Yangiliklar
Is gazidan ogoh bo‘ling!
  • 15.11.2021
  • 587

So‘nggi yillarda respublika qishloqlarida yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar va shaharlarda ko‘p kvartirali uylarni qurish dasturlarini amalga oshirish natijasida aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmoqda va shu asosda fuqarolarning farovonlik darajasi yanada oshirib borilmoqda.

“Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlari doirasida respublika tumanlaridagi qishloqlarda aholi xonadonlarini elektr va tabiiy gaz ta'minoti tizimlari yangilanib, suyultirilgan gaz hamda ko‘mir yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta'minlab borish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hududlardagi ko‘p qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylarni kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlashda hamda xonadonlarda isitishda tabiiy va suyultirilgan gaz, qattiq yoqilg‘idan foydalanishda xavfsizlikni ta'minlash qoidalariga rioya etmaslik holatlari uchrab turibdi.

Natijada aholi xonadonlarida yong‘in kelib chiqishi yoki is gazidan zaharlanish holatlari ro‘y berib, insonlarning hayoti va salomatligiga jiddiy zarar yetkazilmoqda. Ko‘pincha o‘lim bilan tugaydigan hamda moddiy zarar bilan yakunlanadigan baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda.

Is gazidan zaharlanish va havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ularning aksariyat qismi tabiiy gaz va muqobil yoqilg‘i turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda texnik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganliklari, tabiiy gaz tarmog‘iga noto‘g‘ri ulanish, isitish maqsadida mavjud gaz plitalarini yoqib qo‘yish va xonadonlar ichida ochiq olovdan foydalanish hamda dudburonlarning nosozligi natijasida kelib chiqmoqda.

Biz foydalanadigan gaz – bu asosan metan gazi hisoblanadi. 1 kub.m metan gaz yonishi uchun 9,5 kub.m havo kerak bo‘ladi. Gaz asbobi surunkali ishlatilganda, gaz uskunasi o‘rnatilgan xonaning eshik va derazalari zich yopilishi natijasida yonish uchun zarur bo‘ladigan kislorod miqdori kamayib ketadi. Oqibatda gaz to‘liq yonmaydi va is gazi kelib chiqadi.

Is gazi – xonadonlarimizda foydalaniladigan tabiiy gaz va ko‘mirning to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladigan gaz. U inson organizmining nafas yo‘llari va a'zolariga kuchli ta'sir qilgan holda o‘lim bilan tugashi mumkin.

Is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;

Isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;

Nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

Gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

Xavo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;

Xavoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sabablarga ko‘ra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilg‘i (gaz, ko‘mir, o‘tin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi xosil bo‘ladi.

Yuqoridagi sabablardan kelib chiqib, aholi honadonlarda texnika xavfsizligi qoidalariga qat'iy rioya etgan holda tabiiy gazdan foydalanishlari so‘raladi.

“O‘zneftgazinspeksiya” Toshkent hududiy boshqarmasi

O‘zneftgazinspeksiya axborot xizmati

http://uzngi.uz/uz/press/inspection/2021/11/2019/

https://t.me/uzngiuz/735

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>