida 200 milliondan ortiq odamni elektr energiyasidan mahrum qildi.
2001-yil 18-yanvar, AQSh
San-Fransisko va uning atrofida yashovchi 1 million kaliforniyaliklar elektr ta'minotida ro‘y bergan jiddiy avariya oqibatida elektr energiyasidan mahrum bo‘ldilar.
2001-yil iyun oyi, Nigeriya
30 dan 50 milliongacha bo‘lgan Nigeriya mamlakat sharqidagi elektr ta'minotidagi uzilish natijasida bir necha kundan beri elektr energiyasiz yashab kelmoqda.
2002-yil 24-noyabr, Argentina
Poytaxt Buynos-Ayresda yuqori kuchlanishli liniyaning uzilishi sodir bo‘ldi. 2 millionga yaqin odam elektr energiyasiz qoldi.
2002-yil 19-dekabr, Rossiya Federatsiyasi
“Yakutskaya” elektr stansiyasidagi avariya natijasida Yakutsk shahri va markaziy Yakutiya elektr ta'minotisiz qoldi. O‘sha kuni termometr ko‘rsatkichi -48° gacha tushdi.
2003-yil 3-fevral, Jazoir
32 million aholiga ega butun Jazoir markaziy elektr stansiyasidagi avariya natijasida bir necha soat elektr ta'minotisiz qoldi.
2003-yil 22-iyul, O‘rtaer dengizi mintaqasi
Barselona va Balear orollarining 350 mingdan ortiq aholisi iste'mol va ishlab chiqarish orasidagi tafovut tufayli kelib chiqqan avariya oqibatida elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi.
2003-yil 14-avgust, Shimoliy Amerika qit'asi
AQSh va Kanadada elektr quvvati uzilishi kuzatildi. Bitta elektrostansiya va podstansiyada yuzaga kelgan nosozlik boshqa elektr ob'ektlari faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, AQSh va Kanadaning bir nechta shtatlari uzoq vaqt elektr ta'minotidan mahrum bo‘ldi.
2003-yil 28-avgust, Buyuk Britaniya
Ishonchli va barqaror ish faoliyatiga ega ingliz energiya tizimida yirik avariya sodir bo‘ldi. Tizimdagi nosozlik tufayli Londonning chorak qismi elektr ta'minotisiz qoldi. Angliya hukumati sodir bo‘lgan nosozliklarni “so‘nggi o‘n yillikdagi eng dahshatlisi” deb atagan edi.
2003-yil 23-sentyabr, Shvetsiya
Kuchli bo‘ron elektr uzatish liniyalarini uzib qo‘ydi. Natijada Shvetsiya janubi va Daniya sharqida elektr ta'minotida uzilishlar yuzaga keldi. 5 million kishi butun kun davomida elektr energiyasiz qoldi.
2003-yil 28-sentyabr, Italiya
Energetika tizimida avariya yuz berdi, uning butun shimoli va markazi bir kun davomida elektr ta'minotisiz qoldi.
2003-yil 7-oktyabr, Rossiya Federatsiyasi
Rossiya markazining qora tuproqli hududlari zonasida sodir bo‘lgan kuchli bo‘ron tufayli ko‘plab elektr uzatish liniyalari uzildi. Vladimir, Lipetsk va Smolensk, Tambov va Belgorodda minglab aholi yashash punktlari elektr ta'minotisiz qoldi.
Tizimda sodir bo‘lgan avariya tufayli aloqa, yo‘l harakati iщdan chiqib, shaharlararo elektr poezdlari to‘xtab qoldi.
2003-yil 7-noyabr, Chili
Chilining markaziy elektr stansiyasida issiq ob-havo tufayli avariya yuz berdi. Santyagoning 600 ming aholisi to‘rt soat davomida elektr energiyasiz qoldi.
2004-yil 22-yanvar, Turkiya
Istanbulning butun yevropa qismi qum bo‘roni tufayli elektr energiyasidan mahrum bo‘ldi.
2004-yil 22-noyabr, Polsha
Varshava elektr tizimida yirik avariya yuz berdi. “Kechki maksimum” paytida elektr iste'moli keskin oshgan paytda tizimida muvozanatni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Natijada Varshavaning 1,5 millionlik aholisi elektr ta'minotisiz qoldi. Xalqaro aeroport bir yarim soat davomida samolyotlarni qabul qila olmadi, o‘nlab reyslar kechiktirildi, elektr poezdlari faoliyati vaqtincha to‘xtadi.
2004-yil 12-iyul, Gretsiya
Gretsiyadagi elektr stansiyadagi avariya natijasida Afina va mamlakat janubidagi 6 million aholi ikki soat davomida elektr energiyasiz qoldi.
2005-yil 23-yanvar, Kanada
Toronto shahrida yuz bergan suv toshqini tufayli aholi 12 soatga yaqin elektr energiyasiz qoldi.
2005-yil 25-may sanasi, Moskva
«Chagino» podstansiyasidagi avariya Rossiya tarixida 7 million aholi elektr ta'minotida uzilishga sabab bo‘lgan eng katta talafot deya qayd etilgan. Moskva shahri va Moskva viloyatidagi iste'molchilarning qariyb 26 foizi, Tula viloyati aholi va sanoat ob'ektlarining 87 foizi, Kaluga viloyatlaridagi iste'molchilarning 22 foizi elektr ta'minotisiz qolgan. Ryazan va Smolensk viloyatlarida ham elektr ta'minotida qisman uzilishlar kuzatilgan.
2006-yil 5-noyabr, G‘arbiy yevropa
yevropa g‘arbida joylashgan qator mamlakatlarida millionlab odamlar elektr energiyasidan bebahra qolishdi. Energotizimdagi favqulodda holat yuz berishiga Germaniyada sovuq ob-havo tufayli iste'molning keskin o‘sishi sabab bo‘lgan. Energotizim to‘liq ishdan chiqishini oldini olish maqsadida elektr tarmoqlari avtomatik tarzda uzishlarni amalga oshirdi. Bu jarayon nafaqat Germaniya va Fransiyaga, balki Italiya, Belgiya va Ispaniyaga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Avariya tufayli nafaqat aholi va sanoat korxonalari, balki yevropadagi tezyurar temiryo‘l tizimi ham ma'lum muddat ish faoliyatini to‘xtatishga, vagonlarda qolgan yo‘lovchilar xavfsizligi bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishdi.
2006-yil 14-avgust, Yaponiya
Tokio elektr ta'minoti tizimidagi yuqori kuchlanish sim-arqonning uzilishi Edogava daryosi bo‘ylab cho‘zilgan asosiy elektr uzatish liniyalarida yirik nosozlik keltirib chiqargan. Tokio shahri, shuningdek, Kavasaki va Yokogama shaharlaridagi milliondan ortiq xonadonlar tarmoqdan uzildi. Poytaxt metrosi 30 daqiqaga to‘xtab qoldi, yer usti poezdlarining bir nechta liniyalarida harakat butunlay to‘xtatildi. Poytaxt yo‘llarida uch yuzga yaqin svetofor o‘chish oqibatida bir necha soat davom etgan tirbandliklar yuzaga keldi.
2006-yil 4-noyabr, Norvegiya
Papenburg shahridagi kemasozlik zavodlarida qurilgan yirik kema dengizga chiqqanida, xavfsizlik ta'minlanishi uchun 380 kilovolt kuchlanishdagi elektr liniyasi vaqtincha tarmoqdan uzib turildi. Ammo uzish va ulash jarayonida sodir bo‘lgan nosozlik Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Marokash, Avstriya va Xorvatiyada elektr ta'minotidagi uzilish to‘lqinini keltirib chiqardi.
2009-yil 9-noyabr, Tojikiston
Nurek–Regar elektr uzatish liniyasidagi avariya natijasida Tojikistonda iste'molchilarining qariyb 70 foizga yaqin elektr ta'minotidan bebahra qoldi.
2009-yil 10-noyabr, Braziliya
Tizimdagi yirik avariya tufayli elektr ta'minotining uzilishi Braziliyada yashovchi 50 milliondan ortiq aholi turmushiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Mamlakat iqtisodi hisobi oxiriga yetkazilmagan darajada zarar ko‘rdi. Aynan shu yirik avariya Urugvay energotizimida ham beqarorlik vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.
2010-yil 20-avgust, Rossiya Federatsiyasi
Yuqori kuchlanishli "Vostochnaya" podstansiyasida sodir bo‘lgan avariya natijasida Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatining elektr tizimida tarmoqdan uzilish holatlari yuzaga keldi.
2012-yil 31-iyul, Hindiston
Elektr ta'minoti tizimidagi ommaviy uzilishlar 8 soat davom etdi. Bu mamlakat shimoli va sharqidagi 19 shtatga ta'sir ko‘rsatdi. Shifoxona va maktablar elektr energiyasiz qoldi.
