Yangiliklar
MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZI: Energotizimda yirik avariyalarning oldini olish uchun qo‘llanilayotgan choralarning ahamiyati
  • 23.11.2021
  • 807

Assalomu alaykum, hurmatli iste’molchilar!

Ommaviy axborot vositalari vakillari!

Ijozatingiz bilan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Milliy dispetcherlik markazi faoliyati yuzasidan kelib tushgan savollarni umumlashtirib, savol-javob shaklida e’tiboringizga taqdim etamiz. Bu orqali elektr ta’minoti umumtizimida yirik avariyalarning oldini olish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritamiz. Aniqrog‘i, “elektr ta’minotiga cheklovlar joriy etilgan” deya izohlanadigan texnik-muhandislik holatlari nima sababdan yuzaga kelishi va bu qanday yirik nosozliklarning oldini olish uchun amaliyotga tatbiq etilishi  yuzasidan ma’lumotlar taqdim etamiz. Demak...

1-SAVOL: Elektr energetika tarmog‘i faoliyatining o‘ziga xos jihatlari bormi? Masalan tabiiy gaz yoki ichimlik suvi ta’minotidan...

JAVOB: Darhaqiqat, elektr energetika tarmog‘ining boshqa soha va tarmoqlardan birmuncha farq qiladigan jihatlari mavjud. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish — bir paytning o‘zida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yagona texnologik jarayon bo‘lib, har lahzada ular o‘rtasida tenglik, ya’ni muvozanat o‘rnatish nihoyatda muhim vazifa hisoblanadi. Elektroenergetika sohasining aynan shu jihati yagona dispetcherlik boshqaruvini amalga oshirishda eng muhim kriteriyalardan biri hisoblanadi.

 Demakki, xulosa qiladigan bo‘lsak, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish o‘rtasida energiya balansi (!) muntazam ravishda ta’minlanishi lozim. Texnik-muhandislik shartlariga ko‘ra, tizimda ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash — elektr ta’minoti umumtizimning turg‘un va ishonchli faoliyatini kafolatlaydi.

2-SAVOL: Elektr ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sabablarini sanab bera olasizmi?

JAVOB: Bu texnik-muhandislik holatiga sabab omillari bir nechta. Asosan 2 ta yirik omil mavjud.

Birinchisi, bu elektr tarmog‘iga turli texnik va iqlim sharoitlari bilan bog‘liq ta’sirlar, asosan kuchli shamol va dovullar ta’sirida yuzaga keladigan qisqa tutashuvlar, dielektr xususiyatiga ega elektr asbob-uskunalariga kuchli yomg‘ir, qor va muzlamalarning salbiy ta’siri, qurilish ishlarida ehtiyotkorsizlik tufayli yo‘l qo‘yiladigan nosozliklar, tarmoq simlariga daraxt shoxlari yoki elektr o‘tkazuvchanlik xossasiga ega boshqa predmedlarning tegishi va yana boshqa bir qancha ehtimoliy, ammo amaliyotda tez-tez kuzatiladigan sabab omillarini sanab o‘tish mumkin.

Bundan tashqari, elektr uskuna va jihozlarining jismonan eskirishi tufayli nosoz holga kelishi, ma’lum bir quvvatda ishlashga moslashgan elektr qurilmaga  ortiqcha yuklamalar tushishi — elektr ta’minotida turli nosozliklarni keltirib chiqaradi.

Va, albatta, bu nosozliklar bartaraf etilayotgan paytda xavfsizlik texnikasi talablariga muvofiq tarmoqqa ulangan iste’molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilib turiladi.

Ikkinchisi, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi mutanosiblikning buzilishi. Aniqroq aytganda, elektr energiyasi iste’moli hajmining — ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmidan yuqori bo‘lganda, o‘rnatilgan tartibda cheklovlar joriy etilishi. Bu amaliyot yirik avariyalarning oldini olishda qo‘llaniladigan yagona chora bo‘lib, ungacha tizim dispetcheri elektr ta’minotida mavjud bo‘lgan barcha zaxira quvvatlarni jalb etgan bo‘ladi. Demak, elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etish — bu oxirgi chora sifatida qo‘llaniladigan jarayon bo‘lib, u asosan iste’mol hajmi keskin oshganda, ishlab chiqarish jarayoni ko‘paytirilgunga qadar joriy etiladigan holat.

Elektr ta’minotida muvozanatni saqlash «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining hududiy dispetcherlari va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Milliy dispetcherlik markazi dispetcherlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu jarayonda «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ham faol ishtirok etishadi. Elektr ta’minotining barqaror faoliyati Energetika vazirligi mutasaddilari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.

3-SAVOL: Nima uchun dispetcher iste’molchilarni tarmoqdan uzishga majbur bo‘ladi? Elektr ta’minoti umumtizimida muvozanatni saqlay olinmasa, nima ro‘y beradi?

JAVOB: Iste’mol va ishlab chiqarish o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi tizimda elektr toki chastotasining pasayishiga olib keladi. Buni bartaraf etish uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, bu holat murakkab texnologik jarayonlar uchun halokatli bo‘lib, odamlar xavfsizligiga tahdid solishi va jiddiy texnogen yoki ekologik ofatlarga olib kelishi mumkin. Aniqroq aytganda, elektr ta’minotida muvozanatning buzilishi jiddiy iqtisodiy zarar va uzoq muddatli o‘chishlarga sabab bo‘ladigan avariya holatlariga olib keladi. Shunga ko‘ra tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko‘rish talab etiladi.

Xulosa qilib aytganda, ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr uskuna va qurilmalar avtomatik tarzda tarmoqdan uzilib, tegishli choralar ko‘rilgandan so‘ng tarmoqqa ulanadi. Aynan shuning uchun, aksariyat holatlarda, elektr ta’minotidagi uzilishlarni oldindan bilish va vaqtini belgilash, bu haqda istemolchilarni ogohlantirishning imkoni mavjud emas.

Takror aytamiz, dispetcherlik markazi tomonidan energotizimda muvozanat saqlash jarayoni o‘z vaqtida ta’minlamasa, tizimdagi «zo‘riqish» turli yirik avariyalarga sabab bo‘lib, katta-katta hududlarda uzoq vaqt elektr energiya bo‘lmasligiga sabab bo‘ladi.

Yirik avariyalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida katta hajmdagi iste’molchilarning to‘liq elektr ta’minotisiz qolishiga, elektr stansiyalari va podstansiyalarin qurilmalarining jiddiy shikastlanishiga, uzoы davom etadigan yirik nosozliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, jiddiy texnogen yoki ekologik falokatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Unutmang, elektr energiyasidan oqilona foydalanish — elektr ta’minoti tizimdagi elektr qurilma va uskunalari ortiqcha yuklama bilan ishlashi oqibatida kelib chiqadigan nosozliklarning oldini olish bo‘yicha eng samarali usul hisoblanadi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>