OAV va jamoatchilik bilan ishlash
O‘zbekiston qaysi davlatlardan elektr import qilishi ochiqlandi
  • 31.08.2021
  • 1068

  AOKAda 30-avgust, dushanba kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston qaysi davlatlardan elektr import qilishi ma'lum qilindi. Bu haqda «Bugun.uz» muxbiri xabar berdi.

Фото: «Bugun.uz»

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulovning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya bilan tarmoq orqali ulangan. Shuningdek, ular bilan parallel ravishda ishlanadi.

  «Bizning energiya sistemadagi chastotalarimizni MDH davlatlari elektr energiya tizimi bir-birini rostlab turadi. Elektr stansiyalarda biror blok o‘chib qolsa, bizda chastotani ushlab qolish qiyin. Ularda ham, bizda ham stansiya avtomatik nazorat qilinadi. Blok o‘chib qolsa,  energiya tizimi bir-biriga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ular bilan parallel ishlaymiz», — dedi Dadajon Isaqulov.

  Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Turkmaniston va Tojikistondan elektr import qiladi. Bundan tashqari, qish oylarida shu elektrdan Afg‘onistonga eksport qiladi.

  «Hozirda biz Turkmanistondan elektr olamiz. Ular bilan oldin parallel ravishda ishlaganmiz. Xususan, o‘sha 512 liniya saqlanib qolgan. Liniya Turkmanistondan bizning 'Qorako‘l' podstansiyasiga keladi va u yerdan uzatiladi. Tojikiston bilan esa ilgarigi 507 liniya bor edi. Uni hozirda qayta tiklayapmiz. 2021-yilning noyabr oyidan ishga tushishi mo‘ljallanyapti.

  Hozir bizga Tojikistondan elektr import qilish chegaralangan. Biz faqat Surxondaryo uchun elektr olamiz. Chunki Qashqadaryodan Surxondaryo energiya tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatishning imkoni yo‘q. Shuning uchun bugungi kunda 'Surxon' podstansiyasiga Tojikiston elektr uzatadi. Biz undan kamroq qismini Afg‘onistonga eksport qilamiz», — dedi u.

  Mutaxassisning ta'kidlashicha, Tojikistondan elektr olib, Afg‘onistonga eksport qilish O‘zbekiston uchun foydali hisoblanadi.

  Avvalroq O‘zbekistonda 17 ta elektr podstansiyasining quvvati 1568 megavattga oshirilishi va Energetika vazirligining O‘zbekiston tarixidagi 10 ta eng yirik loyihasi haqida ma'lumot berilgandi.

 

https://bugun.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun   t.me/uzmetaxborotxizmati

>