2012-yil 9-sentyabr, Kuba
Mamlakat shimolida yuzaga kelgan noqulay ob-havo millionlab iste'molchilar elektr quvvatidan bebahra qolishiga sababchi bo‘ldi.
2012-yil 24-sentyabr, Qozog‘iston
Olma-ota shahrida 500 kV kuchlanishli “Olma-ota” podstansiyasining 220 kVli tarmoqlarida avariyaviy o‘chishlar sodir bo‘ldi. Oqibatda butun shahar va Olma-ota viloyati, jumladan, metro va shahar aeroporti kabi yirik ob'ektlar elektr ta'minotisiz qoldi.
2016-yil 15-noyabr, Rossiya Federatsiyasi
yekaterinburg shahrida releli himoya vositalari ta'sirida tarmoqda sodir bo‘lgan uzilish 4 ta 110 kV kuchlanishli podstansiyalari faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Taxminan 117 ming nafar iste'molchilar, 116 ta ijtimoiy soha ob'ektlari va mahalliy sanoat korxonalari elektr ta'minotisiz qoldi.
2018-yil 25-mart, Yakutiya, Rossiya Federatsiyasi
Bahor oyining dastlabki oyidagi sovuq kunlarning birida Yakutsk shahridagi 2-sonli elektr stansiyasi faoliyatining bir qismi favqulodda to‘xtatildi. Natijada Yakutskning bir qismi va Yakutiyaning markaziy hududlarida istiqomat qiluvchi iste'molchilar avariya bartaraf etilgunga qadar elektr energiyasiz kun kechirishga majbur bo‘lishdi.
2018-yil 3-iyul, Ozarbayjon
Yoz faslining dastlabki issiq kunlarida yuqori energiya iste'moli vujudga kelib, mamlakat elektr energiya tizimida yirik avariya yuz berdi. Buning natijasida Ozarbayjonning 39 ta shahri va viloyatlarida elektr ta'minoti uzoq muddatga uzildi.
2019-yil 9-avgust, Buyuk Britaniya
Yuzaga kelgan yirik avariya tufayli London shahri, Janubiy, Janubi-g‘arbiy, Markaziy hamda Shimoli-sharqiy Britaniya, Uels hududlarida elektr energiyasi uzildi. Avariya natijasida Londonda ko‘cha yoritgichlari va svetoforlar o‘chirilgan, temir yo‘l transporti qatnovi to‘xtatilgan.
2021-yil 9-yanvar, Pokiston
Mamlakatning 114 ta shahrida elektr ta'minotida yirik nosozlik sodir bo‘ldi. Ob-havoning sovib ketishi elektr energiyasi iste'moli keskin oshishiga sabab bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati iste'molchilarni qoplab berolmasligi oqibatida tizimda nosozlik paydo bo‘ldi. Bir necha soat ichida barcha elektr isitish qurilmalaridan foydalanishga uringan iste'molchilar uzoq vaqt elektr ta'minotisiz qolishdi.
Bunday misollar ko‘p va ular har doim mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar oqibatlari bilan qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2020-yil 20-noyabr kuni soat 15:48 da «To‘raqo‘rg‘on IES»da umumiy quvvati 610 MVt bilan ishlab turgan (o‘rnatilgan quvvati 900 MVt) ikkita: 1- va 2-sonli bug‘-gaz qurilmalari favqulodda o‘chish sodir bo‘ldi. Bu holat, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo elektr energetika umumtizimining ish faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, Qozog‘iston va Qirg‘iziston tizimlaridan bir qancha iste'molchilar tarmoqdan uzilishiga sabab bo‘ldi. Markaziy Osiyo elektr energetika umumtizimining Rossiya Federatsiyasi energetika tizimidan bir muddat ajralishiga ta'sir ko‘rsatdi.
Markaziy dispetcherlik markazi mutaxassislari tomonidan belgilangan xavfsizlik tezkor choralari qo‘llanilib, qo‘shni mamlakatdagi quvvat oqimlarini oshirish evaziga yuqorida sanab o‘tilgan nosozliklarga o‘xshash yirik avariyaning oldi olindi va bu bilan O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘ining qimmatbaho jihoz va uskunalari keyingi barqaror faoliyati uchun saqlab qolindi.
Batafsil: https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/597
Axborotnomani tayyorlashda internet nashri ma'lumotlaridan foydalanildi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati