Barchamizga ma'lumki, 2-noyabr kuni Davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash choralari ko‘rib chiqilgan edi. Unga ko‘ra yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan. Shu bilan birga, 2021-yil 2-noyabrdan boshlab 10- dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha "dolzarb 40 kunlik" e'lon qilingan edi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizdagi barcha korxona va tashkilotlar tomonidan jadal sur'atlarda olib borilmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ushbu masala Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari X.B.Elmurodov ishtirokidagi videoselektor orqali muhokama qilinib, Aksiyadorlik jamiyatining har bir a'zosi o‘rtacha 6 tupdan daraxt ko‘chatlari ekishi belgilangan edi.
Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi energetiklar dastlab Toshkent shahridagi ma'muriy binolar hovlisiga ignabargli ko‘chatlar o‘tqazish bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasini boshlab berishgan edi. Keyin ushbu tadbir “Andijon magistral elektr tarmoqlari” filiali tomonidan o‘tkazildi.
Joriy yil 11–12-noyabr kunlari Yashil makon” loyihasiga “Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali ishchi-xodimlari o‘zining munosib hissasini qo‘shishdi. Dastlab ma'muriy bino, so‘ngra 220 kV kuchlanishli “Qarshi”, yaqinda qurib topshirilgan 220 kV li “Amir Temur” podstansiyalarida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, “Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali tasarrufida 17 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar bo‘lib, unda 500 nafarga yaqin ishchi-xodimlar xizmat qiladi. Ular 3106 tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazishi rejalashtirilgan, 2 kunlik tadbirda 800 tup daraxtlar ekildi. Filial kasaba uyushmasi raisi Nosirjon Yodgorovning qayd etishicha, qashqadaryolik energetiklar ota-bobomizdan qolgan “yaxshidan bog‘ qolur” naqliga amal qilib, o‘z tashabbusiga ko‘ra bir nechta manzarali va mevali daraxtlar xarid qilib, o‘zi ishlaydigan korxonaning xo‘jalik maydonlariga ekib, yosh avlod vakillariga namuna bo‘lmoqda.
– Elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj keskin oshib, generatsiya jarayonining katta qismi an'anaviy turda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelib turgan bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasining ilgari surilishi ayni muddao bo‘ldi, – deydi “Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Sherzod Xoliyorov.
– “Yashil makon” loyihasi mamlakatimizda olib borilayotgan “yashil energetika” loyihalarining mantiqiy davomi, deb hisoblashimiz mumkin, – deya fikr bildirdi Filial bosh muhandisi Davron Mahamov, – bu sa'y-harakatlarning zamirida tabiatni asrash, ekologiyamizga yetkazilayotgan zarrarni imkonqadar kamaytirish, shu bilan birga, hamyurtlarimiz sog‘lig‘ini asrash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu kabi loyihalarda ishtirok etish biz —energetiklar uchun ham sharaf, ham burch hisoblanadi.
✍️ “Qashqadaryo MET” filiali Kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkiloti
Eslatib o‘tamiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasining boshqa hududlardagi tadbirlari Aksiyadorlik jamiyatining uzbekistonmet.uz veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali yoritib boriladi.
✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati